Jamiyat | 13:05 / 11.05.2025
17423
15 daqiqa o‘qiladi

Yevropa osmonidan Etihad’gacha – o‘zbekistonlik styuardessa hikoyasi

“Styuardessalik faqat o‘yin-kulgi va sayohatdan iborat emas. Kuniga 20 soat tik oyoqda, havodagi bosimda ishlashingizga to‘g‘ri keladi”, – deydi Yevropa aviakompaniyalarida ishlagan o‘zbekistonlik styuardessa Iroda Mamadaliyeva. U Kun.uz’ga bergan intervyusida qanday qilib bort kuzatuvchisi bo‘lish, unga qo‘yiladigan talablar, Etihadʼdan taklif olgani va parvozning ko‘pchilikka noma’lum jihatlari haqida gapirib berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Orzular, qarshiliklar va ilk reys

Men uchun samolyot avvalambor orzularim ushalgan joy. Bu kasbni juda sevib qolaman deb o‘ylamaganman. Hamma kabi menda ham aviatsiya sohasida ishlash orzusi bo‘lgan. Bu sohaga kirib kelganimdan keyin bu orzumdagi va men har doim ishlashni xohlagan joy ekaniga amin bo‘lganman.

Juda ko‘p to‘sqinliklar bo‘lgan. Birinchi trening kuni uyimdagilar telefon qilib bu sohada ishlamasligimni aytishgan. Bu narsadan juda xafa bo‘lganman. Aslida juda mashaqqatli va talablari kuchli soha, men esa unda muvaffaqiyatga erishishimni tushuntirganman. Shundan keyin rozi bo‘lishgan. Hozir ko‘p qizlarda ham shu muammo bor.

Birinchi reys kunim og‘ir holatda o‘tgan. Tartib bo‘yicha erta uxlab, erta turishga o‘rganganman. Birinchi parvozim Toshkent-Istanbul yo‘nalishida bo‘lgan. Tungi parvoz bo‘lgani uchun uyqu rejimimni to‘g‘rilay olmaganman, juda qiyin o‘tgan. Siz har doim har xil vaqtlarda ishga chiqishingizga to‘g‘ri keladi.

O‘qituvchilikdan samolyotgacha

Styuardessalikkacha turli sohalarda ishlab ko‘rganman. 4 yil ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lganman. Keyin kasbimni o‘zgartirishim kerakligini tushundim. Har doim o‘sib rivojlanishni xohlayman. Bir joyda qotib qolgandek his qildim. Shunda aviatsiya orzum bo‘lgan va sinab ko‘rishni xohladim. Aviakompaniya ishga taklif qilgan. Ishlab ko‘rmagunimcha bu mening soham ekanini tushunmaganman. Shunchaki sinab ko‘raman, yaxshi bo‘lsa davom ettiraman, deb o‘ylaganman. 2-3 parvozimda bu mening kasbim ekanini tushundim.

Bort kuzatuvchilariga qanday talablar qo‘yiladi?

Bort kuzatuvchisi bo‘lish uchun ingliz va rus tillarida bemalol gaplasha olish kerak. Ishlayotgan aviakompaniyangizga qarab bu talab o‘zgarib boradi. Yevropa va arab aviakompaniyalarida ishlash uchun siz ingliz tilini yaxshi bilishingiz kerak. Shuningdek, sog‘ligingizda hech qanday muammo bo‘lmasligi kerak. Agarda sog‘likda muammo bo‘lsa, sohaga kira olmasligingiz mumkin. Aviatsiyada xavfsizlik birinchi o‘rinda. Bort kuzatuvchisining sog‘ligi yaxshi bo‘lishi kerak. Shuningdek, kirish imtihonlari olinadi va sizga turli talablar qo‘yiladi.

Birinchi ishga kirgan aviakompaniyam Yevropa aviakompaniyasi bo‘lgan. Unga kirishda bir nechta bosqichlardan, avvalo intervyu bosqichida turli savollar berilgan. Undan keyin tibbiy ko‘rik bosqichida sog‘ligimiz tekshirilgan. Shundan keyin ESA sertifikat borligi uchun o‘qish davomida ham imtihonlar topshirganmiz.

