O‘zbekiston | 21:38 / 27.05.2025
16812
8 daqiqa o‘qiladi

Nyu York meri va o‘zbek tadbirkorining oldi-berdisi: bu haqda nimalar ma’lum?

FTB AQSh va O‘zbekiston fuqaroligiga ega tadbirkor Tolib Mansurov va Nyu York meri Erik Adams o‘rtasidagi turli yozishmalar va shubhali munosabatlarni aniqladi. Tadbirkor merning saylov kampaniyasi uchun noqonuniy “soxta xayriyalar” tashkil etgan. Tergov hujjatlarida Mansurov Nyu York shahridagi o‘zbek diasporasining nufuzli a’zosi, O‘zbekiston hukumati bilan chuqur aloqalarga ega shaxs sifatida tavsiflangan.

2024 yil sentabr oyida Nyu York meri Erik Adamsga nisbatan korrupsiya ishi bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Dastavval u saylov kampaniyasi uchun Turkiyadan noqonuniy xayriya mablag‘larini olganlikda gumonlanayotgan edi. Ko‘p o‘tmay tergov Adamsning nafaqat Turkiya, balki Isroil, Qatar, Xitoy, Janubiy Koreya va O‘zbekiston bilan aloqalarini ham qamrab olgani ma’lum bo‘ldi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

The City nashriga ko‘ra, Nyu Yorkda o‘z biznesiga ega asli o‘zbekistonlik tadbirkor Tolib Mansurov bu ishda figurantlardan biriga aylangan.

“Erik Adamsning mamlakatdagi eng katta shahar meri sifatidagi statusidan foydalangan holda O‘zbekistondagi hokimiyat haqida shakllangan salbiy qarashlarni yumshatishda, Bruklin tumanidan bo‘lgan bir biznesmen O‘zbekiston hukumatining proksi vakili vazifasini bajarganlikda gumonlanmoqda”, deya yozadi nashr tergov materiallariga asoslangan holda.

Qayd etilishicha, Tolib Mansurov saylovoldi kampaniyasida Erik Adamsni qo‘llash uchun noqonuniy xayriyalar tashkil qilganlikda gumon qilinyapti.

Prokurorlarga ko‘ra, saylangan mer bu yordam evaziga o‘zbek yetakchilarini yig‘gan holda shahar meriyasida tadbir o‘tkazgan, Bouling Grin nomli parkda O‘zbekiston bayrog‘ini tantanali ko‘tarish marosimini tashkil qilgan, shuningdek, Mansurov va qurilish boshqarmasi o‘rtasidagi nizoda Mansurovga ko‘mak bergan.

Tadbirkorning iddao qilinayotgan missiyasi (“shahar meriga xorijiy mamlakat nomidan ta’sir o‘tkazish”) – tergovchilar bir necha yildan beri o‘rganib kelayotgan Adamsning xayriya jamg‘arish amaliyotlaridagi boshqa yashirin harakatlarga o‘xshab ketadi, deya qayd etadi manba.

Prokurorlar gumonicha, Mansurovning bu missiyasidan maqsad – Nyu York merining obro‘sidan foydalanib, O‘zbekistonning reputatsiyasini yaxshilash bo‘lgan.

Tergovchilar Erik Adams va Turkiya manfaatlarini ifoda etuvchi turk diasporasi vakillari o‘rtasidagi aloqalarga ham xuddi shunday gumon bilan qarayapti.

Tergov hujjatlariga ko‘ra, prokurorlar Tolib Mansurovni “O‘zbekiston hukumatiga aloqador va O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo bilan bog‘liq masalalarda Adamsga ta’sir o‘tkazish uchun ishlaydi” deb hisoblagan. Ularning da’vo qilishicha, tadbirkor Nyu York merligiga nomzod uchun xayriyalar yig‘ayotgan paytda, O‘zbekistonning BMTdagi vakolatxonasi bilan doimiy aloqada bo‘lgan.

Bundan tashqari, prokuratura hujjatlarida Mansurov murakkab pul yuvish sxemasi orqali Kiprda joylashgan korxonadan mablag‘ olgani, shu mablag‘ hisobidan Bruklinda ko‘chmas mulk sotib olgani da’vo qilingan. Qayd etilishicha, u ham AQSh, ham O‘zbekiston fuqaroligiga ega.

Tadbirkor The City nashrining savollariga javob berishni rad etgan, “kechirasiz, hozir bandman” deya go‘shakni qo‘yib qo‘ygan.

Manbaning yozishicha, Tolib Mansurovga nisbatan jinoiy ayblov qo‘yilmagan, u huquq organlari bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan. Tergovchilar bilan suhbatlarda u pul yuvishga oid ayblovlarni rad etgan, lekin Erik Adams uchun uchta holatda o‘n minglab dollar xayriya yig‘ganini, xususan siyosatchiga homiylik (donat) qilganlarga bu xarajatlarini qoplab berganini tan olgan. Bunday kompensatsiya Adamsga saylov kampaniyasi uchun noqonuniy ravishda ko‘proq mablag‘ jalb qilish imkonini bergan.

