Jahon | 22:17 / 08.05.2025
4761
3 daqiqa o‘qiladi

Bill Geyts milliarder Ilon Maskni qashshoq bolalar o‘limida aybladi

Uning ta’kidlashicha, USAID tashkiloti tomonidan moliyalashtirishning keskin qisqarishi muhim oziq-ovqat va dori-darmonlarning omborlarida taqchillikka olib keldi va dunyo qizamiq, OIV va poliomiyelit kabi kasalliklarga duch kelishi mumkin.

Ilon Mask va Bill Geyts

Microsoft asoschisi va filantrop Bill Geyts milliarder Ilon Maskni AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) dasturlarini yopish orqali «dunyodagi eng qashshoq bolalar o‘ldirganlikda» aybladi.

Uning ta’kidlashicha, AQSh tomonidan moliyalashtirishning keskin qisqarishi muhim oziq-ovqat va dori-darmonlarning omborlarida taqchillikka olib keldi va dunyo qizamiq, OIV va poliomiyelit kabi kasalliklarga duch kelishi mumkin.

«Dunyodagi eng boy odam dunyodagi eng qashshoq bolalarni o‘ldirsa, bu yaxshi emas», dedi Geyts.

Jumladan, Geyts Mozambikning G‘azo viloyatidagi shifoxonani tilga oldi. U onadan bolaga OIV infeksiyasi yuqishining oldini olish bilan shug‘ullanadi. Biroq, AQSh rasmiylari shifoxonani Falastinning G‘azo sektoridagi HAMAS harakatiga prezervativ yetkazib berganlikda noto‘g‘ri ayblab, grantdan mahrum qildi.

«Men uning hozir OIV infeksiyasini yuqtirgan bolalar bilan uchrashishini istardim, chunki u moliyalashtirishni qisqartirdi», dedi Geyts.

Uning aytishicha, USAID tashkilotini «jinoyatchi» deb atagan Mask aslida agentlik nima bilan shug‘ullanayotgani va qanday ishlashini tushunmaydi. Fevral oyida Mask Mozambikning G‘azo viloyatini Falastin hududi bilan adashtirganini tan olgan edi.

2025 yil fevral oyida Maskning Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) Qo‘shma Shtatlarning dunyodagi eng yirik donori bo‘lgan USAID tashkilotini «o‘lish vaqti kelganini» e’lon qildi va deyarli tugatdi.

Bu Geyts va Mask o‘rtasidagi xayriya bo‘yicha birinchi mojaro emas. 2012 yilda Ilon Mask er-xotin Geytslar va investor Uorren Baffet tomonidan tashkil etilgan xayriya dasturiga qo‘shildi va boyligining kamida yarmini xayriyaga sarflashga va’da berdi. Biroq, keyinroq uning avtobiografi Valter Isaakson so‘zlariga ko‘ra, Mask Geytsga xayriya ishlarining aksariyati «bema’nilik» ekanini aytgan.

Isaakson so‘zlariga ko‘ra, milliarder 2022 yilda Geyts Tesla aksiyalarini sotganini bilgach, g‘azablangan va uni yaxshilikka intilayotgan kompaniyaga putur yetkazish orqali pul ishlashga uringani uchun ikkiyuzlamachi deb atagan.

Mavzuga oid