Jahon | 15:45 / 26.06.2025
3036
13 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xarajatlarni oshirayotgan Yevropa va NATO mudofaasiga sodiq Tramp - Haagadagi sammit tafsilotlari

Dunyodagi eng yirik harbiy ittifoq xarajatlarini qariyb ikki baravar oshirishga qaror qildi. Tramp bosimi ostida qabul qilingan bu qaror Yevropa uchun qo‘shimcha moliyaviy muammolar keltirishi mumkin. AQSh NATO mudofaasi yo‘lida sodiqligini tasdiqladi. Rossiya asosiy xavf sifatida eslandi, Ukrainadagi urush esa ikkinchi planga tushib qoldi. Sammit tafsilotlari.

NATO sammitidan keyingi matbuot anjumanida chiqish qilgan AQSh prezidenti Donald Tramp, uning mudofaa vaziri Pit Hegset va davlat kotibi Marko Rubio bilan / Foto: The New York Times

25 iyun kuni jahon siyosatining diqqat markazida turgan hodisa — NATO yetakchilarining yillik sammiti bo‘ldi. Unda NATO davlatlari AQSh prezidenti Donald Trampning bir necha oylik bosimidan so‘ng, 2035 yilga borib mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha oshirishga kelishib oldi.

Ittifoqchilarning qo‘shma bayonoti

NATOga a’zo 32 davlat yetakchilari imzolagan Qo‘shma bayonotda ular «chuqur» xavfsizlik tahdidlariga qarshi birlashganliklarini ta’kidlagan.

«Biz Vashington shartnomasining 5-moddasida mustahkamlanganidek, kollektiv mudofaa prinsipiga — a’zolardan biriga qilingan hujum hammaga qilingan hujum degan tamoyilga — sobit sodiqligimizni yana bir bor qat’iy tasdiqlaymiz. Biz bir milliard fuqaromizni, Alyansni himoya qilish va ozodlik hamda demokratiyamizni asrash borasidagi qat’iy qarorimizda sobitqadam qolamiz», deyiladi.

Foto: NATO

Bayonotda «Rossiyaning uzoq muddatli tahdidi» va terrorizm alohida ko‘rsatib o‘tildi. Bu yilgi bayonotda, o‘tgan yildagidan farqli ravishda, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi qoralab o‘tilmagan.

«Chuqur xavfsizlik tahdidlari va muammolari, xususan, Yevro-Atlantika xavfsizligiga Rossiyaning uzoq muddatli tahdidi hamda terrorizmning davomli tahdidi qarshisida birlashgan holda, Ittifoqchilar 2035 yilga borib yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 5 foizini yillik ravishda asosiy mudofaa ehtiyojlari, shuningdek, mudofaa va xavfsizlik bilan bog‘liq xarajatlarga sarflash majburiyatini oladilar».

Bu mablag‘ning 3,5 foizi an’anaviy harbiy ehtiyojlar — askarlar, qurollar, snaryadlar va raketalar uchun ajratiladi. Bu hozirgi 2 foizlik maqsaddan ancha yuqori. Qolgan 1,5 foiz esa «harbiylikka yaqin» loyihalar — yo‘llar va ko‘priklarni yaxshilash, favqulodda sog‘liqni saqlash xizmatlari, kibermudofaa va fuqarolik barqarorligi kabi sohalarga sarflanadi.

Bayonotga ko‘ra, ushbu rejadagi xarajatlar yo‘nalishi 2029 yilda strategik vaziyatni hisobga olib, qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, NATO ittifoqchilari mudofaa xarajatlari hisobidan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash suveren majburiyatini tasdiqlagan. «Chunki Ukrainaning xavfsizligi bizning xavfsizligimizga ham hissa qo‘shadi». NATOning 2026 yilgi sammiti Turkiyada bo‘lishi ma’lum qilindi.

5-modda haqida

NATO shartnomasining «yuragi» bo‘lgan 5-moddasi mazmuni shunday: «agar NATOga a’zo biror davlatga kimdir hujum qilsa, bu barcha NATO a’zolariga hujum qilingan hisoblanadi va qolgan a’zolar zaruratga ko‘ra — siyosiy, iqtisodiy yoki harbiy yo‘l bilan — javob berishlari shart».

Avvalroq, Donald Tramp ayni shu tamoyil aks etgan NATO shartnomasining 5-moddasi haqida «uni turlicha talqin qilish mumkin», deya gapirib, a’zolarda shubha uyg‘otgandi. Biroq u sammitdan so‘ng «Men bu modda tarafidaman. Aynan shuning uchun men bu yerda turibman. Agar bu prinsip tarafdori bo‘lmasam, bu yerda ham bo‘lmasdim», — dedi.

Foto: NATO

NATO bosh kotibi Mark Ryutte matbuot anjumanida Trampning 5-moddaga sadoqati haqidagi savollar to‘xtamayotganidan norozilik bildirdi. U jurnalistlar va siyosatchilarni «endi xavotirlanmaslikka» chaqirdi va: «AQSh 5-moddaga to‘liq sodiq. Ular yana necha marta aytishlari kerak?» dedi.