Shahar hokimi qayta saylanish kampaniyasi uchun xayriya mablag‘larini so‘ragan yozishmalardan birida Mansurovga shunday degan: “Siz har doim mening eng kuchli odamim bo‘lgansiz”.

Nyu Yorkda joylashgan Bouling Grin parkidagi O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarish marosimidan olingan surat. 2023 yil 2 sentabr / Foto: Caroline Rubinstein-Willis

Ayblovda keltirilishicha, Mansurov 2023 yil davomida va 2024 yil boshlarida, Adams uchun xayriya mablag‘lari yig‘ayotgan paytda, BMTdagi O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolaridan biriga tegishli telefon raqami bilan 292 marta muloqot qilgan. (Delegatsiya The City nashrining so‘roviga javob bermagan).

Tintuv uchun tayyorlangan hujjatlarda Mansurovning meriya qo‘llab-quvvatlovini olishga qaratilgan faol lobbi yuritgani qayd etiladi. Ayniqsa, u merning Jamoatchilik ishlari bo‘yicha komissari Fred Kreizman bilan ko‘p bora muloqot qilgan. Tergovchilar 2023 yil davomida Mansurov Kreizmanga 55 marta qo‘ng‘iroq qilganini hujjatlashtirgan.

Prokurorlarning qayd qilishicha, Mansurov ilk bor 2020 yil dekabrida Adams foydasiga xayriya mablag‘i yig‘ishni boshlagan. O‘shanda Adamsning 2021 yilgi saylov kampaniyasida ko‘ngilli bo‘lib qatnashayotgan Muhammad Bahi Mansurovdan 10 ming dollar moliyaviy yordam so‘raydi. Mansurov chek yozib bermoqchi bo‘lganida, Bahi kompaniyalar xayriya qila olmasligini, shuningdek, mer lavozimi uchun saylov kampaniyasida shaxsiy xayriyalar uchun 2 ming dollarlik cheklov borligini tushuntiradi. Shundan keyin Mansurov o‘ziga tegishli United Elite Group kompaniyasidagi to‘rt xodim va o‘zining nomidan 2 ming dollardan xayriya qiladi.

2023 yil iyun oyida Adams bevosita Mansurovning o‘ziga SMS yozib, 2025 yilgi qayta saylov kampaniyasi uchun mablag‘ so‘ragan. Mansurov bu safar 10 kishi nomidan 1000 dollardan xayriya qilishni tashkil etgan.

2024 yil may oyida Adams Signal ilovasi orqali Mansurovga: “Menga katta yordam kerak”, – deb yozgan. Merning aytishicha, davlat homiyligiga (Nyu York saylov kampaniyasi byurosi mahalliy xayriyalar uchun har 1 dollar evaziga 8 dollar subsidiya beradi) ariza topshirish uchun 250 dollardan 1000 dona kichik donat yig‘ishi kerak bo‘lgan. Hujjatlarda Mansurov bu iltimosni bajarganmi-yo‘qmi, noma’lum, lekin uning kompaniyasi moliyaviy direktori Oybek Shokirov o‘sha oyning o‘zida 250 dollar xayriya qilgan.

Shuningdek, Mansurov Adams bilan yaqin aloqalaridan o‘z biznes manfaatlari yo‘lida foydalangani ham iddao qilinadi. Tadbirkor Kraun-Haytsda qurayotgan olti qavatli inshootida Nyu York Qurilish departamenti bilan muammolarga duch kelganida, Adamsga aloqaga chiqqan. Shundan keyin uning qurilish loyihasiga qo‘yilgan bir qator cheklovlar olib tashlangan.

2024 yil iyunida FTB va Nyu York ichki tergov bo‘limi Mansurov va yana to‘rt kishini soxta homiylik ishi doirasida so‘roq qilgan.

Shuningdek, tergov hujjatlarida Nyu York meri Turkiya rasmiylarining iltimoslarini bajargani, Xitoy diasporasi yetakchilari ham uning saylov kompaniyasi uchun yuz minglab dollar yig‘ishgani keltirib o‘tilgan.

Ma’lumot uchun, 64 yoshli demokrat Erik Adams – lavozimida o‘tirgan paytda federal ayblov e’lon qilingan Nyu York tarixidagi birinchi merdir.

2025 yil 2 aprel kuni federal sudya AQSh Adliya vazirligining iltimosnomasi asosida unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini yopdi.

Bu holat ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘ldi, xususan, bir nechta prokuror bunga norozilik bildirib iste’fo berdi.

OAVda Tramp administratsiyasi siyosiy xarakterga ega deb hisoblagan jinoyat ishlarini to‘xtatish masalasida Adliya vazirligiga topshiriq bergani aytiladi.

Mavzuga oid