Prezident maktablarining PISA'dagi ishtiroki umumiy natijalarga katta ta’sir qilmaydi – Andreas Shlyayxer
Barcha 14 ta prezident maktabi PISA tadqiqotida ishtirok etishini O‘zbekistonning o‘zi so‘ragan. Ularga alohida guruh deb qaraladi va vaznni belgilash yo‘li bilan umumiy natijalarga haddan ortiq ta’sir qilishining oldi olinadi, deya ma’lum qildi PISA asoschisi Andreas Shlyayxer. Maktab vazirligi bayonot berib, 233 ta maktabning barchasi tasodifiy tanlanganini iddao qilish bilan uning so‘zlarini qisman rad etdi.

Foto: Umit Donmez / Anadolu Agency
O‘zbekistonda PISA xalqaro tadqiqoti o‘tkazilayotgan maktablar ro‘yxatiga barcha prezident maktablari ham kiritilgani yuzasidan tadqiqot muallifi va Maktab vazirligi izoh berdi.
Avvalroq jamoatchilik faollari prezident maktablarining bu tadqiqotda qatnashishi natijalarning sun’iy yaxshilanishiga sabab bo‘lishi ehtimoliga e’tibor qaratgan, maktab vaziri Hilola Umarova bunga javoban barcha maktablar tasodifiy tanlab olinganini bildirgandi.
Lekin 10 mingta maktab ichidan tasodifiy tanlangan 233 tasi sirasiga barcha hududlardagi prezident maktablari to‘lig‘icha kirib qolgani vazirning so‘zlariga ishonchsizlik uyg‘otgandi.
“Bu maktablarni qo‘shishni O‘zbekiston tomoni so‘ragan” — PISA asoschisi
Gazeta.uz nashri mavzu yuzasidan PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayxerga savollar yo‘llab, undan javob xati olgan. Unda Shlyayxer tadqiqot uchun tanlab olingan maktablar qatorida barcha 14 ta prezident maktabi ham borligini tasdiqlab, ularga alohida guruh deb qaralishi, mamlakatning umumiy natijalarini hisoblab chiqarishda vazn berish usuli qo‘llanishi hisobiga, haqqoniy natijalar olinishini ta’kidlagan.
“O‘zbekiston bo‘yicha mamlakat natijalarini tayyorlashda ushbu maktablarning tanlanmadagi ulushi oshib ketgani hisobga olinadi, shu sababli tadqiqot natijalari O‘zbekistondagi barcha o‘quvchilar holatini to‘g‘ri aks ettiradi. Prezident maktablarining natijalari faqat bu maktablardagi o‘quvchilarning mamlakatdagi jami o‘quvchilar soniga nisbatan ulushiga mutanosib ravishda hisobga olinadi.
Bunday yondashuv PISA tadqiqoti uchun standart bo‘lib, mamlakatlar umumiy natijalarga qo‘shimcha ravishda muayyan turdagi maktablar yoki o‘quvchilar bo‘yicha natijalarni tahlil qilmoqchi bo‘lganda qo‘llanadi. PISA natijalarini hisoblashda muayyan turdagi maktablar umumiy natijaga haddan tashqari katta ta’sir qilmasligi, mamlakat darajasidagi natijalar mamlakatdagi umumiy holatni aks ettirishi uchun tanlanmaga vazn berish (sampling weighs) metodikasini qo‘llaydi.
Xususan, O‘zbekiston bo‘yicha tadqiqotlarda mamlakat hududi urbanizatsiya darajasi bo‘yicha 27 ta guruh (strata)ga bo‘lib olingan, shundan kelib chiqib PISA o‘quvchilarni tanlashda avval ushbu 27 guruhda qancha maktab/o‘quvchi bo‘lsa, shunga proporsional ravishda ulush ajratgan. Keyin esa 14 ta prezident maktabi qo‘shimcha guruh sifatida alohida kiritilgan. Ixtisoslashtirilgan maktablarga kelsak, maktablarning ixtisoslashuvi alohida guruhga bo‘lish uchun mezon qilib olinmagan, lekin har bir guruh ichida qo‘shimcha mezon sifatida olingan”, – deyiladi Andreas Shlyayxerning izohida.
