Jahon | 23:06 / 07.05.2025
2879
2 daqiqa o‘qiladi

Albaniya Trampning kuyoviga tegishli kurort qurilishini ma’qulladi

45 gektar maydonni egallaydigan kurort loyihasini amalga oshirish uchun 1,4 mlrd yevro investitsiya kiritiladi. Uni «rus Jyeyms Bondi» boshqaradi.

Foto: AP

Albaniya hududiy rejalashtirish agentligi Sazan orolida Donald Trampning kuyovi Jared Kushner tomonidan quriladigan hashamatli kurort loyihasini amalga oshirishni ma’qulladi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Edi Rama A2 CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. Yakuniy ruxsatni olish uchun Kushner qator hujjatlar paketini, jumladan, texnik chizmalar va ekologik ekspertizani taqdim etishi kerak.

Yanvar oyida Albaniya investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi mazkur loyihaga strategik maqomni bergandi. Investitsiya 1,4 milliard yevoga baholanmoqda, loyiha amalga oshiriladigan maydon 45 gektarni egallaydi. Kurort quriladigan Sazan orolidan oldin sovetlarning suvosti kemalari bazasi sifatida foydalanilgan va hozir ham rasman harbiy hudud hisoblanadi.

Yangi kurortni Aman Resors — rossiyalik biznesmen Vladislav Doroninga tegishli Shvetsariya kompaniyasi boshqaradi. Sirli shaxs ekanligi bois uni «rus Jyeyms Bondi» deb atashadi. Aman kurortlari dunyodagi eng hashamatli dam olish maskanlaridan hisoblanadi: tarmoq 20 ta davlatdagi 30 dan ortiq mehmonxonani boshqaradi. U yerdagi xonalarda bir kecha tunab qolish uchun salkam 1,4 ming dollar to‘lash kerak, alohida villalar ijarasi esa 50 ming dollargacha yetishi mumkin. Aman’ning doimiy mijozlari orasida Bill Geyts, Mark Tsukerberg, Kardashyanlar oilasi, Anjyelina Joli, Devid Bekhem, Tom Henks ham bor.

Albaniya — Kushnerning Bolqondagi yagona loyihasi emas. U, shuningdek, Belgradda 1999 yilda vayron qilingan sobiq Mudofaa vazirligi binosini ham rekonstruksiya qilishni rejalashtirmoqda. Serbiya hukumati bilan kelishuvga ko‘ra, uning o‘rnida mehmonxona va harbiy harakatlar qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan memorial paydo bo‘ladi.

Mavzuga oid