Jahon | 21:56 / 29.05.2025
1609
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadada o‘rmon yong‘inlari minglab gektar maydonni egalladi

Xavf yuqori bo‘lgan hududlardan 17 mingga yaqin odam evakuatsiya qilingan. 30 kun davomida favqulodda holat rejimi amalda bo‘ladi.

Foto: Government of Manitoba

Kanadaning Manitoba provinsiyasida o‘rmon yong‘inlari o‘n minglab gektar maydonni qamrab oldi. Mahalliy hukumat 17 mingdan ziyod aholini evakuatsiya qildi, deb xabar beradi CBC.

Manitobada o‘rmon yong‘inlarining 22 ta yirik o‘chog‘i qayd etilgan. Ulardan biri Manitoba va Saskachevan provinsiyalari chegarasidagi Flin-Flon shahriga yaqin joylashgan bo‘lib, qariyb 20 ming gektar hududni egallagan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan beri provinsiyada 102-yong‘in kuzatilmoqda — bu 20 yil davomidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori. Issiq va shamolli ob-havo vaziyatni yanada qiyinlashtirmoqda.

Mahalliy hukumat butun Manitoba hududida favqulodda holat e’lon qilgan. Xavf yuqori bo‘lgan hududlardan 17 mingga yaqin odam evakuatsiya qilingan. So‘nggi marta bu qadar keng ko‘lamli evakuatsiya salkam 30 yil oldin amalga oshirilgan — 1997 yilda 25 ming kishi suv toshqinlari sabab o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgandi.

Flin-Flon shahri hukumati mahalliy aholini yarim tunga qadar uylarini tark etishga chaqirdi. Boshqa aholi punktlari ham xavf ostida qolmoqda. Kross-Leyk hududida yong‘in 1,5 ming gektarni qamrab olgan va magistral yo‘lga chiqishni bloklagan.

Yong‘inlarni o‘chirishga Kanadaning boshqa hududlarida, jumladan, Alberta, Britaniya Kolumbiyasi, Shahzoda Eduard orollari va Nyu-Brunsvikdan ham kuchlar jalb etilgan. Hozircha favqulodda holat 30 kunga e’lon qilingan, zarurat tug‘ilsa, u yana uzaytirilishi mumkin.

Mavzuga oid