Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentliklar uchun qadrdon kanallarning qiyofasi o‘zgaradi. Cho‘milish joylari ko‘zda tutilganmi?
Poytaxtning bosh suv havzasi – Bo‘zsuv kanali qirg‘oqlarini betonlashtirish ishlarining 30 foizi yakuniga yetdi. Qolgani bo‘yicha loyiha ishlab chiqilyapti. Bu ishlarga mas’ul hokimlik rasmiysi Kun.uz bilan suhbatda loyihalarni jamoatchilikka ochiqlashga, ularni amalga oshirishda “birorta daraxtning hatto shoxi ham kesilmasligi”ga va’da berdi. U aholiga yozda cho‘milish joylari kerakligi haqidagi savolga ham javob berdi.
Toshkent shahar hokimligi 26 iyun kuni press-tur tashkil qilib, jurnalistlarni Bo‘zsuv va Bo‘rijar kanallarida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishtirdi.
Ma’lum qilinishicha, poytaxtning qoq markazidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanali qirg‘oqlarini betonlashtirish ishlari davom etyapti. Hozirga qadar kanalning 30 foizi betonlashtirilgan. Qolgan qismi loyihalashtirilmoqda.
Toshkent shahar kanallardan foydalanish va unga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muhiddin Xo‘jabekov loyihalashda “birorta daraxtning hatto shoxi ham kesilmasligi”ni aytdi.
Uning bu bayonoti – Bo‘zsuvning davomi bo‘lmish Bo‘rijar kanali qirg‘oqlarini betonlashtirish paytida o‘tgan yildan beri minglab daraxtlar kesib tashlangani, betonlashtirishda xavfsizlik nuqtalari ko‘zda tutilmagani sabab bolalarni qutqarishga uringan erkakning cho‘kib ketgani ortidan yangramoqda.
Bunday fojialar takrorlanmasligi uchun, Kun.uz muxbiri Xo‘jabekovdan oqib ketayotgan odam suvdan chiqib olishiga imkon beruvchi xavfsizlik imkoniyatlari nega qoldirilmayotgani haqida so‘radi.
“Betonlashtirishda odamni tutib qolish va shunga o‘xshash inshootlar nima uchun qurilmaydi, dedingiz. Siz nazarda tutayotgan gorizontal va vertikal uskunalar odamlarni tutib qolish uchun emas, ular – gidrotexnik inshoot hisoblanadi. Suvlarni o‘lchash uchun bajariladigan inshoot. Biz ko‘p davlatda bo‘ldik, odam cho‘kib ketganda u ushlab qolishi uchun qilinadigan inshootlarga ko‘zim tushmadi. Siz aytgan choralar – suvni o‘lchash maqsadida qilinadi”, – dedi hokimlik rasmiysi.