Amalda bu modda faqat bir marta, 2001 yil 11 sentabrda AQShga uyushtirilgan terroristik hujumdan so‘ng ishga tushirilgan. Shundan so‘ng NATO ilk bor kollektiv mudofaa choralarini qo‘llagan edi.

Mudofaa xarajatlarini oshirish masalasi

Haagadagi sammitni bir nechta yetakchilar «tarixiy» deb atayotganining asosiy sababi, baribir mudofaa xarajatlarini oshirish masalasi bo‘lib turibdi. Ayniqsa ijtimoiy xarajatlari katta bo‘lgan Yevropa davlatlari uchun YaIMning 5 foizi juda katta mablag‘ hisoblanadi.

NATOga a’zo davlatlarning amaldagi xarajatlari

Tramp esa yevropaliklar ham mudofaa uchun ko‘proq pul sarflashini adolatli bo‘ladi, deb hisoblamoqda.

«Bu ajoyib sammit bo‘ldi va men bundan juda zavq oldim. Ular o‘z mamlakatlarini himoya qilishni istaydilar va buning uchun AQSh zarur. AQShsiz bu mutlaqo boshqacha bo‘ladi,» dedi u.

New York Times'ning yozishicha, Tramp NATO ittifoqchilarini ko‘p bora «bepulchilar» deb atab, ularni AQSh himoyasiga haddan tashqari tayanishda ayblagan. Vitse-prezident Vens va mudofaa vaziri Pit Hegset ham Yevropani AQSh xavfsizlik resurslariga yuk deb tasvirlagan. Prezident hatto NATOdan chiqish haqida ochiqchasiga o‘ylaganini aytgan.

Sammitdan oldin Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches mamlakat 2,1 foiz YaIMni mudofaa uchun ajratishini, «na ortiq, na kam» sarflashini aytgan. Slovakiya va Belgiya ham 5 foizlik majburiyatni bajara olmasliklarini aytib o‘tishgan.

Ammo Mark Ryutte Ispaniyani «yumshoq diplomatik iboralar» yordamida chetlab o‘tdi. Bayonotda «barcha ittifoqchilar» emas, balki «ittifoqchilar» 5 foizlik raqamga rozi bo‘lgani aytiladi. Reutersʼning yozishicha, Tramp buning uchun Ispaniyani jazolash bilan tahdid qilgan.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches / Foto: AP

«Bu dahshatli holat, deb o‘ylayman. Bilasizmi, ular (Ispaniya) juda yaxshi holatda... Ammo salbiy biror narsa yuz bersa, u iqtisodiyot butkul yo‘q bo‘lishi mumkin», dedi. Tramp Ispaniya boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlariga qaraganda AQShdan ancha og‘irroq savdo shartnomasi olishini qo‘shimcha qildi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa Trampning savdo bojlari masalasini ko‘tardi.

«Biz 'ko‘proq xarajat qilamizʼ deb aytib, NATO markazida savdo urushini boshlay olmaymiz,» dedi Makron va bu vaziyatni «mantiqsizlik» deb atadi. U bu masalani Tramp bilan bir necha bor muhokama qilganini qo‘shimcha qildi.

Mudofaa xarajatlarining oshishi ijtimoiy sohaga yuk bo‘ladi

Yana bir masala, G‘arbiy Yevropadagi ko‘plab hukumatlar o‘z aholisini xavfsizlikka bo‘lgan tahdid haqiqiyligiga ishontirishda siyosiy jihatdan qiyinchilikka uchrashida.

Xususan, Al-Jazeera tahlilchilarining yozishicha, a’zo davlatlardan mudofaa xarajatlarini oshirish so‘ralganda, bu mablag‘ qayerdandir olinishi kerak bo‘ladi. Agar hukumatlar budjetni kengaytirmasa yoki yangi daromad manbalarini topmasa, harbiy xarajatlarning oshishi odamlar har kuni tayanadigan boshqa sohalar — masalan, sog‘liqni saqlash va ta’lim ustiga bosim qilishi mumkin.

Hozirda NATOga a’zo 32 davlatning hech biri mudofaaga sog‘liqni saqlash yoki ta’limga qaraganda ko‘proq mablag‘ ajratmaydi. Biroq, agar yangi YaIMning 5 foizini mudofaaga ajratish bo‘yicha maqsad qabul qilinsa, hozirda ta’limga 5 foizdan kam mablag‘ ajratayotgan 21 ta davlat kelajakda harbiy sohaga maktablarga qaraganda ko‘proq pul sarflashni boshlashi mumkin.

Foto: Al-Jazeera va Reuters manbalari asosida

Ushbu jadvalda NATO davlatlarining budjetlari, ularning mudofaa xarajatlarining sog‘liqni saqlash va ta’lim bilan solishtirgandagi o‘rnini ko‘rish mumkin.