Tadqiqot muallifi bunday maktablarning tadqiqotda ishtirok etishi reprezentativlik tamoyiliga qanchalik mos ekaniga ham javob bergan.
“O‘zbekiston tomoni ushbu muassasalarning ta’lim natijalari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun 14 ta prezident maktabini ham kiritishni so‘ragan.
Ular mutanosiblik (proporsionallik) tamoyili asosida olingan tanlanmaga qo‘shimcha tarzda kiritilgan, shuning uchun standart PISA tanlanmasi natijalarini buzmaydi va faqat o‘zlarining nomidan ishtirok etadi. Ularning o‘zi alohida guruh sifatida olingan bo‘lib, har qanday tahlil uchun PISA tanlanmasining qolgan qismidan osongina ajratib olinishi mumkin”, – degan PISA asoschisi.
Maktab vazirligi PISA izohini qisman rad etmoqda
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy bayonotida avvalroq vazir Umarova aytgan pozitsiya takrorlanadi: “233 ta maktabning barchasi tasodifiylik tamoyili asosida tanlab olingan”.
Bu esa PISA asoschisining yuqorida keltirilgan axborotini rad etadi.
“PISA 2025 – Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan xalqaro tadqiqot bo‘lib, unda ishtirok etish uchun O‘zbekistondagi 233 ta maktab tasodifiylik tamoyili asosida tanlab olingan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tadqiqotda ishtirok etish uchun mamlakatdagi barcha maktablar ro‘yxati mazkur tashkilotga taqdim etilgan va ularning orasidan tanlab olish huquqi butunlay Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ixtiyoridagi masaladir.
Maktablarni va o‘quvchilarni tanlab olish random (tasodifiylik) usulida bo‘lib, biror bir maktab yoki ishtirokchini majburan ro‘yxatga kiritish imkoniyati yo‘q”, – deyiladi vazirlik bayonotida.
MMTV mamlakat o‘quvchilarining chinakam bilim va salohiyatini shaffof tarzda aniqlashdan birdek manfaatdor ekanini qo‘shimcha qilgan.
Tavsiya etamiz
Isroil–Eron urushining Markaziy Osiyo uchun geosiyosiy mezonlari qanday?
Jahon | 22:13 / 18.06.2025
Klublar o‘rtasidagi JChda ko‘pchilikka notanish bo‘lgan 11 iste’dod. Kimlar turnir kashfiyoti bo‘lishi mumkin?
Sport | 20:34 / 18.06.2025
Yana yuzlab odam aldangan: Alfa va Baraka avtolizing sudidan reportaj
Jamiyat | 11:25 / 18.06.2025
Isroil eronliklar tuzumga qarshi isyon ko‘tarishiga umid qilmoqda. Buning ehtimoli bormi?
Jahon | 20:00 / 17.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Niderlandiya Qrim tatarlarining deportatsiyasini genotsid deb tan oldi
Jahon | 10:25
-
XMT: Haitida 1,3 mlnga yaqin kishi to‘dalar zo‘ravonligi tufayli uyini tark etdi
Jahon | 10:23
-
2025-2026 o‘quv yili uchun 1-sinfga onlayn qabul boshlandi
O‘zbekiston | 10:17
-
Yevroittifoq Bolgariyani yevrohududga qabul qilishni tavsiya etdi
Jahon | 10:14
Mavzuga oid

12:02 / 19.06.2025
Sotib yuborilayotgan bog‘, maktab va bog‘cha hududlari. Nima qilish kerak?

20:55 / 12.06.2025
“1 soatda bitadigan muammoni 1,5 yildan beri cho‘zishmoqda” – Zangiotada tayyor yangi maktab ish boshlamayapti

17:14 / 11.06.2025
Imtihon javoblarini 5 ming so‘mdan sotgan maktab o‘qituvchisi ishdan olindi, direktorga esa ta’sir chorasi qo‘llandi

13:05 / 11.06.2025