Iqtisodiyot | 19:40 / 28.06.2025
6016
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan 2 ming tonna «halol» ot va qo‘y go‘shti sotib oladi

Shuningdek, 100 ming bosh tirik qo‘y va echki import qiladi.

Foto: 123RF

Mo‘g‘uliston oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri Enxbayar Jadamba O‘zbekistonning Mo‘g‘ulistondagi elchisi Farhod Arziyev, shuningdek, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov va boshqa vakillar bilan uchrashdi. Bu haqda Middle Asian News xabar berdi.

Tomonlar Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston o‘rtasida o‘rnatilgan keng qamrovli sheriklik doirasidagi qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, veterinariya va o‘simliklar karantini kabi sohalardagi hamkorlikni muhokama qildi.

Vazir Enkbayar Jadamba Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston o‘rtasidagi qisqa muddatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlab, savdo-iqtisodiy aloqalarni faol ikki tomonlama aloqalar asosi sifatida ta’kidladi. Vazir Mo‘g‘uliston qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat tarmoqlari ikki tomon manfaatlarini himoya qiluvchi o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini, tovar ayirboshlash hajmini 100 million AQSh dollariga yetkazishini bildirdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh tirik qo‘y va echki sotib olish rejalarini tasdiqladi. Mo‘g‘uliston esa eksport boji bo‘yicha imtiyozlar berish imkoniyatini ko‘rib chiqish niyatini bildirdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan 2000 tonna «halol» ot va qo‘y go‘shtining birinchi partiyasini sotib olishga kelishib oldi.

Qayd qilinishicha, O‘zbekiston transport-logistika masalalarini hal etib, 2024 yilgacha Mo‘g‘ulistondan 7 ming bosh tirik qo‘y olgan.

Hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan charm, jun va kashemir import qilishdan manfaatdor ekanini bildirgan, shuningdek, meva-sabzavot va yengil sanoat sohasida tajriba almashishga kelishib olgan.

Mavzuga oid