Mark Ryutte: NATO yanada kuchliroq bo‘ladi

Sammitga mezbonlik qilgan NATO bosh kotibi Mark Ryutte (Gollandiyaning sobiq bosh vaziri) NATO yanada «kuchliroq, adolatliroq va halokatliroq» alyansga aylanishini aytdi.

Ryutte erishilgan ushbu kelishuvni Tramp uchun yutuq sifatida taqdim etdi, yevropaliklarni o‘z manfaatlari yo‘lida harakat qilishga majburlagani uchun uni maqtadi.

«Amerikaning prezidentlari o‘n yillab erisha olmagan narsaga sen erishding», — deb yozgan Ryutte Trampga yuborgan shaxsiy xabarda, Tramp esa bu xabarni ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirdi.

Foto: NATO

Sammitdan keyingi matbuot anjumanida NATO bosh kotibi Marko Ryutte Trampni Eron-Isroil mojarosidagi harakatlari uchun ham maqtadi. Tramp sulhdan keyingi voqealarni esa «Bu ikki davlat o‘zini maktab hovlisidagi ikki bola kabi tutdi» dedi. Ryutte esa «va ba’zida ota qat’iy so‘z ishlatishga majbur bo‘ladi», deya uni oqlab qo‘ydi.

Tramp, Ukraina va NATO

Garchi prezident Volodimir Zelenskiy Tramp bilan uchrashgan bo‘lsa ham bu sammitda Ukraina masalasi ikkinchi darajaga tushib qoldi.

Reutersʼning yozishicha, NATO bayonotida Ukrainani kelajakda tashkilotga qabul qilish masalasi tilga olinmagani – Trampga yoqish uchun qilingan bo‘lishi mumkin. Biroq Ryutte NATOning Ukrainani qabul qilish bo‘yicha uzoq yillik va’dasini takrorlagan.

Zelenskiy Yevropa yetakchilari bilan / Foto: NATO

«Bizning maqsadimiz — bugun Ukrainani jangda saqlab qolish, ertaga esa u barqaror tinchlikka erishsin. Biz Ukraina bilan uning tinchlikka erishish yo‘lida birgamiz va uni NATO a’zoligiga qaytmas yo‘lga yetaklashda qo‘llab-quvvatlaymiz», — degan Ryutte.

Donald Tramp sammit doirasida Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi.

«Zelenskiyning biroz qiyinchiliklari bor, u yaxshi yigit. Men Putin bilan ko‘p gaplashganman... u menga Eron bo‘yicha yordam taklif qildi. Men aytdim: bir iltimos, Eronmas, Rossiya bo‘yicha yordam ber», deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda BBC.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Tramp urushni 24 soat ichida to‘xtatish va’dasi «sarkazm» bo‘lganini ma’lum qildi. U ushbu urush «boshqa barchalaridan qiyinroq bo‘lib chiqqanini» tan oldi va yana bir bor Putin bilan gaplashishga urinishini aytdi.

Bloomberg manbasining so‘zlariga ko‘ra, Tramp Kiyevga qo‘shimcha Patriot havo hujumidan mudofaa majmualarini topshirish imkoniyatini ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan. Zelenskiy ham Tramp bilan suhbatda AQSh havo mudofaa tizimlarini xarid qilish haqida gaplashganini yozdi.

E’tibordan chetda qolgan boshqa masalalar

Prezident Bayden davrida AQSh Milliy xavfsizlik kengashining Yevropa bo‘yicha direktori bo‘lgan Torrey Tausig «eng dolzarb muammolar kun tartibidan butunlay chiqarib tashlangani»ni aytgan. «Yevropada to‘rt yildan beri quruqlikda urush davom etayotganiga qaramay, Ukrainaga nisbatan hech qanday muhim qaror qabul qilinmadi», dedi u. Shuningdek, Rossiyaga nisbatan kelajakdagi siyosat yoki Xitoyning ortib borayotgan tahdidi muhokama qilinmadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, agar davlatlar bu mablag‘ni notekis ajratsalar ham, yakuniy natijada Yevropaning harbiy xarajatlarida juda katta o‘sish kuzatiladi. A’zolar mablag‘lar samarali sarflanishiga va tez natija ko‘rsatishiga umid qilmoqda.

Foto: NATO

Tramp AQSh harbiylarining qayerda joylashgani va kelajakda qayerda bo‘lishi kerakligini ko‘rib chiqishni buyurgan. Bu esa NATOning har bir ittifoqchidan kutayotgan kuchi — harbiylar soni va ularning jihozlariga ta’sir qilishi mumkin.

Ba’zi tahlilchilar esa Trampni rozi qilishda Ryutte va yevropaliklarni maqtab, ularning siyosiy nuqtayi nazarini yuqori baholagan.

«Amerika tomonidan tashlab ketilish xavfi ko‘z o‘ngida turganda, ittifoqchilar Trampni tinchlantirish va vaqtdan yutish strategiyasini ishlab chiqdi», dedi American Enterprice Institutining tashqi siyosat va mudofaa bo‘yicha direktori Kori Shake.

Mavzuga oid