KXDRda yangi esminetsni suvga tushirish vaqtida «jiddiy avariya» yuz berdi
Tantanali marosimda mamlakat yetakchisi Kim Chen In ham ishtirok etgan. U sodir bo‘lgan voqeani «yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan hodisa» deb atagan.

Foto: KCNA
KXDR suv sig‘imi 5 ming tonnaga yetadigan yangi esminetsni suvga tushirayotganida avariya sodir bo‘ldi, natijada kemaga shikast yetdi. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kemani suvga tushirish marosimi 21 may kuni Chxonchjin kemasozlik korxonasida bo‘lib o‘tgan va unda KXDR yetakchisi Kim Chen In ishtirok etgan. Xabarda aytilishicha, korxona ishchilarining ehtiyotsizligi oqibatida «jiddiy avariya» sodir bo‘lgan, natijada kemaning tub qismi bir nechta joyi shikastlangan va esminets muvozanati buzilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kim Chen In sodir bo‘lgan voqeani «yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan hodisa» deb atagan. U esminetsni qayta tiklashni «davlat hokimiyati bilan bevosita bog‘liq siyosiy masala» deya ta’riflagan.
Xabarda avariya oqibatida jabrlanganlar yoki halok bo‘lganlarga oid ma’lumotlar keltirilmagan.
Reutersʼning yozishicha, KXDR tomonidan avariyaga oid xabarlarning oshkor etilishi — kamdan kam uchraydigan holat. «Shimoliy Koreyada bundan avval ham sun’iy yo‘ldoshning muvaffaqiyatsiz uchirilishi va turar joy binosining qulab tushishi kabi hodisalar sodir bo‘lgan. Keyinchalik bu voqealar mamlakat rahbariyatining muammolarni hal etishdagi rolini targ‘ib qilish uchun ishlatilgan», — deb yozadi agentlik.
Janubiy Koreya Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mondonligiga ko‘ra, ayni vaqtda kema «yonboshlab yotibdi».
Aprel oxirlarida KXDRda yangi ko‘p maqsadli «Chve Ren» esminetsini suvga tushirish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Suv sig‘imi 5 ming tonnaga yetadigan kema «eng kuchli qurollanishga» ega ekani aytilgan. Reutersʼning yozishicha, yangi ikkita esminets — mamlakatning o‘nlab raketalarini uchirishga qodir eng yirik harbiy kemalari hisoblanadi.
Mavzuga oid

11:35 / 05.06.2025
KXDR Rossiyani Ukrainaga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi

14:39 / 27.05.2025
Shimoliy Koreyada amaldor ag‘darilgan esminets tufayli hibsga olindi

17:55 / 25.05.2025
KXDRda esminetsni suvga tushirishda yuz bergan avariya ishi bo‘yicha uch kishi hibsga olindi

19:20 / 10.05.2025