Iqtisodiyot | 18:12 / 07.03.2025
11080
8 daqiqa o‘qiladi

Migrantlarning pul o‘tkazmalarisiz O‘zbekistonda kambag‘allik 17 foizgacha oshishi mumkin – Jahon banki

O‘zbekistonlik muhojirlar orasida Rossiyani tanlayotganlar ulushi 57 foizgacha kamaygan. Xorijdan pul o‘tkazmalarining bo‘lmasligi mamlakatda kambag‘allik darajasini 9,6 foizdan 16,8 foizgacha oshirishi mumkin, deyiladi Jahon bankining migratsiyaga oid tadqiqoti xulosalarida.

Foto: Reuters

Jahon banki “Oldinga yo‘l: Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida muvaffaqiyatli migratsiyani qo‘llab-quvvatlash” nomli hisobotini taqdim etdi.

Unda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi migratsiya tendensiyalari va ularning davlat siyosatiga ta’siri tahlil qilingan.

“O‘zbekistonlik muhojirlar oqimi ko‘proq diversifikatsiyalangan”

Dunyo bo‘ylab jami migrantlarning uchdan bir qismi – 100 million nafari Yevropa va Markaziy Osiyoda yashaydi. Migratsiya mintaqa taraqqiyotidagi muhim masala bo‘lib qolmoqda. Daromadlar o‘rtasidagi tafovut, demografik nomutanosiblik, iqlim o‘zgarishi va qurolli mojarolar butun dunyo bo‘ylab migratsiya oqimining o‘sishiga hissa qo‘shishda davom etmoqda.

2020 yilda Qozog‘istondan chiqib ketgan 4 million muhojirning deyarli uchdan ikki qismi Rossiyaga, chorak qismi esa Germaniyaga ishlashga borgan.

Qirg‘iziston va Tojikistondan bo‘lgan muhojirlarning Rossiya iqtisodiyotiga bog‘liqligi bundan ham yuqori. 2023 yil holatiga ko‘ra, tojikistonlik va qirg‘izistonlik mehnat muhojirlarining 80 foizdan ortig‘i Rossiyaga yo‘l olgan.

O‘zbekistonlik muhojirlar oqimi ko‘proq diversifikatsiyalangan: 57 foizi Rossiyada, 15 foizi Qozog‘istonda va 10 foizi Ukrainada ishlaydi.

“Pul o‘tkazmalari bo‘lmaganda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 9,6 foizdan 16,8 foizga oshishi mumkin edi”

Hisobot taqdimoti 5 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi. / Foto: Jahon banki

Markaziy Osiyo mamlakatlarida mehnat migratsiyasi millionlab fuqarolar uchun asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

2024 yil holatiga ko‘ra, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari Tojikiston yalpi ichki mahsulotining 45 foizini tashkil etdi – bu nisbiy ma’noda dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Qirg‘izistonda pul o‘tkazmalarining YaIMdagi ulushi 24 foiz, O‘zbekistonda esa 14 foizni tashkil etdi.

Bu mamlakatlardan kelgan muhojirlar chet elda ishlash orqali o‘z daromadlarini ikki yoki uch baravar oshirishlari mumkin, bu esa ularning oilalari turmush darajasini sezilarli yaxshilaydi. Xususan, Qirg‘izistonda pul o‘tkazmalari oladigan uy xo‘jaliklari orasida kambag‘allik darajasi 10 foizdan kam, ularsiz esa 50 foizdan oshgan bo‘lardi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari bo‘lmasa, mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 9,6 foizdan 16,8 foizgacha oshishi mumkin.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va uning migratsiyaga ta’siri

Rossiyaning Ukrainaga bosqini valutalar, energiya, xomashyo va oziq-ovqat narxlari, ta’minot zanjirlari hamda savdo aloqalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu ayniqsa Rossiya va Ukrainaga iqtisodiy jihatdan bog‘liq bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun sezilarli bo‘ldi.

Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari uchun Rossiya asosiy migratsiya yo‘nalishi bo‘lgani sababli, ushbu geosiyosiy silkinish migratsiya oqimlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi, xorijdagi bandlik imkoniyatlarini qisqartirishi va mintaqaga pul o‘tkazmalarining kamayishiga sabab bo‘lishi kutilgan.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston kabi Rossiyaga emigratsiya yuqori bo‘lgan davlatlar bo‘yicha yuqori chastotali ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, urush boshlangan dastlabki 6 oy ichida muhojirlar soni barqaror saqlangan, lekin 2022 yil sentabridan boshlab keskin kamayishni boshlagan:

Aynan shu davrda Rossiyada harbiy safarbarlik e’lon qilinib, mamlakat iqtisodiyoti yomonlashgan edi. Atigi 1 oy ichida bu ikki mamlakatdan muhojirlar soni 15 foizga kamaygan, Qirg‘izistondan borayotgan muhojirlar esa 2022 yilning oxirgi uch oyida 36 foizga qisqargan.

