Jahon | 22:17 / 11.05.2025
3987
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ma’muriy javobgarlikka tortilgan relokantlar mulkini musodara qilish boshlanadi

Davlat dumasi kelasi hafta bu boradagi qonun loyihasini ko‘rib chiqadi. Ta’kidlanishicha, bunday chora-tadbirlar «so‘z erkinligini suiiste’mol qiladiganlar»ga qaratilgan.

Foto: «RBK»

RF Davlat dumasi mamlakatdan chiqib ketib, Rossiya «manfaatlariga zid» harakat qilayotgan fuqarolar uchun ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirmoqchi. Kelasi hafta davomida bunday fuqarolarni sirtdan sud qilish va ularning mamlakatdagi mulklarini hibsga olish imkonini beradigan qonun loyihasi ko‘rib chiqiladi. Bu haqda quyi palata raisi Vyacheslav Volodin ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday chora-tadbirlar «so‘z erkinligini suiiste’mol qiladiganlar»ga qaratilgan. O‘zgartirishlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning barcha turdagi moddalariga ta’sir ko‘rsatadi. Ular orasida Volodin natsistlarga xos ramzlarni targ‘ib qilish yoki omma oldida namoyish etishni, armiyani «obro‘sizlantirish»ni, «feyklar» tarqatishni hamda «ijtimoiy tarmoq [sahifasi] egasi sifatida majburiyatlarni bajarmaslik»ni ajratib ko‘rsatgan. «Sud qarorini bajarishdan bo‘yin tovlamasliklari uchun [qoidabuzarlarning] mol-mulklarini musodara qilish chorasi nazarda tutilmoqda», — deya ta’kidlaydi spiker.

Aprel oyida Rossiya Davlat dumasi chet elda bo‘la turib, 20 ta jinoyat moddasi bo‘yicha «huquqbuzarlik harakatlari»ni sodir etgan relokantlarni sirtdan sud qilishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qilgandi. Bu moddalarga armiyani «obro‘sizlantirish», harbiy «feyklar»ni tarqatish, natsizmni «reabilitatsiya qilish», terrorizm, ekstremizm, separatizm, ommaviy tartibsizliklar, urush qo‘zg‘atish, sanksiyalar, Rossiyaning hududiy yaxlitligini buzishga da’vatlar kiradi.

«OVD-Info» hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina urushi boshlanganidan 2025 yil 24 aprelgacha Rossiya va anneksiya qilingan Qrimda armiyani «obro‘sizlantirish» moddasi bo‘yicha birinchi instansiya sudlariga 11 ming 121 ta ma’muriy ish yuborilgan. Shu bilan birga, urushga qarshi qarashlari uchun 1242 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Mavzuga oid