Jamiyat | 14:53 / 29.05.2025
9073
3 daqiqa o‘qiladi

Sud jurnalist Anora Sodiqovaning da’vosini rad etdi

Anora Sodiqova Mufasa taxallusi bilan sahifa yuritadigan Mirsaid Haydarov ustidan sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish haqida sudga shikoyat kiritgan edi. Sud da’vo talablarini rad etgan. Sodiqovaning aytishicha, jamoatchilik uchun yopiq tarzda o‘tgan sudda sudya qarshi tarafga yon bosgan va noxolis o‘tgan.

Anora Sodiqova va Mirsaid Haydarov

28 may kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi jurnalist Anora Sodiqovaning Mufasa taxallusi bilan sahifa yuritadigan Mirsaid Haydarovga nisbatan da’vo arizasi bo‘yicha hal qiluv qarorini e’lon qildi.

Avvalroq jurnalist Anora Sodiqova sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish bo‘yicha sudga shikoyat kiritgandi.

Sodiqova o‘z arizasida bloger Mufasaning Facebookʼdagi 7 ta postida o‘z sha’ni, qadr-qimmati kamsitilgani va tuhmatga uchragani haqida ma’lum qilgan.

Mazkur ishni ko‘rib chiqish jarayoni joriy yil 26 fevral kuni sudya Dilnoza Shomatova raisligida boshlangan. Anora Sodiqovaning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, sudga 3 ta ekspertiza xulosalari taqdim qilingan.

«Bitta ekspertizani o‘zimiz qildirdik, yana bitta davlat ekspertidan sudyani o‘zi so‘rab oldi. Uchala holatda Mirsaid Haydarovning so‘zlaridan haqorat va mening sha’nimni kamsituvchi so‘zlar borligi bo‘yicha xulosa berildi.

Shunga qaramay, sudya ekspertlarning ma’lumotlarini inobatga olmadi va da’voni qanoatlantirmadi. Umuman, sud davomida sudya ko‘p marta qarshi tarafga yon bosganini ko‘rdim. Boshidanoq sud ishini yopib qo‘ydi, ish davomida iltimosnomalarimiz rad etildi. Shu sababli sudni noxolis bo‘ldi, deb hisoblayman», dedi Anora Sodiqova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

«Bu yerda Mirsaidov mening ism-familiyam, rasmlarimni post qilib, ochiq haqorat va obro‘sizlantirilgan bo‘lishimga qaramay, kasbim va faoliyatimni xunuk so‘z bilan haqorat qilganiga qaramay, sudya da’voyimni qanoatlantirmadi. Mening nazarimda, hokimiyat idorasi vakillari har qancha haqorat qilish huquqiga ega-yu, lekin jurnalistlar tanqidiy fikrlar bildirish huquqi ham yo‘qday tuyulmoqda. Sudyaning o‘zi ham so‘z erkinligi va haqorat o‘rtasidagi qizil chiziqni bosib o‘tish malakasiga ega emasday tuyuldi», deydi Anora Sodiqova.

Sudga Mirsaid Haydarovning o‘zi kelmagan, uning advokatlari qatnashdi.

Anora Sodiqova ayni vaqtda mazkur sud qarori yuzasidan apellyatsiya shikoyati berishini ta’kidladi. Sud qarorida shuningdek, Anora Sodiqova hisobidan davlat foydasiga 750 ming so‘m davlat boji undirilishi qayd qilingan. 

Mavzuga oid