O‘zbekiston | 14:26 / 30.06.2025
776
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya universiteti O‘zbekistondagi kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun grant ajratadi

Mamlakat elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Musulmonlar idorasi huzuridagi "Vaqf" xayriya jamoat fondi va Malayziyaning Al-Buxoriy xalqaro universiteti rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.

O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari ham ishtirok etgan tadbirda oliy ta’lim olish uchun imkoniyatlari mavjud bo‘lmagan o‘zbek yoshlari va kam ta’minlangan oilalarning o‘qishga ishtiyoqmand farzandlarini Al-Buxoriy xalqaro universitetiga tanlov asosida qabul qilish va ularga to‘liq grant asosida ta’lim berish masalasi muhokama qilindi.

"Vaqf" xayriya jamoat fondi va Al-Buxoriy xalqaro universiteti o‘rtasida bo‘lajak talabalarni tanlab olish, o‘qishini tashkil etish va O‘zbekiston uchun malakali mutaxassislar yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolashga kelishib olindi.

Foto: "Dunyo" AA

Unga ko‘ra, birlamchi hujjatlar tekshiruvidan o‘tgan yoshlar uchun Al-Buxoriy xalqaro universiteti qabul komissiyasi tomonidan suhbat tashkil etiladi va muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar grant asosida talaba bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.

Al-Buxoriy xalqaro universiteti 2010 yilda tashkil etilgan. Universitet Al-Buxoriy jamg‘armasi tomonidan xayriya asosida moliyalashtiriladigan xususiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Mazkur oliy bilim yurti Malayziyaning Kedax shtati Alor Setar shahrida joylashgan.

Hozir universitetda dunyoning 60 dan ortiq mamlakatidan kelgan 1472 nafar kam ta’minlangan talabalar uchun biznes boshqaruvi, xalqaro aloqalar, iqtisodiyot, islom moliyasi va pedagogika kabi 12 ta bakalavr, 3 ta magistrlik va 2 ta falsafa doktorligi yo‘nalishlarida bepul ta’lim berilmoqda.

Mavzuga oid