Jahon | 20:09 / 09.07.2025
942
3 daqiqa o‘qiladi

Litva va Finlandiya piyodalarga qarshi minalar ishlab chiqaradi

Har ikki davlat ham bu turdagi minalarni Ukrainaga yetkazib berishga tayyor.

Foto: NATO

Piyodalarga qarshi minalardan foydalanishni taqiqlovchi Ottava konvensiyasidan chiqqanini e’lon qilgan Finlandiya va Litva 2026 yildan boshlab oshib borayotgan Rossiya tahdidi fonida shu turdagi qurollarni ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu haqda Helsinki va Vilnyusdagi amaldorlarga tayanib Reuters xabar berdi.

«Biz tanklar va piyodalarga qarshi minalarga yuzlab million yevro sarflash niyatidamiz. Bu sezilarli darajadagi summa», - deydi Litva mudofaa vaziri o‘rinbosari Karolis Aleksa. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat kamida 10 mingta piyodalarga qarshi mina buyurtma qiladi va Litva sanoati ularni ishlab chiqarishni ta’minlay oladi. Litva o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygach, ushbu mahsulotni boshqa davlatlarga, jumladan, Ukrainaga yetkazib berishi mumkin.

Finlandiyaning Rossiya bilan chegarasi 1340 kilometrga teng — bu NATOga a’zo har qanday davlatnikidan uzunroq. «Finlandiyaga yetkazib berishlar xavfsizligini ta’minlash uchun piyodalarga qarshi minalarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lish kerak. Bu yuqori samarador va juda tejamkor qurollanish tizimi», - deydi Finlandiya parlamentining mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Hekki Autto. U Finlandiya ham Ukrainaga piyodalarga qarshi minalar yetkazib berishi mumkinligini ta’kidlagan.

Auttoning aytishicha, Ottava bitimiga qo‘shilgunga qadar Finlandiya ixtiyorida 1 milliondan ortiq piyodalarga qarshi minalar bo‘lgan. «Ular bizda saqlanayotganida — bu ularni hech qachon ishlatishga to‘g‘ri kelmasligining eng ishonchli kafolatidir», - deydi parlament vakili.

Har ikki davlat rasmiylariga ko‘ra, Ottava konvensiyasidan chiqish bo‘yicha olti oylik jarayon yakunlangach, piyodalarga qarshi minalar ishlab chiqarilishi qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

NATO va Yevroittifoqning yana uch davlati — Polsha, Latviya va Estoniya ham Moskvaning tajovuzkor harakatlari fonida bitimdan chiqayotgan bo‘lsa-da, mina ishlab chiqarishni boshlash rejalari haqida e’lon qilmagan. Biroq ularning rasmiylari zarurat tug‘ilganda bu jarayonni tezda ommaviy ishlab chiqarish darajasiga olib chiqishlari mumkinligini bildirgan.

Mavzuga oid