Jahon | 14:00 / 26.06.2025
3550
11 daqiqa o‘qiladi

Kiyevga “Patriot” bermoqchi bo‘lgan Tramp, NATOning tarixiy kelishuvi va Eron yadro dasturi atrofidagi bahslar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

NATOchilar nimaga kelishdi?

O‘tgan kun jahon siyosatining diqqat markazidan turgan hodisa — NATO yetakchilarining yillik sammiti bo‘ldi. Unda NATO davlatlari AQSh prezidenti Donald Trampning bir necha oylik bosimidan so‘ng, 2035 yilga borib mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha oshirishga kelishib oldi.

AQSh prezidenti Haagadagi sammitdagi bu qarorni «Yevropa va G‘arbiy sivilizatsiya uchun katta yutuq» deb atadi. Qo‘shma bayonotda a’zolar «chuqur» xavfsizlik tahdidlariga qarshi birlashganliklarini ta’kidlagan, xususan, «Rossiyaning uzoq muddatli tahdidi» va terrorizm alohida ko‘rsatib o‘tildi. Bu yilgi bayonotda, o‘tgan yildagidan farqli ravishda, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi qoralab o‘tilmagan. NATOning 2026 yilgi sammiti Turkiya bo‘lishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, NATO yetakchilari «bir a’zoga hujum – barchaga hujum» tamoyiliga bo‘lgan mustahkam sadoqatini tasdiqladi. Avvalroq, Donald Tramp ayni shu tamoyil aks etgan NATO shartnomasining 5-moddasi haqida «uni turlicha talqin qilish mumkin», deya gapirib, a’zolarda shubha uyg‘otgandi. Biroq u sammitdan so‘ng «Men beshinchi moddani qo‘llab-quvvatlayman. Shu sababli bu yerda turibman», — dedi.

NATO shartnomasining «yuragi» bo‘lgan 5-moddasi mazmuni shunday: «agar NATOga a’zo biror davlatga kimdir hujum qilsa, bu barcha NATO a’zolariga hujum qilingan hisoblanadi va qolgan a’zolar zaruratga ko‘ra — siyosiy, iqtisodiy yoki harbiy yo‘l bilan — javob berishlari shart».

Amalda bu modda faqat bir marta, 2001 yil 11 sentabrda AQShga uyushtirilgan terroristik hujumdan so‘ng ishga tushirilgan. Shundan so‘ng NATO ilk bor kollektiv mudofaa choralarini qo‘llagan edi.

Haagadagi sammitni bir nechta yetakchilar «tarixiy» deb atayotganining asosiy sababi, baribir mudofaa xarajatlarini oshirish masalasi bo‘lib turibdi. Ayniqsa ijtimoiy xarajatlari katta bo‘lgan Yevropa davlatlari uchun YaIMning 5 foizi juda katta mablag‘ hisoblanadi.

Tramp esa yevropaliklar ham mudofaa uchun ko‘proq pul sarflashini adolatli bo‘ladi, deb hisoblamoqda. Sammit oldidan Ispaniya, Belgiya va Slovakiya bu xarajatlarga qarshi chiqqan bo‘lsa-da, oxirida baribir kelishuvni imzoladi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Trampning Yevropa Ittifoqiga nisbatan boj tariflari borasidagi qarshi kurashiga norozilik bildirdi va kelishuvga chaqirdi: «Biz ittifoqdoshlar o‘laroq bir-birimizga «ko‘proq sarflashimiz kerak» deb turib, savdo urushi olib borayotgan bo‘lsak, bu mutlaqo mantiqsizdir», dedi Makron.

NATO bosh kotibi Marko Ryutte Trampni Eron-Isroil mojarosidagi harakatlari uchun maqtadi. Tramp sulhdan keyingi voqealarni esa «Bu ikki davlat o‘zini maktab hovlisidagi ikki bola kabi tutdi» dedi. Ryutte esa «va ba’zida ota qat’iy so‘z ishlatishga majbur bo‘ladi», deya uni oqlab qo‘ydi.

Tramp va Zelenskiy uchrashuvi

AQSh prezidenti sammit doirasida asosiy yig‘ilishda qatnashmagan, lekin Haagaga taklif qilingan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham uchrashdi.

«Zelenskiyning biroz qiyinchiliklari bor, u yaxshi yigit. Men Putin bilan ko‘p gaplashganman... u menga Eron bo‘yicha yordam taklif qildi. Men aytdim: bir iltimos, Eronmas, Rossiya bo‘yicha yordam ber», deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda BBC.

Tramp urushni 24 soat ichida to‘xtatish va’dasi «sarkazm» bo‘lganini ma’lum qildi. U ushbu urush «boshqa barchalaridan qiyinroq bo‘lib chiqqanini» tan oldi. Tramp yana bir bor Putin bilan gaplashishga urinishini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy ham 25 iyun kuni unga barchasi tezroq yakunlanishini xohlayotganini aytgan.

Bloomberg manbasining so‘zlariga ko‘ra, Tramp ittifoqchilarga Ukraina bilan bog‘liq vaziyatni nimadir qilish kerakligini aytgan. U ortiqcha tafsilotlarga to‘xtalmagan bo‘lsa-da, bu Ukraina uchun ijobiy signal sifatida qabul qilingan.

Xususan, Tramp Kiyevga qo‘shimcha Patriot havo hujumidan mudofaa majmualarini topshirish imkoniyatini ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, ushbu qurollar AQShning o‘ziga ham, Isroilga ham kerak. Ammo u Ukraina uchun imkoniyat topilishiga umid bildirgan.

