Kambag‘al oilalar reyestridagi ayrim oilalar passiv daromad oladi
Prezident tomonidan «Kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmon imzolandi.
2025 yil 15 maydan boshlab Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi bo‘lgan oilalar "qizil", "sariq" va "yashil" toifalarga taqsimlanadi.
"Qizil" toifaga oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:
- a’zolarining kamida bir nafari sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan oila;
- parvarishga muhtoj a’zosi, shu jumladan, nogironligi mavjud farzandi bo‘lgan oila;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa yoxud yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxsdan iborat bo‘lgan oila;
- boquvchisini yo‘qotgan yoki boquvchisi jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oila.
"Sariq" toifaga oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan hamda a’zolari sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan oilalar kiritiladi.
"Yashil" toifaga oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining bir baravaridan bir yarim baravarigacha bo‘lgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:
- oila "qizil" yoki "sariq" toifadan chiqarilgan bo‘lsa;
- oilaning Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilishi ehtimoli yuqori bo‘lsa.
2025 yil 1 iyundan boshlab:
- qonunchilik hujjatlarida Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar uchun belgilangan ijtimoiy xizmatlar, yordamlar va imtiyozlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ham tatbiq etiladi, 2026 yil 1 yanvardan boshlab esa faqat Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ko‘rsatiladi;
- davlat xizmatlaridan foydalanish uchun bojlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashda "sariq" toifaga kiritilgan oilalarga 50 foiz, "qizil" toifaga kiritilgan oilalarga esa 75 foiz miqdorida chegirmalar qo‘llanadi;
- kambag‘al oilalar "qizil" yoki "sariq" toifadan "yashil" toifaga o‘tganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi o‘n ikki oy muddatga saqlab qolinadi;
- "qizil" toifaga kiritilgan oilalarga passiv daromad keltiruvchi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.
Quyidagilardan boshlab:
- 2025 yil 1 iyundan boshlab "qizil" toifaga kiritilgan oilalarning "a’lo" baholarga o‘qiydigan talaba qizlariga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan bazaviy stipendiyaning ikki baravari miqdoridagi maxsus stipendiya to‘lanadi;
- 2025 yil 1 sentabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasasining uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalar umumiy sonining 15 foizi miqdorida kambag‘al oilalar farzandlari uchun alohida kvota ajratiladi va ular ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi;
- 2026 yil 1 yanvardan boshlab kambag‘al oilalarning "a’lo" baholarga o‘qiydigan farzandlarining O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi oromgohlarda dam olishi va sog‘lomlashtirilishi xarajatlari Bolalarni sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladi.
Mavzuga oid

10:04 / 12.05.2025
“Mono-markazlarda o‘qitilgan 74 ming kishi ish bilan ta’minlanmagan” – deputat

19:45 / 29.04.2025
Kambag‘al oila farzandlari maktabdagi uzaytirilgan kun guruhlari uchun to‘lovdan ozod qilinadi

12:21 / 18.03.2025
Kambag‘allikni qisqartirish jamg‘armasining vazifalari belgilandi

18:12 / 07.03.2025