“Kino va teatr ahmoqlarni tarbiyalaydigan joy emas, aqlli insonlar dam oladigan joy” – Sanjar Shodiyev
Kun podkasti'ning bu galgi mehmoni – aktyor, rejissyor, prodyuser Sanjar Shodiyev. Ijodkor bilan san’atga qanday kelib qolgani, akasining vafot etishi unga qattiq zarba bo‘lgani, o‘zbek kinosining bugungi ahvoli, teleekranlar orqali namoyish etilayotgan seriallardagi milliy qadriyatlarga teskari holatlar kabi mavzularda suhbat qildik. Podkastdan aktyor ijodiga oid she’rlar ham joy olgan.
- Hozir sizni tanishtirayotganimizda uchta maqomni aytdik. Aktyor, rejissyor va prodyuser. Qolaversa, bilamizki, kinossenariylar ham yozasiz. She’r ham yozsangiz kerak, adashmasam. Tomoshabin nazdida o‘zi Sanjar Shodiyev kim va o‘zingiz uchun kimsiz?
- Men o‘zi mutaxassisligim, tugatgan joyim Toshkent davlat San’at instituti drama va kino rejissyorlik fakultetini tugatganman. Kasbim rejissyor. Rejissyor bo‘lish uchun ham bastakor, ham yaxshi ssenarist, ham yaxshi operator bo‘lishingiz kerak. Siz ularga fikringizni, g‘oyangizni aniq yetkaza olishingiz uchun ham ulardek bilimga ega bo‘lishingiz lozim. Qiziqchilik men uchun xobbi. Uni yaxshi ko‘raman. Birinchi ijro etgan filmim komediya bo‘lgan. Birinchi rolni aktyor qaysidan boshlasa, bir umr tomoshabin uni shu rolda ko‘rishni xohlaydi. Men aktyor sifatida birinchi ustozimiz Burxon Sharopovning “Jonim seni yoxud egizaklar” filmida rol ijro etganman. Shu film orqali Borya obrazida juda ko‘pchilikka yoqib, meni kinolarga taklif qilishgan.
Menga ko‘pchilik ham aktyor, ham rejissyor, ham qiziqchi, ham prodyuser ekansiz, buncha kasb og‘irlik qilmaydimi desa, bilasizmi qanaqa savol berdingiz deyman. Bitta oshxonaga kirdingiz-da, bu yerda birinchi ovqat ham bor ekan, ikkinchi ovqat ham, salatlar ham bormi? Non ham qo‘yasizlarmi, deydi. Bu hammasi umumiy bitta o‘zi, oshxonaning asosi. Rejissyor ham xuddi shunday. San’atning har bir turidan boxabar bo‘lishi shart. She’riyatni o‘zim oldindan yaxshi ko‘raman. E’tibor berganmisiz, olgan filmlarim hammasida she’riy epizod bor.
- Xo‘p, mana, hozir mana shu joyda paradoks paydo bo‘lyapti-da. Siz rejissyorlikda o‘qigansiz, lekin tomoshabin sizni Borya sifatida biladi.
- To‘ppa-to‘g‘ri.
- Xo‘p, oxirigacha siz tomoshabin nazdida kim sifatida qolishni xohlaysiz?
- Ham rejissyor, ham aktyor sifatida. Raj Kapur o‘zi kino olgan, o‘zi rol ijro etgan. Shu ko‘rinishda yodda qolishni xohlayman. Bizda rejissyorga e’tibor qilishmaydi. Faqat kinoni ko‘rishadi. Kinoda asli rejissyor kim? Futbol murabbiyisiga o‘xshaydi. Agar kino zo‘r chiqsa, aktyorlar intervyu berishadi, biz bu kinoda juda qiynaldik, lekin yaxshi chiqishi uchun harakat qildik. Agar kino sal omadsiz chiqib qolsa, rejissyor bilan ishlashda adashdim-da, ko‘pchilik aytuvdi, shu kinoda o‘ynamagin deb, adashdim-da, deb to‘nkab qo‘yishadi.
- Maqomingizni aniqlashtirib ham oldik. O‘zi asli san’atga begona bo‘lmagan oilada tug‘ilgansiz. Lekin baribir ko‘p intervyularda ochiq gapirmagansiz, san’atkor bo‘lishingizga onangiz qarshi bo‘lgan ekan. Nima sabab?