O‘zbekistonda ham Centrum Airʼga ishga qabul qilindim. Unda birinchi CV topshiriladi va suhbatga chaqiriladi. Suhbatda nima uchun styuardessa bo‘lishni xohlaysiz kabi savollar beriladi, suhbatda o‘zingizni yaxshi ko‘rsatsangiz, ishga qabul qilinasiz.

Etihad’dan taklif oldim”

Yaqinda BAAning milliy aviakompaniyasi Etihad’dan taklif oldim. Bunga kirish murakkab kechdi. Chet el aviakompaniyalariga ishga kirish ko‘p vaqt oladi va sizga ko‘p talablar qo‘yiladi.

CV topshirishdan boshlaysiz, undan keyingi bosqichda suhbat, undan keyin ingliz tili testi bo‘ladi. Test juda qiyin edi. Undan keyin barcha bosqichlardan o‘tsangiz, oxirgi o‘sha davlatga ko‘chib o‘tish boshlanadi. Menda ham shu tartibda ketgan. Lekin chet el aviakompaniyalariga ishga kirish 3 oydan 1 yilgacha vaqt olishi mumkin.

Bulardan tashqari, amaliy ko‘nikmalar, xususan suzish mahorati talab qilinadi. Chunki har xil favqulodda holatlar, samolyot suvga qo‘nishiga to‘g‘ri kelganda siz yo‘lovchilar hayotini saqlab qolishingiz kerak. Shu sababli o‘qish mashg‘ulotlarida suzish imtihonlaridan o‘tishingiz kerak.

O‘qish jarayonida o‘t o‘chirish, trapdan sakrash bo‘yicha o‘qitiladi. Agar samolyot favqulodda qo‘nsa, yo‘lovchilar tushishiga mo‘ljallangan zinalar kelguncha yo‘lovchilar samolyotni tark etishi kerak. Yo‘lovchilarni qanday qilib qutqarib qolishni o‘rgatish maqsadida amaliy darslar o‘tiladi.

Bort kuzatuvchilari janjalli holatlarni qanday bartaraf etadi?

Janjalli holatlar reysdan, samolyot havoga ko‘tarilishidan oldin bo‘ladi. Yo‘lovchilar joylariga o‘tirib olguncha. Biz bunday holatlarda ularni tinchlantirishga harakat qilamiz. Agar yo‘lovchilar yana janjalni davom ettirsa, o‘sha yerdagi xodimlarga aytiladi, ular reysdan yechiladi. Chunki parvoz davomida yana shunday holat kuzatilsa, bu favqulodda holatga aylanib ketishi mumkin. Shunday holatlar bo‘ladiki, yo‘lovchilar mushtlashib ketgan va kimdir hushidan ketgan holatlar yuz berishi mumkin. Bu aviakompaniya va biz xodimlarga katta muammo tug‘diradi. Janjal o‘z joyida hal qilinmasa, yo‘lovchilar reysdan yechiladi.

Menda bunday vaziyatlar juda ko‘p bo‘ladi, ayniqsa, Istanbul-Toshkent reysida. Shuning uchun ham ijtimoiy tarmoqlarga (yo‘lovchilar janjallashganiga oid) videoni qo‘yganman. Bilmadim, nega bizda bunday madaniyat, janjallashish holatlari ko‘p kuzatiladi. Ayniqsa, bortda o‘zini tutish madaniyati hali shakllanmagan. Balki, sayohat qilish madaniyati shakllanmagani uchundur, ammo bu narsa asta-sekin yaxshilanyapti.

Aslida biz yo‘lovchilarning janjallariga aralashmaymiz. Aytamiz, tinchlik saqlang, agar joyingizga o‘tirmasangiz, reysdan tushirib qoldiramiz.

ESA sertifikati haqida

ESA Yevropada parvoz qilish uchun ruxsat beradigan sertifikat. Uchuvchilar va bort kuzatuvchilar, aviatsiya sohasida ishlovchilar ESA sertifikati bilan ishlashi mumkin. Bu sertifikatga Yevropa Ittifoqi davlatlari kiradi. Uni olish tarixim Yevropa aviakompaniyasiga ishga kirishim bilan bog‘liq. Ishga kirgach bizga britaniyalik o‘qituvchilar kelib ESA sertifikati bo‘yicha o‘qitishgan. Nazariy imtihonlarni O‘zbekistonda, amaliy imtihonlarni Turkiyaning Turkish Airlines trening markazida topshirganmiz. Bu sertifikat bir marta beriladi va keyinchalik yangilab borsangiz bo‘ladi.

