Jahon | 21:37 / 21.05.2025
6630
8 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada Yanukovichning safdoshi otib ketildi

Andrey Portnov Viktor Yanukovich ma’muriyati rahbari o‘rinbosari bo‘lgan, Maydan voqealaridan keyin Ukrainadan qochib ketgan, ammo keyin qaytib, Poroshenkoni «qamatish» bilan tahdid qilgan. Shundan keyin sobiq prezidentga nisbatan davlatga xiyonat qilish bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

Nacho Doce / Reuters / Scanpix / LETA

21 may kuni Madrid chekkasidagi Posuelo-de-Alarkon shaharchasida ukrainalik huquqshunos Andrey Portnov otib ketildi — u Oliy radaning sobiq deputati hamda sobiq prezident Viktor Yanukovichning safdoshi bo‘lgan. Qotillik motivlari aniq emas. 2000-yillar boshida Portnov Ukraina sobiq bosh vaziri Yuliya Timoshenkoning jamoasida bo‘lgan, keyin esa Viktor Yanukovichning yoniga o‘tib, Maydan voqealari vaqtidagi siyosiy inqirozni hal etish bo‘yicha ishchi guruh a’zosi bo‘lgan. 2014 yil fevralida Portnov Ukrainadan Rossiyaga qochib o‘tadi. Ammo besh yil o‘tib Kiyevga qaytadi va Ukrainaning sobiq prezidenti Petro Poroshenkoga qarshi da’vo qo‘zg‘atishga kirishadi — uning arizalaridan biri asosida Poroshenkoga nisbatan davlatga xiyonat ehtimoli bo‘yicha tergov ochilgan. Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan bir necha oy o‘tib, chaqiriq yoshidagi erkaklarga taqiqlanganiga qaramay, Portnov yana bir bor Ukrainani tark etadi.

51 yoshli Andrey Portnov Madrid shahri chekkasidagi Posuelo-de-Alarkonda o‘ldirilgan, u bu vaqtda Amerika maktabiga bolalarni olib kelgandi. Ispan nashrlariga ko‘ra, darvoza oldida mashinaga o‘tirganida unga qarata bir necha o‘q uzilgan. El Pais yozishicha, hujum qilganlar soni ikki yoki uch nafar edi, qotillikdan keyin ular voqea joyidan yashiringan. El Mundo ma’lumotiga ko‘ra, politsiya ikkita versiyani ko‘rib chiqmoqda: uyushgan jinoiy guruhlar o‘rtasidagi hisob-kitob yoki siyosiy xarakterdagi hujum.

Andrey Portnov 1973 yilda Luhanskda tug‘ilgan, huquqshunoslikka o‘qigan va 1990-yillar oxirida Kiyevga ko‘chib o‘tib, bu yerda Qimmatli qog‘ozlar va fond bozori bo‘yicha davlat komissiyasida ishlagan. 2006 yilda Portnov «Yuliya Timoshenko bloki» ro‘yxati asosida Ukraina Oliy radasi deputatiga aylangan. Timoshenkoning o‘zi 2005–2010 yillarda Ukraina bosh vaziri lavozimini egallagandi. Portnov uning jamoasi tarkibiga kirgan, keyinroq uning saylov shtabi rahbariga aylangan va sudda — jumladan, Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yushchenkoga qarshi bir necha sud jarayonlarida uning manfaatlarini himoya qilgan.

Ukraina bosh vaziri Yuliya Timoshenko Andrey Portnov bilan Kiyevdagi Oliy ma’muriy sud majlisida, 2010 yil 19 fevral
Sergei Supinsky / AFP / Scanpix / LETA

2010 yilda Portnov prezident lavozimida Yushchenkoning o‘rniga kelgan Viktor Yanukovich jamoasiga o‘tadi. Portnov prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari va sud-huquq islohoti boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlanadi. 2014 yilda Maydandagi norozilik namoyishlari paytida u prezident ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilgan. U Yanukovich va adliya vaziri Yelena Lukash bilan birga siyosiy inqirozni hal qilish bo‘yicha ishchi guruh tarkibiga kiradi. 2014 yil fevral oyida Portnov Ukrainadan Rossiyaga, keyin esa Avstriyaga jo‘nab ketadi. Keyinchalik u intervyuda nima uchun ishchi guruhga kirganini o‘zi tushuntira olmasligini va bu uning «katta xatosi» bo‘lganini aytadi. «Antimaydanning yuzi bo‘lish vazifasi aynan bizning chekimizga tushgandi», – degandi Portnov.

Portnov 2011—2014 yillarda prezident Yanukovichning maslahatchisi bo‘lgan

Rossiyada Portnov uch yilga vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma oladi va advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ukrainada bu vaqtda unga nisbatan xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish bo‘yicha ish ochilgan – u Taras Shevchenko nomidagi Kiyev milliy universitetida o‘qituvchilik maoshini o‘zlashtirishda gumon qilingan. Unga qidiruv e’lon qilinadi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi Portnovning aktivlarini bir yilga muzlatib qo‘yadi, ammo u Lyuksemburgdagi sudda sanksiyalarga e’tiroz bildirishga muvaffaq bo‘ladi. Maoshni o‘zlashtirish ayblovlarini u qat’iyan rad etdi. Keyinchalik uni qidirish to‘g‘risidagi qaror ham bekor qilinadi. 2019 yilda Portnov Ukrainaga qaytib keladi. «Do‘stlar, men besh yildan ortiq o‘z mamlakatimda bo‘lmaganman. Va bugun Ukrainani tark etgan minglab odamlarga ishonch signalini bermoqchiman – qaytish, qurish va tiklash vaqti keldi», – deb yozgandi u o‘shanda o‘z suratiga ilovada.

Qaytib kelganidan keyingi birinchi intervyusidayoq Portnov Ukrainaning sobiq prezidenti Petro Poroshenkoga qarshi ariza topshirishni o‘z maqsadi deb ataydi va u «qamalishi»ni aytadi. Portnov Davlat tergov byurosiga Poroshenkoni hokimiyatni egallab olish, davlatga xiyonat, iqtisodiy jinoyatlar va vakolatlarni suiiste’mol qilishda ayblab, sobiq prezidentning mol-mulki va aktivlarini (shu jumladan, xorijda) hibsga olishni talab qilib, o‘nlab arizalar bergan. Natijada Portnovning Poroshenkoga qarshi bayonotlaridan biri bo‘yicha Ukraina uchun foydali bo‘lmagan Minsk kelishuvlarini imzolash tufayli ehtimoliy davlatga xiyonat bo‘yicha sudgacha tergov boshlanadi. Shu bilan birga, Portnov videobloger Anatoliy Shariy va «Strani.ua» bosh muharriri Igor Gujvaga qarshi jinoiy ishlarni yopishni lobbi qiladi.

«Liga» nashri yozishicha, Ukrainaga qaytganidan keyin Portnovda mamlakatning yangi prezidenti Volodimir Zelenskiyning «jamoasiga yaqin kishi imiji» shakllanadi. Bunday mish-mishlar tarqalishiga Portnov prezident ofisining o‘sha vaqtdagi rahbari Andrey Bogdan bilan yaqindan tanish bo‘lgani, Portnov bilan aloqador odamlar Zelenskiyning saylov kampaniyasini moliyalashtirgani asos bo‘lgan. Zelenskiyning o‘zi 2019 yil oktyabrida «janob Portnovni tanimasligi» va «u o‘z jamoasidan emasligi»ni aytib chiqqan.

2021 yil dekabrda, korrupsiyaga qarshi kurash kunida AQSh Portnovni «Magnitskiy akti» bo‘yicha sanksiyalar ro‘yxatiga kiritadi (bu ro‘yxatga inson huquqlari buzilishi va korrupsiyaga aloqador bo‘lgan rasmiy shaxslar kiritilgan). Bu Portnov pora evaziga «Ukraina sud va huquq-tartibot idoralari bilan keng aloqalar o‘rnatgani» va o‘z ta’sir doirasidan foydalanib, Ukraina sudlarida kerakli hukmlar chiqarilishiga erishgani bilan asoslanadi.

2022 yil mart oyida «Sxemalar» («Ozodlik» radiosining tadqiqot loyihasi) Portnov Moskvada Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovga yaqin odamlar bilan birgalikda elita ko‘chmas mulkiga egalik qilayotgani haqida surishtiruv e’lon qilgandi. 2022 yil iyun oyida Portnov harbiy xizmat yoshidagi erkaklar uchun cheklovlarga qaramay, Ukrainadan Karpatorti oblastidagi o‘tkazish punkti orqali xorijga chiqib ketgan.

2024 yil oxirida Ukrainadagi media vakillari Volodimir Zelenskiyni Portnovga qarshi sanksiyalar joriy etish taklifini Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritishga chaqirgandi.

Reuters Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangan 2022 yil fevralidan buyon ushbu ikki mamlakatdan kelganlar ko‘p yashovchi Ispaniyada rossiyaliklar va ukrainlar ishtirokida bir necha shov-shuvli qotillik ro‘y berganini eslatadi. Xususan, 2024 yil fevralida Alikante provinsiyasida 2023 yilda Mi-8 rusumli harbiy vertolyotni o‘g‘irlab, Ukraina tomoniga o‘tib ketgan rossiyalik harbiy uchuvchi Maksim Kuzminov otib ketilgandi.

Mavzuga oid