- Shifokor o‘z bolasini shifokor qilmoqchi bo‘lmaydi. Chunki u kasbda azoblarni ko‘radi. Bolam menga o‘xshab azoblanmasin, o‘g‘lim boshqa kasbda bo‘lsin, deydi. Men ko‘p organ xodimlari o‘g‘lini san’atkor qilmoqchi bo‘lganini, bitta san’atkor esa aksincha, o‘g‘lini organ xodimi qilmoqchi bo‘lganini ko‘rib, o‘zini sohasida qiyinchilikni ko‘rib, farzandiga qiyinchilikni ravo ko‘rmaydi, deganman. Onam ham san’at qiyin narsa ekan, derdilar. Dadamga ko‘p bora o‘g‘limiz san’atkor bo‘lmasin, deganlar. Lekin shuni bildim, olmaning tagiga olma, shaftolining tagiga baribir shaftoli tushar ekan.
- Shu san’atga mehr bo‘lganidan Toshkentga kelgansiz, o‘qishga ham joylashib, o‘rtada o‘qishni tashlab ketgan vaqtingiz ham bo‘lgan ekan-a, eshitishimizga qaraganda?
- Ha, onam kasal bo‘lib qoldilar, majburan bir yil o‘qishni tashlab ketgandim. Keyingi yil kelib, qaytib kirdim.
- Bu gal qaysi yo‘nalishga kirgandingiz?
- Birinchi qo‘g‘irchoq rejissyorligi yo‘nalishiga kirganman. Keyingi safar drama kino rejissyorligiga o‘qishga kirganman. O‘zi San’at institutiga kirishim qiziq bo‘lgan. Uydagilar o‘qitmayman degani uchun Toshkentga qochib keldim.
- Qochib keldingiz?
- Ha, uydan qochib keldim-da. Mardikor bozorda ishlab yurdim. Bir kun mardikor bozordan ish bilan meni san’at institutining oldiga olib kelib qo‘yishibdi. Qarasam institut yotoqxonasi bilan bitta joyda, bolalar ashulalar aytib, raqsga tushishyapti. Qo‘limda belkurak, biz yer ag‘daryapmiz, O‘sha kuni men xayolotga kirib ketdim. Men shu yerda o‘qiyman, dedim. Chunki u yerda biror xafa odam yo‘q edi. Mening nazdimda hamma xursand, hamma bir-birini tushungan. Quvnoq odamlar davrasida men mana shu yoqqa o‘qishga kiraman, dedim. Qanaqa qilib kiraman bilmayman, lekin shu yerda o‘qishim kerak edi. Qo‘limda belkurak bilan orzu qilganman.
- Inson bitta narsaga erishish uchun baribir nimalardandir voz kechadi. Sizning niyatingiz Toshkentga o‘qishga kirish, san’at sohasida o‘qish bo‘lgan. Va shu sohaga o‘qish uchun siz nimalardan voz kechdingiz?
- Juda ko‘p narsadan. Mening ko‘zimga hech narsa ko‘rinmasdi. Bizning Qiziltepa tumanimizdan 13 ta san’atkor chiqqan. Balki shular sabab san’atga qiziqish balanddir. Oydin Hojiyeva, Mehriddin Rahmatov, Erkin Bozorov, “Sarbon” guruhidagi Farhod Saidov, shulardan juda ko‘pchiligi bitta tumandan chiqqan. U san’atkor bo‘ldi-ku, shu tumandan chiqdi-ku, men ham bo‘laman, deb ko‘pchilik shu institutga kelgan. Odamlarni oldiga borib, duo bering, men o‘qishga kirmoqchiman, aktyor bo‘laman desam, kelib-kelib senmi? Bilasanmi bu yerda pulli odamlar o‘qiydi, sen qanday kirasan, derdi. Sizdan nima ketdi, bitta duo bersangiz, derdim…
Intervyuning to‘liq shaklini video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Tavsiya etamiz
Tahdid va tarix haqida va’z: Istanbul muzokaralarida nimalar deyishdi?
Jahon | 13:33 / 17.05.2025
Haydovchilar uchun qator yengilliklar e’lon qilindi
O‘zbekiston | 18:04 / 16.05.2025
Shaharlarda yo‘l ta’mirlash ishlari faqat tunda amalga oshiriladi
O‘zbekiston | 17:20 / 16.05.2025
Kameralar yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun jarima yozmaydigan bo‘ldi
O‘zbekiston | 16:46 / 16.05.2025
Mavzuga oid

15:38 / 02.10.2023
“Davlat kino sohasida bugungi shovqin-suronni emas, ertangi shon-sharafini o‘ylab ish qilsin» – kinoshunos

15:13 / 01.10.2023
Choy, kofe tashishdan kinorejissyorlikkacha – “dahshatlar qiroli”dan 1 dollarga hikoya sotib olgan o‘zbek qizi

11:12 / 21.09.2023
“Senzura va mafkura tiqishtiraverish oqibati” - ijodkorlar o‘zbek kinosidagi saviyasizlik va uni qanday qutqarish mumkinligi haqida

14:20 / 13.09.2022