Farg‘onada portlagan propan shoxobchasi rahbari sudda qanday ko‘rsatma bergan?
Dekabr oyida Farg‘ona shahridagi noqonuniy propan shoxobchasi portlab, 4 kishini hayotdan olib ketgan edi. Kun.uz tanishgan sud hukmida keltirilishicha, hodisada shoxobchaning o‘zidan tashqari, 19 ta avtomobil va 4 ta ko‘p qavatli uyga ham zarar yetgan, zararning umumiy qiymati 4,8 mlrd so‘mga baholangan. O‘zini shoxobcha rahbari deb taqdim etgan Mansur Matkarimov sudda voqea qanday ro‘y berganini so‘zlab bergan.

Foto: Kun.uz
2024 yil 17 dekabr kuni Farg‘ona shahridagi propan shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash 4 kishining o‘limi va 9 kishining jarohat olishidan tashqari, 4,8 mlrd so‘mlik moddiy zararga ham sabab bo‘lgan. Bu – Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirib o‘tilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, hodisa vaqtida o‘sha yerda bo‘lgan 19 ta avtomobil, 4 ko‘p qavatli uy binosi hamda AYoQSh bino-inshootlariga jami 4 mlrd 786 mln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Zarar yetgan mashinalarning 2 tasi Nexia, 3 tasi Tracker, 3 tasi Lacetti, 5 tasi Cobalt va bittadan Equinox, BYD, BMW X3, Li 9, Kia K8, Man bo‘lgan.
“Farg‘ona Layli Naxor” xususiy korxonasi rabari Mansur Matkarimov sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan.
“2024 yil yanvar oyida Azizxon aka bilan (“Farg‘ona Layli Naxor” xususiy korxonasi ta’sischisi Azizxo‘ja Mavlonov – tahririyat) o‘zaro og‘zaki kelishgan holda undan mazkur xususiy korxonani ijaraga olib, AYoQShda bir o‘zim ish yuritishni boshladim. Kelishuv bo‘yicha Azizxon akaga 2024 yil yakunida qancha benzin yoqilg‘isi sotganim haqida hisobot topshirib, ko‘rilgan foydaning teng yarmini unga berishim kerak edi. Shu sababli Azizxon akaga har oyda ijara puli to‘lamaganman.
2024 yil avgust oyida AYoQShda benzin bilan birga propan sotishni rejalashtirdim. Buning uchun xususiy korxona hududidan joy tayyorladim. AYoQShda ta’mirlash ishlarini amalga oshirib, yangi uskunalar bilan jihozladim, propan gaz uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar va 3 ta qozon (sisterna) olib keldim.
AYoQShda propan gaz qo‘yish uchun joy tayyorlaganimdan xususiy korxona egasi Azizxon akaning xabari bo‘lmagan. Unga bu haqda aytmaganman.
Shundan so‘ng propan gaz o‘rnatish uchun qozonlar va boshqa zarur ehtiyot qismlarni o‘rnatish ishlarini boshladim. Buning uchun mazkur soha bo‘yicha mutaxassis hisoblangan Bahodir Tojimatov ishchilari bilan birgalikda AYoQShga kelib ketib, 3 oy ishladi. 2024 yil noyabr oyi oxirlarida ular barcha ishlarni yakunlab, propan gaz quyish shoxobchasini menga topshirdi.
Shoxobchani “O‘zgazstandart” va boshqa tegishli davlat tashkilotlaridan tekshiruvdan o‘tkazmadim. Biroq ushbu tekshiruvdan o‘tish uchun DXM orqali ariza berdim. Avtomobillarga gaz to‘ldirish uskunalariga va sig‘imlarga kim, qachon va qanday hujjatlar tayyorlab berganini eslay olmayman.