Parvoz madaniyatidagi farqlar

Avvalo Yevropa aviakompaniyasida ishlash menda yaxshi taassurot qoldirgan. Hamkasblar bilan ishlash, yo‘lovchilarning o‘zini tutish madaniyati ham rivojlangan. Ko‘p sayohat qiladigan odamlar bortda o‘zini qanday tutish kerakligini yaxshi bilishadi. Samolyot havoga ko‘tarilishidan oldin biz xavfsizlik qoidalari bilan tanishtiramiz. Har doim chet ellik, yoki yevropalik yo‘lovchilar bunga amal qilishadi. Lekin O‘zbekiston reyslarida shunday holatlarni kuzatganman, yo‘lovchilar oddiy kamarni taqishmaydi. Birgina kamar taqmaganlik uchun turbulentlik vaziyatlarida hayotdan ko‘z yumishi mumkin.

Istanbul-Toshkent yo‘nalishida bir yo‘lovchi bilan ajoyib voqea bo‘lgan. Samolyotda yosh bolalar va keksalar uchun sanoqli yopinchiq va yostiqlar beriladi. Bir yo‘lovchiga qolmaganini aytganimda tushunmasdan, shikoyat qilishni boshlagan. Katta muammo kelib chiqish arafasida edi, unga vaziyatni yotig‘i bilan tushuntirganman. Shu men uchun parvoz davomidagi eng yoqimsiz holat bo‘lgan.

Har doim ham bort kuzatuvchilar hamma narsa bilan ta’minlab berishga majbur emas yoki bu narsa qo‘llaridan kelmasligi mumkin.

Gretsiya va grek tili haqida

Parvoz davomida ko‘p joylarga uchamiz, turli davlatlarda bo‘lib u yerda 1-2 kun vaqt o‘tkazishimiz mumkin. Aytadigan bo‘lsam, Gretsiya, Qadimgi Yunoniston menga eng ko‘p yoqadigan va meni eng ko‘p ilhomlantirgan davlatlardan biri. Uning boy tarixi va orollari meni hayratga solgan. O‘tgan yili yozda Afinada Milliy Kapodistrian universitetida tahsil oldim. O‘sha vaqt davomida u yerda yashadim, haqiqatan juda yaxshi joy, odamlari mehmondo‘st.

Yozgi almashinuv darsi bo‘lgan. Turli davlatlardan o‘quvchilar aynan grek madaniyati va tilini o‘rganish uchun kelishardi. Jahon tillari universitetida bizga ikkinchi til sifatida grek tili o‘qitilgan. Ustozim Surayyo Musayevna “Ibrat farzandlari”da grek tilidan dars beradi. Ular meni bu tilga qiziqtirgan va men Gretsiyada grek tilni o‘rgandim.

Turli aviakompaniyalardan taklif va aviatsiya tayyorlov kursi

Bugungi kungacha juda ko‘p aviakompaniyalardan taklif olganman, Xususan, O‘zbekistondagi Air Samarkand va Centrum Air. Bundan tashqari, BAAning Etihad aviakompaniyasidan ham. Hozir BAAda o‘zbeklar uchun viza muammo bo‘lyapti, turli xil voqealar tufayli men hali ham viza bosqichidaman. Umid qilamanki, tez orada Abu Dabi shahriga ko‘chib o‘taman.

Aviatsiyada ish boshlaganimdan keyin juda ko‘p yoshlar bu sohaga qiziqishini, qanday kirishni so‘rab mendan maslahat so‘rashardi. 4 yillik o‘qituvchilik faoliyatim davomida pedagogik mahoratga ega edim. Tushunib yetdimki, darslik qilsam yoshlar uchun foydali bo‘ladi deb. 2024 yil 14 aprelda 2 oylik dars rejalarini tuzganimdan keyin “Aviatsiyaga tayyorlov” kursi shakllandi. Birinchi 20 dan ortiq o‘quvchi kursga ro‘yxatdan o‘tdi, keyingi natijalar quvonarli bo‘ldi. Hozirda 50 dan ortiq o‘quvchilar aviakompaniyalarga ishga kirdi. Uning nomini akademiyaga o‘zgartirishga qaror qildim. Hozir u “Aeropath Academy” nomi bilan ataladi. Akademiyamizda 1000 ga yaqin o‘quvchi tahsil olyapti.

