Iqtisodiyot | 21:03 / 14.06.2025
9126
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda nasiya savdo. Bir yilda bo‘lib to‘lash 1,5 barobargacha qimmatga tushadi

Markaziy bank nasiya savdo segmentini tahlil qildi. Ma’lum qilinishicha, iPhone smartfoni misolida, 1 yilga bo‘lib to‘lashga olingan tovar 52 foizgacha qimmatga tushadi. Regulyator yashirin qarz yukining o‘sishidan xavotir bildirib, nasiya faoliyatini huquqiy va moliyaviy tartibga solish kerakligini urg‘ulagan. Aniqlanishicha, nasiya savdo eng ko‘p yoshlar orasida ommalashgan.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

Markaziy bank tadqiqotiga ko‘ra, Google'da “nasiya” so‘zining (lotin va kirill alifbosida) qidiruvlari 2021 yil oxiridan boshlab keskin o‘sa boshlagan. Ayniqsa, lotin alifbosida yozilgan “nasiya” so‘zi bo‘yicha qidiruvlar aniq va yuqori o‘suvchan trendni ko‘rsatmoqda. Bundan kelib chiqilsa, nasiya savdoga ko‘proq yoshlar qiziqish bildirmoqda.

Nasiya tashkilotlari qo‘yadigan ustama

Iphone 16 Pro Max (256 GB) telefoni misolida o‘rganilganda, agar tovar 12 oylik to‘lov rejasi bilan nasiyaga sotib olinsa, do‘kon va nasiya ta’minotchilariga qarab tovarning umumiy qiymatiga 27,3 foizdan 44,3 foizgacha (o‘rtacha 39,6 foiz) ustama qo‘shiladi. Buni banklardagi foiz stavkasiga konversiya qilganda, 47,1 foizdan 73,8 foizgacha (o‘rtacha 66,5 foiz) bo‘lgan stavka kelib chiqadi.

Shuningdek, dastlabki to‘lovni o‘z ichiga oluvchi nasiya savdosining boshqa turi ham mavjud. Masalan, “Brostore.uz” maishiy texnika do‘konida yuqorida tanlangan tovar narxi 17 770 000 so‘mni, dastlabki to‘lov esa 30 foizni, ya’ni 5 331 000 so‘mni tashkil etadi. Qolgan 12 439 000 so‘m 12 oyga bo‘lib to‘lansa, oylik to‘lov miqdori 1 805 254 so‘mni, tovarning umumiy qiymati esa 26 994 050 so‘mni tashkil qiladi, bu esa 51,9 foizlik ortiqcha to‘lovga teng (ma’lumotlar 2024 yil dekabr oyi holatiga).

Boshqa bir shaklda, “Idea” do‘konlari maishiy texnikani ortiqcha to‘lovlarsiz, 6 oyga nasiyaga sotishini e’lon qilgan. Bunda, Iphone 16 Pro (128 GB) telefonining narxi 6 oyga bo‘lib to‘langani uchun 21 990 000 so‘m deb belgilangan. Markaziy bank o‘rganishlariga ko‘ra, bu narx – bozordagi o‘rtacha narxga (14,4 mln so‘m) nisbatan 52,4 foizga yuqori (ma’lumotlar 2024 yil dekabr oyi holatiga).

Nasiya savdo tashkilotlari holati

Hozirgi kunda O‘zbekistonda Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) kredit byurosi bilan shartnoma tuzgan chakana savdo korxonalari soni 307 tani (bundan 53 tasi YaTT) tashkil etmoqda. Hududlar kesimida bu korxonalarning 36,2 foizi Farg‘ona viloyatida, 23,2 foizi Toshkent shahrida, 12,6 foizi Namangan viloyatida, 7,5 foizi Andijon viloyatida hamda 5,5 foizi Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Past ko‘rsatkichlar Sirdaryo (1,2 foiz), Jizzax (0,8 foiz) va Surxondaryo (0,4 foiz) viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Hududlardagi mazkur taqsimlanish ushbu hududlardagi aholi soni, daromadlari hamda aholining qarashlaridan kelib chiqib yuzaga kelayotgan bo‘lishi mumkin.

Biznes turlari kesimida

KATM tizimiga ulangan korxonalarning 37 foizi maishiy texnika tovarlari chakana savdosi, 25 foizi – ixtisoslashmagan do‘konlarda bir nechta turdagi tovarlarning chakana savdosi, 11 foizi – axborot va kommunikatsiya uskunalari savdosi, 8 foizi mebel va maishiy jihozlar savdosi bilan shug‘ullanmoqda.

