Jahon | 07:41 / 26.06.2025
6466
6 daqiqa o‘qiladi

Isroil–Eron urushi: hech kim yutmadi

Eron va Isroil o‘rtasidagi urush tugaganga o‘xshayapti. Har ikki davlat ham imoga mahtal bo‘lib turgan ekan, Tramp «Bo‘ldi, yetar», deyishi bilan urushni to‘xtatishdi. Nomiga bo‘lsa ham «Ishimizga aralashma, o‘zimiz hal qilamiz», deyishmadi. Keyin hali oxirgi otgan bombalari yerga tushib ulgurmasdan ko‘chaga chiqib bayramni boshlab yuborishdi. Xo‘sh, o‘zi bu urushni kim yutdi? Quyida shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Eronda katta bayram

Eron Qatardagi Amerika harbiy aviabazasiga raketa uchirishi amalda urushning eng yakuniy nuqtasi bo‘ldi. AQSh o‘nlab samolyotlari bilan hech qanday qarshiliksiz Eron osmoniga kirib mamlakatdagi eng yirik yadroviy obektlariga zarba berishini faqat kinolarda ko‘rish mumkin derdik. Hayotda bunaqa zarbaga uchraganidan keyin Eron odamlari ko‘z o‘ngida qandaydir javob berishi kerak edi.

Qatardagi bazaga hujumni aynan shunday talqin qilish mumkin. Undan hech qanday harbiy maqsad ko‘zlanmagan, lekin Eron rahbariyati uchun buning qizig‘i ham yo‘q edi. Ular uchun televizorga chiqib eronliklarga «Biz g‘alaba qildik, Amerika va Isroil yakson qilindi», deyish, bu gaplar aytilayotganda kadrda Qatar osmonida raketalar uchib yurgani ko‘rsatilishi yetarli edi. Tramp ham shunga o‘xshash gaplar aytdi e’tibor qilgan bo‘lsangiz.

Eronda hukumat odamlarni bayram qilishga chaqirdi, odamlar maydonlarga chiqib Isroil ustidan qozonilgan g‘alabani bayram qilishdi.

Isroilda faqat bir kishi bayram qildi

Lekin Isroilda odamlar ko‘chaga chiqib bayram qilmadi, Eronni yengdik, deb karnay-surnay ham chalishgani yo‘q. U yerda jamiyat butunlay boshqacha. Odamlar hamon HAMAS asirlikdan ozod qilmagan isroilliklar uchun o‘z hukumatlarini ayblashmoqda. Isroilda faqat bir kishi – Binyamin Netanyahu degan odam bayram qildi. Dramatik usulda, turli parallellar keltirib gapirishni yaxshi ko‘radigan Bibining spichrayterlari shu kunlarda qo‘li qo‘liga tegmay ishladi. Isroil bosh vaziri turli chiqishlarida mamlakat 12 kunlik urushda g‘olib bo‘lganini e’lon qildi.

Nimani bayram qilishdi o‘zi?

Endi Eron va Isroil nimani bayram deb atayotgani haqida. Ko‘pchilik Isroil o‘z tarixidagi eng yirik zarbaga uchraganini aytmoqda, lekin ishoning, HAMASning 7 oktyabrdagi hujumi Eron hujumidan ancha dahshatli bo‘lgandi. O‘sha hujum payti Isroilda 1200 kishi o‘ladi, 200 dan ortiq odam asir olinadi va ularning bir qismi hamon qaytarilmagan. HAMAS hujumi ikki hafta emas, bir kungina davom etadi. Bir kunlik hujumda 1200 kishi o‘lishi chinakamiga Isroil tarixidagi eng dahshatli voqea bo‘lgandi.

Eron hujumida Isroilda juda ko‘p vayronalar paydo bo‘ldi. Xuddi G‘azodagi kabi uylar yer bilan bitta bo‘ldi, ko‘p odamlar vaqtincha bo‘lsa ham uysiz qoldi, minglab odamlar elektrsiz qiynaldi. Eron axborot makonida Isroilni yengganday ko‘rinishi uchun mana shu kadrlar yetarli bo‘ldi.

Isroilda ham bayram qiladigan hech narsa yo‘q: Tel-Aviv Eron yadro quroli yasashga yaqinlashdi degan iddao bilan urush boshladi, lekin bu da’voni hatto AQSh razvedkasi ham tasdiqlamadi. Tramp CNN va NYT razvedka ma’lumoti deb yolg‘on ma’lumotni tarqatayotganini iddao qildi, lekin bu gapga ishonish qiyin. Chunki Amerikadagi oldi nashrlar razvedkadagi manbasiga tayanib xabar beryaptimi, demak bu xabar chiqishini o‘sha razvedkadagilar istagan bo‘ladi. Amerika faqat prezidentning aytgani bo‘ladigan davlat emas axir.

Tramp ham «Eron yadro dasturini yakson qildik», deb aytmoqda, lekin bunga ham aytarli isbot yo‘q. Chindan Amerika samolyotlari Eron ichkarisigacha kirib tonnalab bomba tashlashi jiddiy harbiy operatsiya hisoblanadi, lekin bu amaliyot muvaffaqiyatli o‘tdi deb kosmosdan olingan tog‘ning tushunarsiz suratini ko‘rsatish... Bilmadim buni qanday muvaffaqiyatli amaliyot deyish mumkin. Chindan sun’iy yo‘ldosh olgan kadrlarda tog‘da tuynuklar paydo bo‘lgani ko‘rinadi. Lekin raketa yadro obekti emas, oddiy ko‘mir koni ustida tushgan bo‘lsachi? Buni mister Tramp va harbiylari isbotlab berolmaydi.

Axborot makonidagi urush

Xullas, janoblar, bu asosan axborot makonidagi urush bo‘ldi. Har tomon o‘z ichki auditoriyasiga nimani ko‘rsatishni xohlagan bo‘lsa, ko‘rsatdi. Va uch tomon ham bu otishmalar nomini g‘alaba deb qo‘ydi. Eron va Isroil hech qanday quruqlikdagi to‘qnashuvlar, okopdagi otishmalar, diversion hujumlarsiz, shunchaki bir nechta davlat ustidan bir-biriga raketa otib qochishni g‘alaba deyotganini ko‘rgan ruslar va ukrainlar miyig‘ida kulib qo‘yayotgan bo‘lsa kerak senlar urush nimaligini qayog‘dan bilasan, deb.

Ana shunaqa gaplar, axborot eng kuchli qurolga aylangan dunyoda urushlar ham okoplarda emas, televizorlarda kechmoqda. Yevropadagi biz eslagan urushdan tashqari, albatta.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid