Jamiyat | 17:26 / 05.06.2025
1752
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aeroportlarida unutib qoldirilgan yuklar sotilishi aytilgan xabarlar rad etildi

Uzbekistan Airports’ga ko‘ra, barcha yo‘qolgan yuklar aeroport omborlarida 3 oy mobaynida saqlanadi va saqlash muddati tugashi bilan utilizatsiya qilinadi.

Uzbekistan Airports Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilar unutib qoldirgan yuklar xayriya aksiyasi orqali sotilayotgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston aeroportlarining birortasi, shuningdek, UzCargo va Uzbekistan Airports MChJlari tomonidan yo‘lovchilarning unutilgan yuklari sotilmaydi va uchinchi shaxslarga topshirilmaydi.

«Barcha yo‘qolgan yuklar aeroport omborlarida 3 oy mobaynida saqlanadi va saqlash muddati tugashi bilan utilizatsiya qilinadi», — deyiladi xabarda.

Uzbekistan Airports kompaniyasi fuqarolarni yolg‘on ma’lumotlarga ishonmaslikka va firibgarlarga pul o‘tkazmaslikka chaqirdi.

Avvalroq Toshkent aeroportida yuklarni saqlash uchun avtomatik javonlar paydo bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Xususan, xalqaro terminalda yuk saqlash narxi — bagaj hajmiga qarab 1 soat uchun 40 ming so‘mgacha. Mahalliy aviaqatnovlar terminalida esa yuklarni saqlash narxi soatiga 10 ming so‘mni tashkil etadi.

Mavzuga oid