Moskvada shaharni bilishini isbotlab bermagan taksichilar jarimaga tortiladi
Rossiya poytaxtida taksi haydovchilari uchun majburiy imtihon joriy qilindi: ular test topshirib, shahardagi muhim obektlar joylashuvi haqidagi bilimlarini ko‘rsatishi kerak. Bu testdan o‘tmay turib kira qilishga chiqqanlar jarimaga tortiladi. 2023 yilda Moskvada taksichilik qilayotgan o‘zbekistonliklar soni 5 mingga yaqin ekani aytilgandi.

Foto: RBK
Rossiya poytaxti Moskva shahrida taksi haydovchilari davlat, transport, ijtimoiy va boshqa muhim obektlar joylashuvi haqidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazuvchi testni topshirishi shart. Imtihondan o‘tmasdan taksichilik qilganlarga 5 ming rubl jarima xavf soladi. Shu mazmundagi qonun Moskva meri Sergey Sobyanin tomonidan imzolandi.
Test 20 daqiqa davom etadi va uni muvaffaqiyatli topshirish uchun to‘qqizta savoldan sakkiztasiga to‘g‘ri javob berish kerak.
Test doirasida taksi haydovchilarining Moskva transport infratuzilmasi, madaniy meros obektlari, tibbiyot muassasalari, ta’lim va sport inshootlari, davlat va shahar hokimiyati binolari, shuningdek, ularga boradigan yo‘nalishlar, favqulodda vaziyatlarda harakatlar, yo‘lovchilar va yuklarni yo‘lovchi taksilarida tashish qoidalari bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkaziladi. Test bepul va olingan sertifikat ikki yil davomida amal qiladi.
2023 yilda Xalqaro Yevrosiyo «Taksi» forumida Moskvadagi deyarli 332 ming haydovchining 79 mingga yaqini Qirg‘iziston, 7 ming nafari Tojikiston va 5 mingga yaqini O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum qilingan edi.