Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Suriyadagi yangi urush. Druzlar va badaviylar mojarosida voqealar rivoji
Markaziy hukumat badaviylarga yordamga keldi. Isroil druzlarni qo‘llab-quvvatlab, Damashqni bombardimon qilgach, hukumat qo‘shinlarni olib ketishni boshladi.

Foto: Jalaa Marey / AFP / Scanpix / LETA
11 iyul, juma kuni Suriya janubida bir guruh qurollangan odamlar Damashqdan Suvayda shahriga olib keluvchi yo‘lda bir mashinani to‘xtatdi. Suvaydalik sabzavot sotuvchi o‘g‘irlab ketilgan. Keyinchalik uni ko‘zlari bog‘langan holda uzoq bir joyga tashlab ketishdi. U kaltaklangan va talon-taroj qilingandi. Uni yo‘lovchilar ko‘rib qolib, shifoxonaga olib ketishgan.
Savdogar druzlar jamoasiga mansub. Bu Suriya, Livan, Isroil va Iordaniyada, asosan Jo‘lan tepaliklari va uning atrofida yashovchi etnik konfessional guruhdir. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Suriyada 500 mingdan 700 minggacha druzlar (aholining ikki-uch foizi) yashaydi, Suvayda viloyatida esa ular ko‘pchilikni tashkil etadi. Tili arabcha. Ularning dini ming yil oldin shia mazhabining bir tarmog‘i sifatida paydo bo‘lgan, ammo bugungi kundagi druzlar o‘zlarini musulmon deb hisoblamaydi.
Odam o‘g‘rilari badaviylar edi – ular Suriya cho‘llarida yashovchi, e’tiqodiga ko‘ra sunniy-musulmon bo‘lgan ko‘chmanchilardir. Savdogar nafaqat kaltaklangani, pullari, mashinasi va telefoni olib qo‘yilgani, balki «dahriy» deb haqoratlanganini ham aytib bergan.
Damashq–Suvayda shossesi va Suriyaning boshqa yo‘llarida talonchilik va odam o‘g‘irlash holatlari muntazam tus olgan. Mamlakatda fuqarolik urushi haligacha uzil-kesil yakunlanmagan, markaziy hukumat ulkan hududlarni nazorat qila olmaydi, yagona politsiya uyoqda tursin, yagona armiya ham mavjud emas. Ammo diniy omil odatiy jinoyatni konfessiyalararo nizo qo‘zg‘atuvchisiga aylantirdi.
Druzlar jamoasi yirik emas, ammo yaxshi qurollangan. Fuqarolik urushi davrida ularning lashkari – birinchi navbatda, «Ridjal al-karama» («Nomusli erkaklar») – ham Bashar Asad tarafdorlariga, ham IShIDga qarshi kurashda o‘zini ko‘rsatgan. 2024 yil dekabrida duruzlar Damashq egallanishi va Asad rejimi ag‘darilishida muhim rol o‘ynagandi.
Yangi Suriyada ham druz lashkari qurollarni tashlash haqida o‘ylayotgani yo‘q: endilikda hokimiyat tepasiga kelgan Ahmad ash-Shar’a mansub bo‘lgan sunniy arablar uchun druzlar – adashgan kofirlar hisoblanadi. Ular o‘rtasida bungacha ham bir necha to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan, eng jiddiysi – bahorda Damashq chekkasidagi Jaramanda kuzatilgandi. O‘shanda yuzdan ortiq kishi halok bo‘lgan, shundan 14 nafari xalq lashkariga aloqador bo‘lmagan druzlar edi – ularni rasman Damashqdagi hukumatga bo‘ysunmaydigan, lekin uning tomonida turib jang qiluvchi jangarilar otib tashlagan.
Bu safar ham shunday kuchlar harakatga kelgan. Savdogar bilan bog‘liq voqeadan keyin druz jangarilari ham bir necha badaviyni o‘g‘irlab ketishdi – aftidan, savdogarni kaltaklagan va talaganlarni emas, shunchaki shu qabilaga mansub bo‘lganlarni. Mojaro jamoalar darajasiga ko‘tarildi. 13 iyul kuni Suvayda viloyatida druzlar va badaviylar o‘rtasida nafaqat o‘qotar qurollar, balki minomyotlarni ham ishga solgan holda janglar boshlandi. Ikki tomondan o‘nlab kishilar halok bo‘ldi.
Eskalatsiya avvalgi Jaraman ssenariysi bo‘yicha davom etdi. Suvaydaga qo‘shni Dar’a viloyatidan badaviylar yetib borishdi. Damashq hukumati ham hududga o‘z kuchlarini yubordi. Rasmiy ravishda ular tinchlik o‘rnatuvchilar bo‘lishi kerak edi. Ammo aslida bular yaqingacha druzlarga qarshi harakatlangan sunniy jangarilar, badaviylarning dindoshlari edi. Mart oyida boshqa bir etno-konfessional jamoa – alaviylar bilan sodir bo‘lgan voqea druzlar bilan ham takrorlanishi xavfi yuzaga keldi: ular Tartus va Lataqiya viloyatlarida qo‘zg‘olon ko‘targanida Damashqdagi hukumat uni bir necha kun ichida shafqatizlarcha bostirgan va ommaviy qirg‘in uyushtirilgandi.
Ammo alaviylardan farqli o‘laroq, druzlarning kuchli tashqi homiysi – Isroil bor. Ushbu mamlakatda ham druzlar jamoasi yashaydi – bu katta jamoa emas (taxminan 150 ming kishi, aholining taxminan bir yarim foizi), lekin juda nufuzli, ayniqsa harbiy muhitda: ko‘plab druzlar Isroil mudofaa armiyasining jangovar qismlarida xizmat qiladi va qo‘mondonlik lavozimlarini egallagan. Qolaversa, Isroil Jo‘lan tepaliklarining katta qismini nazorat qiladi, bu yerda aholining taxminan yarmi (taxminan 25 ming kishi) asosan Suriya fuqaroligiga ega bo‘lgan druzlardir. Shuningdek, druzlarning yerlari – Suriyaning Kunaytra, Dar’a va Suvayda viloyatlari Isroil va Suriya o‘rtasidagi bufer zona hisoblanadi, Isroil hukumati Damashq bu hududni to‘liq o‘z nazoratiga olishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda.
Fevral oyidayoq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil Suriyadagi yangi rejim armiyasiga ham, u bilan aloqador boshqa qurolli guruhlarga ham Damashqdan janubdagi hududlarda harakatlanishga yo‘l qo‘yilmasligini aytgandi. U ular Kunaytra, Dar’a va Suvaydaga kirmasligini talab qilib, shuni alohida qayd etgandi: «Biz Suriya janubidagi druzlar jamoasi manziliga qaratilgan tahdidlarga toqat qilmaymiz».
Isroil hukumati bu va’dasida turdi. 14 iyul kuni Isroil aviatsiyasi hukumatning Suvayda tomon harakatlangan kuchlari kolonnasini (jumladan, tanklarni), shuningdek, Suvaydaning o‘zidagi hukumatparast kuchlarning pozitsiyalarini o‘qqa tutdi. 16 iyul kuni esa Damashqning o‘ziga ham davomli zarbalar yo‘llandi. Xususan, mudofaa vazirligi hamda bosh shtab binolariga raketalar uchirilgan. Shuningdek, prezidentlik saroyiga yaqin joyga zarba berilgan – bu katta ehtimol bilan, agar Suriyadagi markaziy hukumat druzlar ustiga yurishini to‘xtatmaydigan bo‘lsa, Isroil vaziyatni yanada keskinlashtirishga tayyor ekani haqidagi ogohlantirish bo‘lgan.

Mohammed Al Rifai / EPA / Scanpix / LETA
Bu orada Isroil hududida yashovchi druzlar ham Suriyaga yo‘l olishdi. 15 iyul kuni Jo‘lan tepaliklarida o‘nlab kishilar Suriya bilan chegarani kesib o‘tgani haqida xabar berilgandi. Keyingi kuni mingga yaqin kishi chegaradan o‘tgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Isroil druzlari Suriyadagi dindoshlari bilan birdamlik belgisi sifatida ish tashlash e’lon qildi va bir nechta ko‘cha aksiyalarini uyushtirdi.
Netanyahu Isroil druzlariga maxsus murojaat bilan chiqdi. U Isroil mudofaa armiyasi Suriyadagi druzlarni himoya qilish uchun harakat qilayotganiga ishontirdi va o‘zlarini xavf ostiga qo‘ymaslik va harbiy operatsiyaga xalaqit bermaslik uchun chegarani kesib o‘tmaslikni so‘radi. Bu orada Isroil armiyasi Jo‘lan shahriga qo‘shimcha kuchlarni tashladi.

Jalaa Marey / AFP / Scanpix / LETA
16 iyul kuni ham Suvaydada druz ko‘ngillilari va hukumatparast kuchlar o‘rtasida janglar davom etdi. Isroilning so‘nggi zarbalari natijasida Damashqdagi hukumat 17 iyulga kelib qo‘shinlarini olib chiqishni boshladi, ammo bu vaziyatni tubdan o‘zgartirishi dargumon: Suvaydada rasman hukumatga bo‘ysunmaydigan jangari guruhlar harakat qilishda davom etishi mumkin. Aynan shunday guruhlar bir necha oy oldin alaviylar qo‘zg‘olonini bostirishgan va keyinchalik sodir bo‘lgan ommaviy qotilliklar aynan shu guruhlarga to‘nkalgandi.
Halok bo‘lganlar va yaradorlar soni haqidagi ma’lumotlar hali to‘liq emas. Birgina Suvaydaning o‘zida kamida 250 kishi halok bo‘lgan – buning ichida ommaviy «dala qatllari» (boshqacha aytganda, yaradorlar va asirlarni o‘ldirish) qurbonlari ham bor.
Suriya janubidagi janglar va Isroilning ularga aralashuvi o‘ziga xos pallada boshlandi. 2025 yilning birinchi yarmida, Ahmad ash-Shar’a boshchiligidagi yangi Suriya rejimi Damashqda o‘rnashib, mamlakat kelajagi haqida o‘z qarashlarini shakllantirayotgan bir paytda, Isroil muntazam ravishda uning harbiy salohiyatini yo‘q qildi: aviabazalar, flot, qurol-yarog‘ omborlari va boshqa obektlar bombardimon qilindi. Bundan tashqari, Isroil armiyasi Suriyaning eski armiyasi ketib, o‘rniga yangisi kirmaganidan keyin Jo‘lanning Suriya tomonidagi pozitsiyalarni egallab oldi.

Karam al-Masri / Reuters / Scanpix / LETA
Isroil rasmiylari, jumladan, Netanyahu Suriyadagi yangi hokimiyatning tinchlikparvarlik niyatlariga ishonmasligini ochiq namoyish etmoqda. Shunisi e’tiborga loyiqki, ular Suriya yangi prezidentini uning rasmiy ismi Ahmad ash-Shar’a bilan emas, balki «Al-Qoida»ning Suriyadagi bo‘linmasi – «Jabhat an-Nusra»ning dala qo‘mondoni bo‘lganida foydalanilgan Abu Muhammad al-Jo‘laniy harbiy taxallusi bilan atashni afzal ko‘rishadi.
Ommaviy ritorika o‘zgarmagan bo‘lsa-da, so‘nggi bir oy ichida Suriya Avraam kelishuvlariga – Isroil va arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha shartnomalar majmuasiga qo‘shilishga tayyorligi haqidagi gap-so‘zlar ko‘payib bordi. Ash-Shar’a 12 iyul kuni Ozarboyjonga tashrifi chog‘ida Isroil vakillari bilan shaxsan uchrashib, mamlakatlar o‘rtasidagi yarashuv imkoniyatlarini muhokama qilgani haqida ma’lumotlar bor.
Shar’aning manfaati ayon: Suriya vayron bo‘lgan va shunchaki jang qilishga qurbi yetmaydi. Isroil ham Suriya bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatilishidan manfaatdor – bu xavfsiz shimoliy chegara deganidir. Biroq, Netanyahu hukumati Suriya o‘zaro dushman jamoalarga bo‘linib ketgan zaif mamlakat bo‘lishini xavfsizlikning yanada ishonchli kafolati deb bilmoqda. Bu holda Damashqning do‘stligi yoki dushmanligi masalasi unchalik prinsipial bo‘lmaydi.
Ehtimol, Isroil uchun yanada jiddiyroq stavka quyidagilardan iborat. U Suriyadagi druzlarni o‘z himoyasiga oldi – va endi bunday homiylik jamoani chindan ham himoya qilishini ko‘rsatib qo‘yishi kerak. Agar bu ta’minlamasa, Isroilning boshqa jamoalar bilan munosabatlar o‘rnatishi ancha qiyinlashadi – bu esa butunlay etno-diniy jamoalardan iborat bo‘lgan Yaqin Sharq siyosatining asosiy qismidir.
Tavsiya etamiz
Navoiyni kimlar zaharlayapti? – ekologiya vaziri izoh berdi
O‘zbekiston | 11:23 / 25.07.2025
Ishdagi ishqning yakuni: selektorda “qo‘lga tushgan” amaldor ishdan olindi
O‘zbekiston | 10:42 / 25.07.2025
Fransiya Falastin davlatini tan oladi - Makron
Jahon | 09:46 / 25.07.2025
Nihoyat: kelayotgan haftada salqin havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda
O‘zbekiston | 20:03 / 24.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi
O‘zbekiston | 20:38
-
Toshkent viloyatida qizining nomusiga tekkan ota 12 yilga qamaldi
Jamiyat | 20:35
-
Moskvada o‘zbekistonlik erkak uchinchi qavatdan yiqilib, halok bo‘ldi
Jamiyat | 20:34
-
Isroil G‘azo blokadasini buzish uchun kelgan kemani qo‘lga oldi
Jahon | 20:22
Mavzuga oid

20:22
Isroil G‘azo blokadasini buzish uchun kelgan kemani qo‘lga oldi

13:12
Suriyada Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin birinchi saylovlar o‘tkaziladi

09:37
G‘azoning ayrim hududlarida harbiy harakatlar har kuni 10 soatga to‘xtatiladi

21:32 / 27.07.2025