Aholining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi

Foto: Ekologiya va iqlim vazirligi
2025 yil 15 may kuni O‘zbekiston prezidentining «2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorda 2030 yilda 3,3 mln nafar maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida ekologik madaniyatni shakllantirish maqsad qilingan. Shuningdek, 4,2 mln nafar umumiy o‘rta ta’lim tizimi tashkilotlari o‘quvchilarida ekologik ta’lim-tarbiyani mustahkamlash, ekologik madaniyatni yuksaltirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qaror bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiya 2027 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan har 2 yil muddatga tasdiqlanadigan alohida «yo‘l xaritasi» asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining ekologik bilimini oshirishga qaratilgan bepul o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi konvensiyaga (Orxus konvensiyasi, Orxus shahri, Daniya, 1998 yil 25 iyun) qo‘shilgani munosabati bilan 2025 yil 1 dekabrdan boshlab atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimi ma’lumotlari bazalarining jamoatchilik uchun ochiqligi ta’minlanadi hamda ularda quyidagi ma’lumotlar joylashtirib boriladi:
– har yili «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ekiladigan daraxt va ko‘chatlar haqida;
– davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish maqsadida taqdim etilgan arizalar haqida;
– suv havzalarida noruda materiallarni qazib olish bo‘yicha joriy qilingan moratoriy tartibini buzgan shaxslar haqida;
– jamoatchilik eshituvlari natijalari haqida;
– ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida o‘tkazilgan reydlar, tekshiruvlar, monitoringlar natijasida aniqlangan qonun buzilishi holatlari va ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan choralar haqida;
– hududlarga qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun biriktirilgan sanitar-tozalash korxonalari haqida;
– chiqindilarni qabul qilish, saralash, qayta ishlash va yoqish orqali muqobil energiya ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar haqida.
2025 yildan boshlab har yili aholining turli qatlamlari, talabalar va o‘quvchi yoshlar o‘rtasida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida «Yangi daraxt – yangi nafas» respublika ekochempionati hamda har oyda bir marta «Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz» shiori ostida aksiyalar, tashviqot tadbirlari o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy loyihalar tanlovida aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishni ilmiy-amaliy jihatdan tadqiq etishga oid mavzularni har yili e’lon qilib boradi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari talabalari tomonidan O‘zbekiston ekovolontyor talabalari harakati tashkil qilinadi.
Ekologiya yo‘nalishida ilmiy izlanishlar olib borayotgan, O‘zbekiston hamda xorijiy davlatlarda tahsil olayotgan vatandosh talabalar va olimlarni birlashtiruvchi «Ekolog olimlar hamjamiyati» nodavlat notijorat tashkiloti ta’sis etiladi.
2025 yil 1 avgustdan Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi davlat inspektorlari quyidagi holatlar aniqlanganda tezkor nazorat tadbirlarini tekshiruvlar boshlangandan so‘ng yigirma to‘rt soat ichida «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor etadi:
– yuridik shaxslarning o‘z hududida binolarni, inshootlarni yoki boshqa obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chog‘ida belgilangan talablarni buzib, kimyoviy, biologik vositalarni qo‘llagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payxon qilish yoki yo‘q qilish;
– o‘lchami besh yuz kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hududda hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish;
– yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash.
Bundan tashqari, «yashil iste’mol» madaniyatining kundalik qoidalarini bilish, tabiiy resurslarni isrof qilmaslik kabi xalqimizning milliy udum va qadriyatlarini targ‘ib qilish, bu haqda turli animatsion filmlar yaratish ham belgilab qo‘yilgan.
«Albatta, bugun o‘zini tabiatga daxldor deb biladigan, atrof-muhit muhofazasi haqida qayg‘uradigan va bu borada o‘z mas’uliyatini his qila oladigan kadrlarga har doimgidan ham ko‘proq ehtiyoj bor. Shu nuqtayi nazardan, yangi qonun muhim ahamiyat kasb etadi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Mavzuga oid

13:58 / 21.05.2025
NNTga ekologik loyihalar uchun davlat ijtimoiy buyurtmasi beriladi

14:09 / 20.05.2025
Daraxt kesish uchun ariza berayotganlarni jamoatchilik kuzatib turadi

10:51 / 15.05.2025
Samarqandda qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida tabiatga 10 mln dollardan ortiq zarar yetdi

10:24 / 15.05.2025