Turkiya aviakompaniyalari samolyot to‘xtashidan oldin o‘rnidan turganlarni jarimaga tortadi
Yangi qoidalarga ko‘ra, samolyot qo‘nganidan so‘ng, biroq u to‘liq to‘xtamasdan o‘rindiqdan turib, yuqori tokchalardagi yuklarini olishga harakat qilgan yo‘lovchilar jarimaga tortiladi. Turkish Airlines bunday choralarni amaliyotga kiritayotgan ilk aviakompaniyaga aylanmoqda.

Turkiya fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasi (SHGM) chiqargan sirkulyarga ko‘ra, turk aviakompaniyalari yo‘lovchilari «Xavfsizlik kamarini taqing» yozuvi o‘chmasdan o‘z joyini tark etgani uchun ma’muriy jarima to‘lashi kerak bo‘ladi.
Haber Gazetesi gazetasi yozishicha, Turkiyaning yetakchi aviakompaniyasi hisoblangan Turkish Airlines allaqachon bort kuzatuvchilariga (styuardessa) yo‘lovchilarni yangi qoidalar haqida xabardor qilishga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Bort kuzatuvchilari bunday hodisalarni qayd etib borish va qoidabuzarliklar bo‘yicha ma’lumotlarni tegishli organlarga topshirish huquqiga ega bo‘ladi.
O‘zgartirishlar ekipajga «xayrlashuv e’loni»dan so‘ng yo‘lovchilarga xavfsizlik kamarlari chirog‘i o‘chmaguncha o‘z joylarini tark etmaslik va bagaj javonlarini ochmaslik haqida qo‘shimcha ogohlantirish berishni ko‘zda tutadi. Ushbu qoidani buzgan yo‘lovchilar aviadeboshir (bezori) deb hisoblanadi. Qoidabuzarlik uchun jarima miqdoriga aniqlik kiritilmagan.
Ta’kidlanishicha, bunday choralar parvoz xavfsizligi va havo kemasi bortidagi tartib-intizomni oshirishga qaratilgan.
Turkish Airlines aviatashuvchisi vakili Akdeniz Gerek nashriga bergan izohida yangi qoidalar – nafaqat intizomiy chora ekani, balki yo‘lovchilar va atrofdagilar uchun xavfli holatlarni kamaytirishga qaratilgan qadam ekanini bildirgan. Muqaddam samolyot harakatda bo‘lgan vaqtda yo‘lovchilar o‘rnidan turib ketishi yoki javonlar yuklangan bo‘lim ochilishi oqibatida yuklar tushib ketishi bir necha bor jarohatga sabab bo‘lgan.
«Biz bu xatarlarni minimallashtirish niyatidamiz», – deyiladi xabarda.
Mavzuga oid

20:52 / 15.05.2025
Shavkat Mirziyoyev Turkiya vitse-prezidenti bilan uchrashdi

02:31 / 15.05.2025
Putin Ukraina bilan muzokaralarda ishtirok etadigan delegatsiya tarkibini tasdiqladi

23:40 / 14.05.2025
Zelenskiy: Ukraina muzokaralarning har qanday formatiga tayyor

17:14 / 14.05.2025