Zelenskiy ham Tramp bilan suhbatda o‘z xalqini himoya qilish uchun Amerika havo mudofaa tizimlarini xarid qilish haqida gaplashganini yozdi.

«Ukraina bu uskunalarni sotib olishga va AQShning qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Yevropa bu borada yordam bera oladi. Shuningdek, dronlarni birgalikda ishlab chiqarish imkoniyati ham muhokama qilindi. Biz jang maydonidagi vaziyat haqida ham gaplashdik. Putin aniq yutayotgan emas. Men prezident Trampga bu yerda haqiqatan nima bo‘layotgani haqida faktlarni taqdim etdim», degan Zelenskiy.

NATOning yakuniy kommyunikesida a’zo davlatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga sodiqliklarini ta’kidladilar: «uning xavfsizligi biznikiga ham daxldor», — deyiladi unda. Shuningdek, Kiyevga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mudofaa yordami va mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlash xarajatlari ittifoqdoshlarning umumiy mudofaa sarfini hisoblashda inobatga olinishi qayd etildi.

Eron yadro dasturi atrofidagi voqealar

AQSh va Isroil tomonidan amalga oshirilgan hujumlar natijasida Eronning yadroviy obektlari «jiddiy zarar» ko‘rdi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy bayonot berdi.

Zarba oqibatlari haqida gapirar ekan, Baqoiy AQSh va Isroil hujumlari mamlakat yadroviy inshootlariga jiddiy zarar yetkazganini tasdiqladi. Biroq u zararlarning aniq tafsilotlarini keltirmadi.

22 iyun kuni AQSh aviatsiyasi Eronning uchta yadroviy obektiga — Fordo, Isfahon va Natanzda joylashgan obektlarga — aviazarbalar bergan edi. Tramp bu zarbalar misli ko‘rilmagan, deya baholagan hamda Eron yadro inshootlari yakson qilinganini aytgandi. Pentagon generallari esa «jiddiy zarar» deyishgan.

Keyin, yirik OAVlar: NYT va CNN Amerika razvedkasidagi manbalariga tayanib, bu zarbalar Eronning yadroviy dasturining asosiy infratuzilmasini yo‘q qilmagani, ehtimol, uning rivojlanishini bir necha oy orqaga surgani haqida yozdi.

Shundan so‘ng Tramp Haagadagi matbuot anjumanida Eronga berilgan zarba samaradorligiga shubha bildirgan nashrlarni haqorat qildi

«CNN — bu pastkashlar. MSBNC — pastkashlar. New York Times — pastkashlar. Ular yomon odamlar. Ular kasal. Ular qilayotgan ish — bu aqlga sig‘maydigan g‘alabani arzimas narsaga aylantirishga urinish. Lekin ularning o‘zi ham bu joyga qattiq zarba berilganini tan olyapti», dedi Tramp.

Eron AEXA bilan hamkorlikni to‘xtatdi

Eron Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bilan hamkorlikni vaqtincha to‘xtatmoqda. Tegishli qonun loyihasi Eron parlamenti – Majlis tomonidan ma’qullandi.

Tehronning Mehr axborot agentligi yozishicha, yig‘ilishda qatnashgan 223 deputatdan 221 nafari hujjatni qo‘llab-quvvatlagan. Qonun loyihasi Islom Respublikasi hukumatiga xalqaro yadroviy tartibga soluvchi organ bilan hamkorlikni to‘xtatish majburiyatini yuklaydi. Eron parlamenti prezidiumi matbuot kotibi Alirizo Salimiy, agar Eron yadro inshootlari xavfsizligi va tinch yadroviy faoliyati kafolatlanmasa, AEXA xodimlari tekshiruv o‘tkazish uchun mamlakatga kira olmasligini aytgan.

Qonun loyihasi hali muhofizlar kengashi va Xavfsizlik kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Avvalroq Majlis raisi Muhammad Bag‘ir G‘olibaf bu chora AEXAning «siyosiylashgan pozitsiyasi» bilan bog‘liq, deb tushuntirgan edi. U tashkilotni o‘z majburiyatlarini bajara olmay, «siyosiy vosita»ga aylanib qolganlikda aybladi.

AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilishga tayyor emas – Rubio

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy qilishga hozircha tayyor emas. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio NATO sammitida aytib o‘tdi.

«Agar biz bu yerda hamma xohlayotgan narsani qilsak, ya’ni ularni yanada ko‘proq sanksiyalar bilan yakson qilsak, ehtimol ular bilan o‘t ochishni to‘xtatish haqida gaplashish imkoniyatidan mahrum bo‘lamiz», deb ta’kidladi Rubio.

Rubio qo‘shimcha qildiki, Tramp yangi sanksiyalar maqsadga muvofiq bo‘ladigan «qulay vaqt va o‘rinni biladi». Ammo u ogohlantirdi: «Bu sodir bo‘lganda, Rossiya bilan muzokaralar oynasi yopilishini anglatadi».

Shu kunlarda, xususan 24 iyun kuni Rossiya Ukrainaning Dnepr shahriga yo‘llagan ballistik raketa zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 18 kishiga yetdi. Dneprga qo‘shni Samar shahrida yana 2 kishi halok bo‘lgan.

«Hujumlar sabab umumiy hisobda deyarli 300 kishi jabrlandi», – dedi Dnepropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak.

Dnepr shahrida ko‘plab vayronagarchiliklar qayd etilgan. Portlash to‘lqini Odessadan Zaporijjyaga ketayotgan yo‘lovchi poyezdiga ham zarar yetkazgan.

Rossiya harbiylari Dneprga berilgan hujum yuzasidan rasmiy izoh bermadi.

Mavzuga oid