O‘zbekiston | 19:03 / 26.06.2025
2537
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways ikkita yangi Airbus A321neo samolyotlarini olib keladi

Ushbu laynerlarning o‘ziga xos xususiyati salonning yangicha tuzilishi bo‘ladi. Havo kemalari Airbus kompaniyasining eng so‘nggi Airspace Premium kabina saloni bilan jihozlanadi.

Foto: Uzbekistan Airways

Uzbekistan Airways AJ 2026 yilda O‘zbekistonning milliy aviatashuvchisi CALC (China Aircraft Leasing Group Holdings Limited) lizing kompaniyasi-hamkoridan ikkita yangi tor fyuzelyajli Airbus A321neo havo kemasini qabul qiladi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi havo kemalari allaqachon muvaffaqiyatli foydalanilayotgan Airbus A321neo rusumidagi havo kemalari parkining bir qismiga aylanadi. Bu esa aviakompaniyaning yo‘lovchi tashishda samarali, tejamkor va qulay yechimlar yo‘nalishini davom ettirishini tasdiqlaydi.

Olib kelinadigan laynerlarning o‘ziga xos xususiyati salonning yangicha tuzilishi bo‘ladi: uzoq masofali parvozlar uchun maksimal qulaylikni ta’minlaydigan Full Flat konfiguratsiyaga ega 16 ta biznes-klass o‘rindig‘i va 156 ta ekonom-klass o‘rindig‘i.

Ta’kidlanishicha, havo kemalari Airbus kompaniyasining eng so‘nggi Airspace Premium kabina saloni bilan jihozlanadi, bu esa yaxshilangan shovqindan izolyatsiya, keng bagaj bo‘limi, o‘rindiqlar ustidagi joyning kengaytirilishini va zamonaviy LED yoritishni ta’minlaydi. Bundan tashqari, bortda internet aloqasi mavjud bo‘ladi, bu esa yo‘lovchilarga sayohat davomida aloqada qolish imkonini beradi. Shuningdek, individual ekranlardan foydalanish mumkin bo‘lgan zamonaviy ko‘ngilochar tizim, jumladan, filmlar, musiqa, o‘yinlar va parvoz xaritasi ham mavjud bo‘ladi.

«Airbus A321neo modeli o‘z klassidagi eng zamonaviy samolyotlardan biri hisoblanadi: yuqori yoqilg‘i samaradorligi, uzoq parvoz masofasi va shovqin darajasining pastligi bu samolyotlarni o‘rta va uzoq masofali yo‘nalishlar uchun maqbul qiladi», - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid