Jahon | 20:36 / 20.05.2025
1792
2 daqiqa o‘qiladi

YeI davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 17-paketini tasdiqladi

Sanksiyalar asosan RFning «soyadagi floti» tankerlariga qaratilgan. Shu bilan birga, Rossiya harbiy zavodlariga qurol ishlab chiqarishda zarur tarkibiy qismlarni yetkazib bergan Qozog‘iston, O‘zbekiston, Serbiya, Turkiya va BAA kompaniyalariga nisbatan ham cheklovlar qabul qilingan.

Foto: Flickr

Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 17-paketini tasdiqladi. YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallasga ko‘ra, sanksiyalar Kremlning «deyarli 200 ta soyadagi tankeriga» ta’sir ko‘rsatadi.

«Yangi choralar, shuningdek, gibrid tahdidlar va inson huquqlariga qaratilgan. Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar ustida ham ish olib borilmoqda. Rossiya urushni qancha uzoq davom ettirsa, bizning javobimiz shunchalik qattiq bo‘ladi», — deb yozadi Kallas X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

«Soyadagi flot»dan tashqari, 35 ta kompaniyaga nisbatan ham cheklovlar qabul qilingan. Ular orasida Rossiya harbiy zavodlariga qurol ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan komponentlarni yetkazib beradigan Qozog‘iston, O‘zbekiston, Serbiya, Turkiya va BAAdagi kompaniyalar ham mavjud. Shuningdek, «Surgutneftegaz», «VSK» sug‘urta kompaniyasi va harbiylar uchun dronlar ishlab chiqaruvchi markaz ham cheklovlarga uchradi.

«KamAZ» bosh direktori Sergey Kogoninga qarshi ham cheklovlar ko‘zda tutilgan. Shuningdek, inson huquqlarini buzgani uchun 28 kishi «qora ro‘yxat»ga kiritiladi. Ular orasida siyosiy mahbus Aleksey Gorinovga hukm chiqargan sudya Olesya Mandeleyeva va ushbu sud jarayonida davlat ayblovchisi sifatida qatnashgan Svetlana Juravlyova ham bor. Qolganlar ham sudyalar, prokurorlar, tergovchilar va bir nafar Jazoni ijro etish federal xizmati amaldori hisoblanadi.

Shuningdek, «Kimyoviy qurollarni tarqatish va ulardan foydalanish» bilan bog‘liq alohida ro‘yxat ham tasdiqlandi. Uning tarkibiga Rossiya Mudofaa vazirligining Radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari va ikkita idoraviy ilmiy-tadqiqot institutlari kiritilgan.

Mavzuga oid