Aviatsiyaga ishga kirganim inson sifatida meni shakllantirdi”

Insonlar bilan qanday muloqot qilish, sabrlilik va stressga chidamlilik qobiliyatimni oshirdim. Aviatsiya yosh qizaloq sifatida qilgan barcha orzularimni amalga oshirdi. Aviatsiya mashaqqatli, balki juda go‘zal soha. Sayohat qilishni orzu qilmagan odamning o‘zi bo‘lmasa kerak, u mana shu orzumni ushaltirgan.

Kuniga 20 soatgacha ham ishlashingiz mumkin”

Chiroyli ko‘ringan soha aslida eng mashaqqatli bo‘ladi. Boshqalar o‘ylashadi, faqat sayohat qilish va o‘yin kulgidan iborat deb. Kuniga 200 va undan oshiq yo‘lovchilar bilan ishlash, tik oyoqda yurish, undan tashqari havoda bosim juda ham baland bo‘ladi va qon aylanishi sekinlashishi natijasida tez charchab qolasiz. Qiyinchilik tarafidan yana biri rejim buzilishi. Organizm har doim bir xil rejimga o‘rgangan bo‘ladi, lekin siz aviatsiyaga kirib kelsangiz, bugun soat 3 da uxlasangiz, ertaga soat 3 da ishda bo‘lishingiz mumkin.

Yaqinda Sharm-ash Shayx Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha borib qaytib kelish reysim bo‘ldi. 12 soat davom etdi, bu reysni amalga oshirish uchun siz 14-15 soat vaqt sarflaysiz. Tayyorgarlik ko‘rish, aeroportga borish, yo‘lovchilarni kutib olish, kuzatib qo‘yish va qaytib kelish jarayoni… Siz kuniga 20 soatgacha ham ishlashingiz mumkin, bu siz bosim ostida ishlashingiz kerak degani.

Eng kerakli ko‘nikmalardan biri avvalo yo‘lovchilar bilan qanday chiqishishni bilishdir. Ishga kirayotganda ish tajribasi so‘raladi, ya’ni customer servise deyiladi. Yo‘lovchilar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lish kerak. Har kuni har xil yo‘lovchilar bilan ishlaysiz, qandaydir tushunmovchiliklar va tortishuvlar bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, stressga chidamlilik. Har doim charchasangiz ham yo‘lovchilarga kulib qarashingiz va yaxshi kayfiyatda yurishingiz kerak. Chunki bu sohaga kirganingizdan keyin siz aviakompaniya yuzi hisoblanasiz. O‘sha aviakompaniya xizmatlarini professional tarzda ko‘rsatishingiz kerak.

Uchuvchi kabinasi hammaga, bizga ham qiziq. U yerdan osmon juda chiroyli ko‘rinadi. Bizda shunaqa imkoniyat bor, ish vaqtida bo‘sh vaqtimiz bo‘lsa, uchuvchi kabinasiga borib, atrofni tomosha qilishimiz mumkin.

Hozirda aviatsiya sohasi juda rivojlangan, samolyot eng xavfsiz transport hisoblanadi. Shuning uchun favqulodda vaziyatlar deyarli uchramaydi. O‘zbekiston havo yo‘llarida hech qachon uchramagan, bizda turbulentlik vaziyatlari sodir bo‘lib turadi. Agar ob-havo yomon bo‘lsa, samolyot qattiqroq silkinishi mumkin. Bunday holatlarda qanday qilib kabinada xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlardan o‘tganmiz, bunday holatlar biz uchun unchalik qo‘rqinchli emas.

Uchuvchi bo‘lish orzum bor”

5 yildan keyin o‘zimni yaxshi turmush o‘rtoq, yaxshi farzandning onasi, shu bilan birga juda ko‘p yoshlarga yordam bera olgan ustoz sifatida ko‘raman. Umid qilamanki, 5 yildan keyin akademiyamiz yanada kengayadi. O‘zimning ham kasbiy taraflama rejalarim bor, aviakompaniyalarda ish faoliyatimni davom ettirish, uchuvchi bo‘lish uchun harakat qilish.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Mavzuga oid