Bu korxonalarning tushumlari barqaror va sezilarli o‘sib boryapti. Xususan, 2018 yilda tushumlar 8,1 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 201,3 mlrd so‘mga yetgan (qariyb 25 barobar o‘sish). Ta’kidlash joiz, tushumlar har 1-2 yilda deyarli ikki barobarga oshib borgan. Ayniqsa, 2022-2023 yillar oralig‘ida (qo‘shimcha 35 mlrd so‘m) va 2023-2024 yillar oralig‘ida (qo‘shimcha 94 mlrd so‘m) katta o‘sish qayd etilgan. Bunday o‘sish nasiya savdoning ommalashib borayotgani hamda nasiya asosida taklif etilayotgan tovar va xizmatlar xilma-xilligining kengayib borayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, so‘nggi 7 yilda bo‘lib to‘lash segmentining jadal rivojlanishi fonida nasiya savdo tashkilotlari tomonidan jalb qilingan bank krediti mablag‘lari hajmi 2018 yildagi 22,3 mlrd so‘mdan 2024 yilda 1 169,8 mlrd so‘mgacha yoki 52 barobarga oshgan.

Nasiya iste’molchilarining jinsi va yoshi bo‘yicha taqsimlanishi

Markaziy bank nasiya iste’molchilarining jinsi va yoshi bo‘yicha taqsimlanishini aniqlash maqsadida nasiya savdosi bilan shug‘ullanuvchi 2 ta tashkilot (nomi ochiqlanmagan) tanlab olinib, ular bo‘yicha tanlanma tahlil o‘tkazgan. Aniqlanishicha, nasiya xizmatlari iste’molchilarining aksar qismini (63 foiz) 35 yoshgacha bo‘lgan aholi tashkil etadi.

Bunda, nasiyaga savdo qilgan erkaklarning 72 foizi, ayollarning esa 53 foizi 35 yoshdan kichik bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, 2024 yilda bu ikkita nasiya tashkilotidagi jami mijozlar soni 1,9 mln kishini (1,1 mln erkaklar, 0,8 mln ayollar) tashkil etib, bunda faqat bitta nasiya tashkilotining unikal foydalanuvchilari soni 1,7 mln kishiga to‘g‘ri kelgan.

2025 yil 1 yanvar holatiga, bu unikal foydalanuvchilarning 777,5 ming nafarida qo‘shimcha ravishda bank kreditlari bo‘yicha qarzdorliklari mavjud. Qarzning asosiy qismi (68,7 foiz) – mikrokreditlardir.

Eng yuqori o‘rtacha shartnoma summasi 51-65 yosh guruhiga to‘g‘ri keladi: bu guruhdagi erkaklarda shartnomaning o‘rtacha summasi 2,0 mln so‘m, ayollarda 1,7 mln so‘mga teng. 18-25 yoshdagi aholida o‘rtacha shartnoma miqdori 900 ming so‘m atrofida shakllangan.

Hududlar kesimida olganda, bo‘lib to‘lashga tovar yoki xizmat sotib olgan iste’molchilarning 27 foizi Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida yashaydi.

Respublika bo‘yicha 2023 yilda bir kishiga 2 ta nasiya shartnomasi to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 3 taga yetgan. Bir kishiga to‘g‘ri keladigan nasiya shartnomalari soni Toshkentda 4 tani, Namangan va Andijon viloyatlarida 2 tani tashkil etgan.

Nasiya iste’molchilarining 52,1 foizida (971 ming kishi) 1 ta nasiya shartnomasi, 17,7 foizida (330 ming kishi) – 2 ta shartnoma mavjud. 4,4 foizida yoki 82 ming kishida 10 ta shartnomadan ko‘proq.

Nasiya iste’molchilarining 52,1 foizida (971 ming kishi) 1 ta nasiya shartnomasi, 17,7 foizida (330 ming kishi) – 2 ta shartnoma rasmiylashtirilgan. Bo‘lib to‘lashga olganlarning 4,4 foizi yoki 82 ming nafari 10 tadan oshiq nasiya shartnomasiga ega.

Xulosa

Nasiya savdo bir tomondan iste’molni rag‘batlantirsa, boshqa tomondan ular bilan bog‘liq xatarlar – yashirin qarz yukining o‘sishi, tartibga solish mexanizmlarining yetarli darajada shakllanmagani sharoitida ushbu segmentning moliyaviy barqarorlikka salbiy ta’sirining ortishiga sabab bo‘lishi mumkin, deya qayd etgan Markaziy bank.

Regulyatorga ko‘ra, O‘zbekistonda nasiya xizmatlari bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish hamda mazkur segmentning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida nasiya bozori faoliyatini huquqiy va moliyaviy tartibga solishning aniq mexanizmlarini joriy etish dolzarb vazifa sifatida qaralishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ayni mavzu borasida Kun.uz ham o‘z o‘rganishlarini e’lon qilgandi.

Mavzuga oid