Jahon | 15:27 / 10.05.2025
7012
6 daqiqa o‘qiladi

Tarixni qayta yozayotgan Tramp va Hindiston–Pokiston havo janglari - geosiyosiy hafta tahlili

Tarixni qayta yozayotgan Tramp va Hindiston–Pokiston havo janglari – geosiyosiy hafta tahlili.

Tramp 8 mayni G‘alaba kuni deb e’lon qildi. U Kanadani 51-shtatga aylantirish orzusidan voz kechmayapti. Kreml neft narxi orqali bo‘ladigan bosimdan qo‘rqmasligini bildirdi. Pokiston-Hindiston havo janglaridan so‘ng Islomobod zaxira askarlarni shaylikka chorladi. Vatikanda yangi papa saylandi.

Joriy haftaning xalqaro maydondagi mavzulari muhokamasi – Kun.uzʼning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida tahlil qilindi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Pokiston va Hindiston o‘zaro havo hududiga kirmasdan bir-biriga zarbalar berdi. Bu yangi urush tendensiyasimi yoki tomonlar katta urushni xohlamaganmidi?

Siyosatshunoslar ikki davlat asosan kuchini namoyish qilish uchun harbiy harakat boshlaganini va bu urush katta miqyosga chiqmasligini aytdi. Haqiqatan ham 10 may kuni AQSh vositachiligida sulhga erishildi, bu xabarlarni Pokiston va Hindiston ham darhol tasdiqladi. 22 aprel kuni Kashmirning Hindistonga tegishli hududida sayyohlar hujumga uchragach, rasmiy Dehli 6 may kuni “Sindur” operatsiyasi o‘tkazilishini aytgan va Kashmirdagi Pokiston hududiga zarbalar bergan edi. Shundan so‘ng Islomobod ham “Banyan-ul-Marsus” nomli harbiy operatsiya o‘tkazishini bildirib, hattoki zaxiradagi askarlar ham chaqirilishini aytgan edi. Vashington vositachiligidagi kelishuvdan so‘ng Hindiston Pokiston bilan to‘xtatgan suv kelishuvini qayta tiklaydimi yoki yo‘q, bu haqida aniq ma’lumot berilmagan.

Siyosatshunos Oybek Sirojov ikki yadroviy davlatning ziddiyati Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston uchun ham xavotirli ekani, chunki Toshkentning dengizlarga chiquvchi bir qancha loyihalari aynan Islomobod va Dehli munosabatlariga bog‘liqligini qayd etdi.

Tramp 8 mayni G‘alaba kuni deb e’lon qildi. Ikkinchi jahon urushida AQShning ishtiroki qanday bo‘lgan?

Siyosatshunos Xayrulla Umarovning ta’kidlashicha, Garri Truman AQSh prezidentligiga kelishidan avval “urushda kim g‘olib bo‘lsa, o‘sha tomonda bo‘lamiz” degan fikrni ilgari surgan, Amerika iqtisodiyoti aynan urush davrida o‘sgan, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida AQShning SSSRga taqdim etgan “Lend-liz” dasturi ham urush taqdiriga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Biroq Fazliddin Madiyev urushdan keyin g‘oliblar o‘rtasida taqsimlangan resurslar masalasida sobiq ittifoq kelishilgandan ham ko‘proq o‘lja olgani, hattoki Rossiya hududidagi ayrim sanoat korxonalarida nemis texnikalari hozir ham mavjudligini qayd etdi.

Tahlilchi Shuhrat Rasul esa Umarovning fikrlarini rad etib, “Truman g‘olib tarafni qo‘llaymiz degan gapni davlat rahbari bo‘lishdan avval aytgan va bu AQSh pozitsiyasini anglatmasligi”ni aytadi.

“Lekin amalda bu urush ikki fashist imperiya – SSSR va Germaniya to‘qnashuvi edi. SSSRning ham Hitler Germaniyasidan farqi yo‘q edi”, deydi Shuhrat Rasul. Uning fikricha, Hitler g‘oyasi etnik ustunlikni ilgari surgan bo‘lsa, sobiq ittifoq elitasi ideologiyasi ham sinfiy fashizm kabidir. SSSR insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha fashizmdan kam zarar yetkazmagan. Stalin siyosati kommunizmni dunyoga yoymoqchi edi, ikki imperiyaning to‘qnashuvi vaqt masalasi edi.

“Ikkinchi jahon urushining boshlanishiga SSSR ham sababchi bo‘lgan, 1939 yil 23 avgustda SSSR va Germaniya o‘rtasida Molotov-Ribbentrop pakti imzolandi, uning maxfiy bandlariga ko‘ra, Sharqiy Yevropa ta’sir doiralariga bo‘lindi. Har ikki davlat Polshaga qiziqish bildirgan: SSSR G‘arbiy Ukraina, G‘arbiy Belarus va Bessarabiyani qaytarib olmoqchi edi, Germaniya esa Boltiqbo‘yi davlatlariga da’vodan voz kechdi. Shartnomaga muvofiq, Germaniya va SSSR bir vaqtda Polshaga qo‘shin kiritishi kerak edi, ammo 1 sentabrda faqat Germaniya hujum qildi va urush boshlandi. 17 sentabrda SSSR ham Polshaga bostirib kirdi. Brestda sovet va olmon qo‘mondonlari ishtirokidagi paradda Polsha bo‘linishi nishonlandi.

Urushdan foydalanib SSSR o‘z hududlarini kengaytira boshladi. 1939 yil noyabrdan 1940 yil martgacha u Finlandiya bilan urush olib bordi. Bu jarayonlar SSSRning strategik manfaatlariga xizmat qilgan”, deydi tahlilchi.

Siyosatshunos Oybek Sirojov ham Ikkinchi jahon urushida AQShning roli beqiyos bo‘lgani va o‘sha davrdagi mamlakat prezidenti Ruzveltning g‘alabaga, shuningdek, AQShning ulkan qudrat sohibiga aylanishiga ham samarali hissa qo‘shganini e’tirof etdi.

Shuningdek, suhbat davomida Trampning Kanada bosh vaziri bilan muloqoti, Moskvaga qarshi neft bosimi, Yaqin Sharqdagi vaziyat, Rimda saylangan papa va shu kabi haftaning muhim voqealari muhokama qilindi.

Bahslarga boy o‘tgan suhbatni You Tube platformasida to‘liq shaklda tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid