BAAdagi o‘zbekistonliklar milliy jamoa o‘yiniga chipta xarid qilishda muammolarga duch kelishyapti
5 iyun kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi safarda JCh-2026 yo‘llanmasi uchun BAA bilan o‘ynaydi. Mehmon jamoa muxlislari uchun 1200 o‘ringa ega 3 ta maxsus sektor ajratilgan bo‘lib, chiptalar to‘liq sotib bo‘lingan yoki hali sotuvga chiqarilmagan. Shu sababli BAA rezident ID kartasiga ega o‘zbekistonliklar boshqa sektorlardan joy olishgan. Ammo ularning elektron pochtasiga chipta bekor qilingani haqida xabarlar kela boshladi.

Joriy yil 5 iyun kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 saralashi 3-bosqichi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari jamoasi bilan o‘ynaydi. Uchrashuv Abu-Dabidagi “Al-Nahyan” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Ayni vaqtda O‘zbekiston terma jamoasi o‘rin olgan A guruhida Eron terma jamoasi yetakchilik qilmoqda va ular jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilib bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi yo‘llanmani kafolatlashi uchun BAA bilan safarda kamida durang o‘ynashi yoki Toshkentda Qatarni mag‘lub etishi lozim bo‘ladi. Shunda terma jamoa raqiblarining o‘yinlaridagi natijadan qat’i nazar mundialga boradi. O‘z navbatida BAA o‘z maydonida O‘zbekistonni mag‘lub eta olmasa, to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmadan quruq qoladi.
Shu jihatdan, BAA–O‘zbekiston o‘yinining ahamiyati yuqori darajaga ko‘tarildi. O‘zbekistondan Abu-Dabiga minglab muxlislar tashrif buyurib, milliy jamoani stadiondan turib qo‘llab-quvvatlashi kutilyapti. Ushbu holat fonida chipta bilan bog‘liq muammoli jihatlar yuzaga keldi.
Vaziyat qanday?
Abu-Dabi shahrida o‘tkaziladigan bellashuv uchun chiptalar bir necha kun oldin Ticketmaster.ae sayti orqali sotuvga chiqarildi. OFK reglamentiga muvofiq mehmonlar uchun stadion sig‘imining sakkiz foiziga teng sondagi chiptalar taqdim etiladi. “Al-Nahyan” o‘yingohi o‘ziga 15 ming muxlisni sig‘dira oladi. O‘zbekiston terma jamoasi muxlislari uchun 1200 o‘ringa ega 3 ta maxsus joy ajratilgan — 24, 25 va 26-blok. Ayni paytda bu sektorlardagi hamma chiptalar sotib bo‘lingan yoki hali sotuvga chiqarilmagan. Qolgan sektorlar esa deyarli hali sotilmagan, standart narx – 20 dirham (70 ming so‘m).
Agar o‘zbekistonlik yoki boshqa xorij fuqarosi mezbon sektorlardan chipta xarid qilsa, stadionga kirish uchun BAA rezident ID kartasi kerak bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, BAA ID kartasiga ega o‘zbekistonliklar o‘yinga chipta xarid qilishgan. Ammo bir necha kundan keyin ularning elektron pochtasiga chipta bekor qilingani va xarid uchun sarflangan pul 5-10 ish kunida qaytarilishi haqida xabar kelgan. Bu esa noroziliklarga sabab bo‘lyapti.
Xalqaro tartib qanday?
FIFA qoidalariga ko‘ra, mezbon davlat raqib jamoa muxlislari uchun stadion sig‘imining 5–10 foizgacha qismini ajratishi lozim. Bu joylar odatda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida “mehmon sektorlari” sifatida belgilanadi. Ya’ni BAA minimal bilet kvotalari talabini bajargan.
Ammo rezident bo‘lishiga qaramasdan, millati yoki fuqaroligi asosida bilet olishni cheklash normal holat sifatida baholanmaydi. Odatda, rezidentlarga bunday cheklovlar qo‘yilmaydi. Masalan, Germaniya terma jamoasi Turkiyani o‘z maydonida qabul qilganida, nemis fuqaroligiga ega yoki bu yerda qonuniy yashash huquqini olgan turklarning ham bemalol mezbonlar uchun ajratilgan sektorlarda o‘yinni tomosha qilib turganini ko‘p kuzatganmiz. BAAning ayni paytdagi talabi umumiy prinsiplariga zid va diskriminatsiya sifatida ham baholanishi mumkin.
Aftidan BAA mutasaddilari stadionda muxlislar to‘qnashuvi yoki tartibsizlik kelib chiqishidan ko‘ra, mehmon muxlislar soni ko‘payib ketib, tribunada ustunlikka erishish ehtimolidan qo‘rqayotgandek go‘yo.
Ma’lumot uchun, A guruhidagi qolgan o‘yinlar quyidagicha: 5 iyun kuni BAA O‘zbekistonni, Qatar Eronni, Shimoliy Koreya esa Qirg‘iziston terma jamoasini o‘z uyida qabul qiladi. 10 iyun kuni esa O‘zbekiston Qatar bilan, Qirg‘iziston BAA bilan, Eron Shimoliy Koreya bilan o‘z maydonida o‘ynaydi.
Mavzuga oid

11:55
JCh saralashi: Angliyada yuz foizlik ko‘rsatkich, Albaniya va Serbiya bahsida yana mojaro

10:21
Orzudagi mundial yo‘llanmasi va qonun ustuvorligida pasayish - hafta dayjesti

15:27 / 07.06.2025
Xatolar ulg‘aytirgan jamoa. O‘zbekistonning mundial sari uzoq yo‘li haqida

11:35 / 07.06.2025