Kun.uz muxbiri poytaxtda bepul cho‘milish joylari deyarli qolmagani, kanallar yoqasini beton emas, toshli qilsa, odamlar yozda cho‘milishi mumkinligini aytib, mutasaddidan bu borada munosabat so‘radi. U bu masala hozir ishlab chiqilayotgan loyiha taklifiga bog‘liqligini aytdi.
“Bizda hozir loyiha taklifi ketyapti. Hozir 4-5 ta joyni cho‘milish havzalari uchun ajratib, o‘rganib ketyapmiz, loyihaga berganmiz. Qani, qayerdan odamlar uchun cho‘milish uchun qulaylik qilsak bo‘ladi? Buni o‘ziga yarasha qoidalari bor”, – deydi Muhiddin Xo‘jabekov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, cho‘milish havzalari Anhor va Kalkovuz kanallarining ayrim qismlarida tajriba tariqasida loyihalashtirilyapti.
Hokimlik vakili shahar ichidan oqib o‘tuvchi kanallarda odamlarning cho‘milishi haqida gapirarkan, xavfsizlik bilan birga, sanitariya masalasi ham borligiga urg‘u berdi.
“Bo‘zsuv suvini Toshkent viloyati aholisi iste’mol qiladi. Masalaning shu tomonini ham hisobga olish kerak. Hozir hamma aytyapti: nima uchun cho‘miladigan joy qilinmaydi. Biz Bo‘zsuv kanali suvining iste’molga yaroqliligini yo‘qotmasligimiz kerak. Bu yevro standartga ham javob beradigan suv hisoblanadi”, – deydi mas’ul.
Muhiddin Xo‘jabekovning aytishicha, Bo‘zsuv kanalining Toshkent shahri hududidagi uzunligi 27,5 km ni tashkil etadi. Shundan 30 foiz qismi betonlashtirilgan, qolganida loyihalash ishlari ketyapti. Kanalning har bir kilometriga simlar tortilgan va har ikki kilometriga maxsus zinapoyalar o‘rnatilgan. Ishlab chiqilayotgan loyihalar tayyor bo‘lgach, jamoatchilikka ochiqlanadi, birontayam daraxt kesilmaydi, deydi u.
Kun.uz muxbirining navbatdagi savoli Bo‘rijar kanali yoqalarida kesilgan minglab daraxtlarning o‘rni qanday qoplanishi haqida bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hududda 9 mingta mevali va manzarali daraxtlar ekilishi kerak. Daraxtlarni ekish 2026 yil boshiga mo‘ljal qilingan.
Muhiddin Xo‘jabekovning so‘zlariga ko‘ra, yaqin yillar ichida Toshkent shahridan oqib o‘tuvchi kanallarni betonlashtirish bo‘yicha 100 kilometrlik dastur qilib olingan.
“Men o‘zimning balansimda saqlovchi kanallar bo‘yicha aytadigan bo‘lsam, hozir Bo‘rijar kanalida ishlar davom ettirilmoqda. Undan keyin Kalkovuz, Damashi va Kichik Ko‘kcha kanallarida betonlashtirish ishlari, daraxtlarni saqlab, xavfsizligi ta’minlangan holda amalga oshiriladi.
Bitta narsani to‘g‘ri tushunish kerak. Bu suv ma’lum miqdorda toshli, loyli cho‘kindi olib keladi. Toshkent shahri bo‘yicha agar kanallar boshqarmasi o‘zining faoliyatini saqlab turib, ishlamaydigan bo‘lsa, uzog‘i 2 yilda suvlar yurishi umuman imkonsiz bo‘ladi, toshqin ko‘payadi. Bizning boshqarmamiz shahar hududidagi kanallardan kuniga 180-200 tonnagacha loyli cho‘kindilarni olib chiqib ketadi”, – deydi Muhiddin Xo‘jabekov.
Kun.uz muxbiri kanallar boshqarmasi vakilidan Bo‘rijar bo‘yida joylashgan yer uchastkalari egalariga qay tartibda va qanchadan kompensatsiya to‘langani haqida so‘radi. Lekin hokimlik vakili bu savolni javobsiz qoldirdi.
Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz
Tavsiya etamiz
Roman Starovoyt – urushning kursidagi qurboni
Jahon | 22:00 / 08.07.2025
Qozog‘istonda kuydirgi tarqaldi, ikki qishloq karantinga olindi
Jahon | 17:57 / 08.07.2025
11 iyuldan IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish bekor qilinadi
O‘zbekiston | 15:45 / 08.07.2025
O‘zbekistonning 5 ta viloyatida sel xavfi e’lon qilindi
O‘zbekiston | 13:18 / 08.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Litva va Finlandiya piyodalarga qarshi minalar ishlab chiqaradi
Jahon | 20:09
-
O‘zbekiston elchisi Turkiya prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekiston | 19:21
-
Hindistonda Jaguar qiruvchi samolyoti halokatga uchradi
Jahon | 19:02
-
Erdo‘g‘an muxolifatning muddatidan oldin prezidentlik saylovi o‘tkazish talabini rad etdi
Jahon | 18:55
Mavzuga oid

09:05
Iroqda saqlanayotgan noyob asar Toshkentda namoyish etilishi mumkin

19:36 / 08.07.2025
Toshkentda Tico yo‘lni kesib o‘tayotgan 3 yoshli bolani urib yubordi

23:41 / 07.07.2025
Toshkentda 19 yoshli qiz harakatdagi Nexiaʼdan sakrab tushib qoldi

19:00 / 07.07.2025