O‘zbekiston | 11:50 / 12.05.2025
4559
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta davomida havo harorati ko‘tariladi

Seshanbadan boshlab O‘zbekistonga issiq havo kirib kelishi kuchayadi. Havo harorati kunduz kunlari +37…+40, ba’zi joylarda +41…+42 darajagacha ko‘tariladi.

Foto: Kun.uz / Nuriddin Nursaidov

12–16 may kunlari O‘zbekiston bo‘yicha quruq va asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Faqat ayrim tog‘li hududlarda 12–13 may kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.

Dushanba kunduzi havo harorati +32…+35 daraja atrofida, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +37…+39 darajagacha bo‘ladi.

Seshanbadan respublika hududiga issiq havo kirib kelishi kuchayadi. Havo harorati asta-sekin ko‘tarilishi kutilmoqda va ish haftasining oxiriga kelib, kunduz kunlari havo +37…+40 darajagacha, ba’zi joylarda +41…+42 darajagacha isiydi.

Shimolda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda shamol tezligi 15–18 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahrida havo kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi. Bugun kunduzi harorat +33…+35 daraja, 13−14 mayda +35…+38 daraja, 15−16 mayda +38…+41 daraja bo‘ladi. Kechalari harorat +19…+21 darajadan +23…+25 darajagacha ko‘tariladi.

Mavzuga oid