Jahon | 16:26 / 10.05.2025
13012
2 daqiqa o‘qiladi

«Kosmos-482» Hind okeaniga quladi - «Roskosmos»

1972 yilda Veneraga uchirishda muvaffaqiyatsizlikka uchragan sovetlarning «Kosmos-482» apparati orbitadan chiqib, 10 may kuni okeanga quladi. «Roskosmos»ga ko‘ra, qurilma O‘rta Andaman orolidan 560 kilometr g‘arbda joylashgan nuqtaga tushgan. Avvalroq «O‘zbekkosmos» mutaxassislari qurilmaning O‘zbekiston hududiga qulash ehtimolini baholagan edi.

Foto: TASS

1972 yilda uchirilgan «Kosmos-482» nomli fazoviy apparat o‘z faoliyatini yakunladi. U orbitadan chiqib, Hind okeaniga qulab tushdi. «Roskosmos» ma’lumotiga ko‘ra, apparatning harakati Yer atrofidagi kosmik hududda xavfli vaziyatlar haqida ogohlantiruvchi avtomatlashtirilgan tizim yordamida nazorat qilingan.

«Roskosmos» tarkibidagi «TsNIImash» mutaxassislari hisob-kitoblariga ko‘ra, qurilma bugun, 10 may kuni Moskva vaqti bilan soat 9:24 da (Toshkent vaqti bilan 11:24 da) atmosferaning zich qatlamlariga kirgan. U O‘rta Andaman orolidan 560 kilometr g‘arbda joylashgan nuqtada Hind okeaniga qulagan. Bu hudud Indoneziyaning Jakarta shahri g‘arbidagi mintaqaga to‘g‘ri keladi.

Ushbu kosmik apparat 1972 yil 31 mart kuni Venera sayyorasini o‘rganish maqsadida uchirilgan «Venera-8» missiyasining dublyori bo‘lgan. U tashuvchi raketasida tezlikni oshiruvchi qurilma nosozligi tufayli Yer orbitasidan chiqolmay qolib ketgan. Oradan 53 yildan ko‘proq vaqt o‘tib, kosmik chiqindiga aylangan qurilma yerga tushdi.

Avvalroq «O‘zbekkosmos» mutaxassislari «Kosmos-482»ning parashyuti ochilmasa, yerga urilish tezligi soatiga 500 kmgacha yetishi mumkinligini aytib, uning O‘zbekiston hududiga qulashi ehtimolini 0,3–0,5 foizga baholagan edi.

Mavzuga oid