Markaziy Osiyodagi vaqtinchalik migratsiya va gender bo‘yicha tafovutlar

Vaqtinchalik migratsiya shakllari, ayniqsa qisqa muddatli ishchi migratsiya, asosan erkaklar orasida keng tarqalgan. Rossiya aholini ro‘yxatga olish statistikalarida Markaziy Osiyo muhojirlari orasida jinsiy nisbati deyarli teng deb ko‘rsatilsa-da, aslida kelib chiqish mamlakatlaridagi so‘rovnomalar buni rad etadi.

Vaqtinchalik migratsiya bo‘yicha tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki:

  • Qirg‘iziston va Tojikistonda muhojirlarning 80 foizini erkaklar tashkil etadi;
  • O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 90 foizga yetadi.

Yuqori malakali emigratsiya va Markaziy Osiyodagi vaziyat

Yevropa va Markaziy Osiyoning ba’zi kichik va o‘rta daromadli davlatlarida yuqori malakali emigratsiya keng tarqalgan. Masalan, Bosniya va Hersegovinada ishga layoqatli aholining 45 foizi, Albaniyada esa 30 foizdan ortig‘i chet elda yashaydi.

Markaziy Osiyo davlatlarida esa bu ko‘rsatkich ancha past:

  • Tojikiston va O‘zbekistonda yuqori malakali aholi orasida emigratsiya darajasi 5 foizdan kam.
  • O‘zbekistonda muhojirlarning 95 foizdan ortig‘i past malakali ishchi kuchi hisoblanadi.

Bu esa Markaziy Osiyo mamlakatlarida ko‘proq kam malakali mehnat migratsiyasi yetakchilik qilayotganini anglatadi.

Past malakali migratsiya muhojirlar, ularning oilalari va kelib chiqqan mamlakatlar uchun katta foyda keltiradi. Eng bevosita ta’siri – ishchilarning daromadi sezilarli oshishi, natijada uy xo‘jaliklarining daromad va farovonligining o‘sishi bo‘lib, bu pul o‘tkazmalari orqali mamlakatlarga katta mablag‘ oqimini ta’minlaydi.

Migratsiyani samarali tartibga solishda Jahon banki bergan tavsiyalar

Tegishli davlat siyosati choralarini ishlab chiqish uchun migratsiyaning har xil turlarini belgilash

Ushbu chora-tadbirlar yuqori malakali va past malakali muhojirlar, shuningdek, iqtisodiy imkoniyatlarni izlayotganlar va qurolli mojarolar tufayli o‘z mamlakatini tark etishga majbur bo‘lganlar o‘rtasidagi farqlarni hisobga olishi kerak. Ushbu sohadagi siyosat ilmiy ma’lumotlarga asoslanishi, ham milliy, ham mintaqaviy darajada muvofiqlashtirilishi lozim.

Mehnat unumdorligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, fuqarolar va iqtisodiyot farovonligini oshirish maqsadida mahalliy mehnat resurslari raqobatbardoshligini oshirish strategiyasida migratsiyaning turli jihatlarini integratsiyalash

Milliy darajada bu ichki mehnat bozorini rivojlantirish bo‘yicha mavjud dasturlar doirasida zarur ko‘nikma va bilimlarni egallash imkoniyatlarini ta’minlash, shuningdek, mehnat migrantlari oqimini istiqbolli tashqi bozorlar ehtiyojlariga muvofiq samarali taqsimlashga qaratilgan immigratsiya strategiyalarini ishlab chiqishni nazarda tutadi.

Xavfsiz va tashkillashtirilgan migratsiya mexanizmlarini rivojlantirish

Migrantlarning o‘z mamlakatlarida ro‘yxatga olish tizimlarini joriy etish va migrantlarni qabul qiluvchi davlatlar bilan chet elda ishlayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ikki tomonlama shartnomalar tuzish muhimdir. Aholini boshqa mamlakatlarda ishga joylashish imkoniyatlari to‘g‘risida ishonchli axborot bilan ta’minlash zarur.

Migrantlarning o‘z mamlakatlaridagi davlat organlari o‘z fuqarolarining ijtimoiy ta’minoti va sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarning migrantlarni qabul qiluvchi davlatlarga “transfer” qilinishiga erishish tavsiya etiladi.

Mavzuga oid