2024 yil 24 noyabr kuni AYoQShga propan gaz olib kelib, sotishni boshladim. 2024 yil 15 yoki 16 dekabr kuni Telegram orqali propan tashuvchi haydovchilarning nomerini ko‘rib, telefon qildim va Rossiyaning propan gazini sotib olishimni aytdim. Haydovchi Ohangaronda borligini, faqat shartnomaga berilishini aytdi. Undan korxonaning ma’lumotlarini so‘radim hamda shartnoma tuzish uchun hisobchim orqali korxonaning hisob va INN raqamlarini tashlab berdim. 10 tonna gazga buyurtma berdim”, degan Mansur Matkarimov o‘z ko‘rsatmasida.
Buyurtma qilingan gaz shoxobchaga yetib kelgach, konteynerlarga quyilgan.
“Kompressorni o‘chirdim va o‘zim kassa tomonga ketayotganimda birdan portlash sodir bo‘ldi. Shu vaqt darhol o‘sha hududda bo‘lgan fuqarolarni baland ovozda imkoniyatim boricha xavfsiz hududga olib chiqib ketdim. Bu vaqtda odamlar xavfsiz joydan xavfli hududga qarab kela boshlashdi. Odamlarga qarab yugurib, ularni xavfli hudud tomonga yaqinlashtirmaslikka harakat qildim. Shu sababli orqamga qaray olmadim va yong‘in qanday chiqqanini ko‘rmadim. Bir fuqaro yo‘lning narigi tomonida yonayotganini ko‘rib, uni qutqarish maqsadida “zapravka” hududiga borib, “ognotushitel”ni olib kelib o‘chirdim. Keyin baqirib tez yordam chaqirishlarini iltimos qila boshladim. Keyingi voqealarni shok holatida bo‘lganim uchun eslay olmayman”, deya ta’kidlagan AGs rahbari.
Mansur Matkarimov ushbu holat kelib chiqishini umuman xohlamaganini, yetkazilgan zararlarni imkon qadar qoplaganini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
JIB Farg‘ona tuman sudining 2025 yil 24 iyundagi hukmi bilan Mansur Matkarimovga 3 yil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Unga soxta hujjatlar tayyorlab berishda ayblangan O‘tkir Madaminov va Davron Xolmatov ham ozodlikdan mahrum qilish, qurilish ishlarini bajargan Bahodir Tojimatov esa ozodlikni cheklash jazosiga tortilgan.
Eslatib o‘tamiz, portlashdan keyin Kun.uz bilan suhbatlashgan mahalliy aholi vakillari mazkur AYoQSh va AGQSh qurilishiga odamlar norozilik bildirishgani, lekin mas’ullar quloq solmaganini ta’kidlagandi.
Tavsiya etamiz
Tramp bilan urushib qolgan Mask yangi partiya tuzmoqda
Jahon | 15:19 / 06.07.2025
Olti muloqot, natija nol. Ukraina yolg‘iz qoladimi?
Jahon | 13:10 / 06.07.2025
AQShda xatolik tufayli 400 yilga qamalgan erkakka 1,7 mln dollar kompensatsiya to‘landi
Jahon | 23:34 / 04.07.2025
«Ba’zilar uchun genotsid daromadli» - BMT eksperti butun dunyoni Isroil bilan savdoni to‘xtatishga chaqirdi
Jahon | 18:56 / 04.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Stradivarining Ikkinchi jahon urushi vaqtida o‘g‘irlangan skripkasi Tokiodan topildi
Jahon | 01:59
-
Toshkentda 19 yoshli qiz harakatdagi Nexiaʼdan sakrab tushib qoldi
Jamiyat | 23:41 / 07.07.2025
-
Tramp 1 avgustdan Janubiy Koreya va Yaponiya tovarlariga 25 foizli bojlar joriy etilishini e’lon qildi
Jahon | 23:21 / 07.07.2025
-
Toshkentda bog‘da odamlardan pul yig‘ib kelgan yigitlar ushlandi, O‘zbekiston BRIKSning hamkor davlatiga aylandi - mahalliy dayjest
O‘zbekiston | 23:14 / 07.07.2025
Mavzuga oid

09:20 / 06.07.2025
Farg‘onadagi “ot o‘yinlar”, o‘g‘irlangan bankir va poraxo‘r sudya - hafta dayjesti

18:29 / 04.07.2025
Rimda zapravkada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Kamida 20 kishi jarohat oldi

12:20 / 03.07.2025
Jitomir yaqinidagi portlashlar: ikki korxona yakson etilgan

21:28 / 02.07.2025