Germaniya kansleri Ukrainaga yetkaziladigan qurol-yarog‘larga oid ma’lumotlarni maxfiylashtirdi
Bu «strategik noaniqlik»ka erishish va Rossiyaning urushda ustunlikka ega bo‘lishining oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Foto: AP
Germaniya hukumati Ukrainaga ko‘rsatilayotgan harbiy yordamlarga oid batafsil ma’lumotlarni e’lon qilishni to‘xtatadi. Bu haqda kansler Fridrix Mers Kiyevga tashrifi vaqtida ma’lum qildi.
«Mening rahbarligim ostida qurol-yarog‘ ta’minoti, kalibrlar, qurollanish tizimlariga oid bahslar jamoatchilik e’tiboridan chetga olinadi», — deydi u.
Reuters manbasiga ko‘ra, Ukrainaga harbiy yordam bo‘yicha ma’lumotlar yashiriladi, bu esa «strategik noaniqlik»ka erishish va Rossiyaning urushda ustunlikka ega bo‘lishining oldini olish maqsadida amalga oshiriladi. Uning aytishicha, hukumat 2022 yil 21 iyundan buyon yangilanib kelgan yetkazib berilgan qurollar ro‘yxatini yuritishni ham to‘xtatadi.
Kiyevda o‘tkazilgan sammitda Mersdan uzoq masofaga mo‘ljallangan Taurus raketalarini yetkazib berish haqida ham so‘rashdi, bu masala uning saylovoldi va’dalaridan biri edi. Siyosatchi aniq javob bermadi, biroq bunday ehtimolni istisno ham etmadi. Saylovdan biroz oldin u bu qaror «hamkorlar bilan kelishilgan holda» qabul qilinishini aytgandi.
6 may kuni kansler lavozimiga kirishgan Mers Germaniya Rossiya bosqiniga qarshi kurashda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash majburiyatidan voz kechmasligini ta’kidladi. «Bu bizning umumiy Yevropa manfaatlarimizga daxldor. Urush nafaqat Ukraina hududiy yaxlitligiga, balki butun Yevropa siyosiy tartibiga ham tahdid solmoqda. Shuning uchun biz Ukraina bilan birgamiz», — dedi u. O‘sha kunning o‘zida Germaniya hukumati Ukrainaga 66 ta minalarga chidamli zirhli texnika, 50 mingga yaqin artilleriya snaryadi va havo hujumidan mudofaa tizimi IRIS-T uchun o‘q-dorilar yetkazilganini ma’lum qildi.
Bundan oldin Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Berlin 2029 yilgacha Kiyevga 11 milliard yevrodan ortiq harbiy yordam ajratishini ma’lum qilgandi, bu mablag‘ning 3 milliard yevrosi aynan joriy yilga to‘g‘ri keladi. 2025 yil oxirigacha Ukraina IRIS-T havo hujumidan mudofaa tizimidan to‘rttasini va unga 300 dona raketani, shuningdek, Patriot uchun 30 ta raketa, 15 ta Leopard 1 tankini, 25 ta Marder jangovar mashinasini hamda 100 ming dona artilleriya o‘q-dorilarini oladi.
Mavzuga oid

23:03 / 23.05.2025
Rossiya asirlar almashinuvi yakunlanishi bilan Ukrainaga o‘zining tinchlik shartlarini taqdim etadi - Lavrov

21:14 / 23.05.2025
Rossiya va Ukraina 390 nafar asirni almashtirdi

15:51 / 23.05.2025
Rossiya memorandumni imzolash uchun Zelenskiyni chetlatishni talab qilmoqda

13:45 / 23.05.2025