Jahon | 18:07 / 29.06.2025
1440
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada o‘rmon yong‘inlari sabab o‘nlab aholi punktlari evakuatsiya qilindi

Yong‘inlarning kelib chiqish sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov boshlangan. Holatga aloqadorlikda gumonlanib 17 kishi qo‘lga olingan.

Foto: ntv.com.tr

Turkiya shimoli-g‘arbida bir necha kundan beri keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Hozirga qadar yuzlab odam evakuatsiya qilindi, deb xabar beradi Kazinform.

Mamlakat qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumaklining so‘zlariga ko‘ra, 153 ta yong‘in o‘chog‘i qayd etilgan, ularning 83 tasi kecha aniqlangan. Ayni vaqtda 8 ta faol yong‘in o‘chog‘ini o‘chirish ishlari davom etmoqda, ularning to‘rttasi qisman o‘chirilgan.

Sakarya va Bilejik mintaqalardagi 16 ta aholi punkti evakuatsiya qilingan. Yumaklining aytishicha, evakuatsiya choralari fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, o‘t o‘chirish xizmatlari ishini yengillashtirish maqsadida amalga oshirilgan.

Vazir bunday keng ko‘lamli yong‘inlarning kelib chiqish sababini aniqlash bo‘yicha tergov boshlanganini ma’lum qildi. Dastlabki tergov harakatlari davomida 17 kishi qo‘lga olingan.

Hodisa joyidan olingan kadrlar yetkazilgan zarar ko‘lami kengligini ko‘rsatmoqda: o‘rmon va uylar yonib ketgan, tutun esa osmonni qoplagan. Yuzlab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Fuqarolik mudofaasi xizmati, o‘t o‘chiruvchilar va ko‘ngillilar noqulay ob-havo sharoiti va kuchli shamolga qaramay, yong‘inga qarshi kurashni davom ettirmoqda. Hukumat fuqarolarni xotirjamlikni saqlashga, xavfsizlik choralarini ko‘rish va rasmiy xabarlarni kuzatishga chaqirmoqda.

Mavzuga oid