Jahon | 18:43 / 07.05.2025
6428
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad o‘tkazildi

7 may kuni Ostona shahrida II jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Marosimda Qozog‘iston qurolli kuchlarining 200 dan ortiq harbiy texnika, 66 ta vertolyot va harbiy samolyotlari namoyish qilindi.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Marosimda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va ushbu mamlakatga davlat tashrifi bilan kelgan Vetnam Kommunistik partiyasi MQ Bosh kotibi To Lam qatnashdi.

Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, parad o‘tkazilayotgan maydonda urush faxriylari va front ortida mehnat qilganlar, diplomatik korpus vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat 5 mingdan ortiq mehmon yig‘ilgan. Shuningdek, parad barcha viloyatlarda ekranlar orqali va internetda jonli efirda ham namoyish qilindi.

To‘qayev o‘z nutqida ushbu g‘alaba milliy tarixning ajralmas qismi va butun dunyo uchun muhim saboq bo‘lganini ta’kidlagan.

Ostonadagi paradda Qozog‘iston Qurolli Kuchlarining barcha bo‘linmalari va boshqa harbiy tuzilmalaridan 4 ming nafardan ortiq harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. 200 dan ortiq qurol va harbiy texnika, shuningdek, 66 vertolyot va harbiy samolyotlar jalb qilingan.

Kolonna tarkibida ilk bor «Buk» va «Tor» zenit-raketa komplekslari, «Baris», «Alan», «Aybar», «Taimas», «Terrex» g‘ildirakli jangovar mashinalari, shuningdek, minadan tozalash robotlari o‘rnatilgan maxsus mashinalar namoyish qilindi.

Ichki mudofaa-sanoat kompleksi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan jangovar texnikalar, uchuvchisiz uchish apparatlari namoyish qilindi.

Tadbirning aviashouga aylangan qismida 25 ta vertolyot, A-400 harbiy transport samolyoti, L-410 yo‘lovchi samolyoti, Bi-300 patrul samolyoti va Su-30SM qiruvchi samolyotlari havo hududidan uchib o‘tdi.  

Mavzuga oid