Jahon | 12:00 / 12.05.2025
1154
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Xitoy Jyenevadagi muzokaralar ijobiy yakun topganini e’lon qildi

Qo‘shma Shtatlar Xitoy bilan tariflar bo‘yicha «kelishuvga» rozi bo‘ldi, deb xabar qildi Vashington vakili. Tafsilotlar 12 may kuni e’lon qilinadi.

Foto: Valentin Flauraud/AFP

AQSh Xitoy bilan tariflar bo‘yicha «kelishuv» yuzasidan bir qarorga keldi. Bu haqda 11 may, yakshanba kuni Vashingtonning savdo muzokaralaridagi vakili Jyeymison Grir ma’lum qildi. Unga ko‘ra, tafsilotlar 12 may kuni e’lon qilinadi.

Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen boshchiligidagi Xitoy tomoni Jyenevada bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuniga yetganidan keyin hech qanday izoh bermadi, deb xabar berdi dpa agentligi.

AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq mamlakat milliy xavfsizligiga savdo taqchilligi tahdidi sababli favqulodda holat e’lon qilgan edi. «Biz xitoylik hamkorlarimiz bilan erishgan kelishuvimiz ushbu milliy favqulodda vaziyatni hal qilish bo‘yicha ishimizda yordam berishiga ishonchimiz komil», dedi Grir ikki kunlik muzokaralar yakunida.

Tomonlar kelishmovchiliklar dastlab o‘ylagandek katta emasligi to‘g‘risida bir fikrga keldi, deya xabar beradi dpa axborot agentligi. AQSh moliya vaziri Skott Bessentning aytishicha, bu borada «katta o‘zgarish»ga erishilgan. Uning pozitsiyasini Xe Lifen qo‘llab-quvvatladi.

Mavzuga oid