«Tanamda 20 tacha oskolka bor» – Rossiyada majburan urushga yuborilgan o‘zbekistonlik hikoyasi
Ayni vaqtda yaralanib shifoxonada yotgan o‘zbekistonlik Kun.uz’ga yo‘llagan murojaatida majburan urushga yuborilgani, uning qismida boshqa o‘zbeklar ham bo‘lganini aytgan.

Foto: Kun.uz
Kun.uz tahririyatiga Rossiyadagi qamoqxonadan majburiy urushga yuborilgan o‘zbekistonlikning murojaati kelib tushdi. 26 yoshli Shohrux Otaxonov Xorazm viloyatida tug‘ilgan, 2017 yildan Rossiyaga qatnab, qurilish sohasida ishlagan va haydovchilik bilan shug‘ullanib kelgan.
U oxirgi marta 2022 yil avgustida ishlash uchun Moskvaga borgan. O‘zining aytishicha, 2022 yil noyabr oyida tojikistonlik yigitni taksida aeroportga olib ketayotganida Rossiya kuchishlatar tuzilmalari xodimlari tomonidan to‘xtatilgan, yo‘lovchining yonidan 70 gramm miqdoridagi giyohvandlik moddasi topilgan. Ushbu hodisa ortidan Otaxonov ham aybdor deb topilgan hamda 2023 yil may oyida sud hukmi bilan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. U jazoni Ulyanovskaya oblastidagi Dimitrovgrad shahrida, qattiq tartibli koloniyada o‘tagan.
«Men o‘tirgan koloniyada 200 dan ortiq o‘zbek, 200 dan ko‘proq qirg‘iz va tojiklar bor edi. Biz kelganimizdan keyin uch oy o‘tib, urushga yuborishga targ‘ibot boshlandi. Dastlab qo‘rqitishdi, yolg‘iz qamab qo‘yishdi, qamoqxona xodimiga hujum qilding deb «srok»ni ko‘paytiramiz, deyishdi. Haqiqatan ham urushga bormayman deganlarga yana bir necha yil muddat qo‘shib berishdi. Mengacha jami 28 nafar o‘zbekistonlik mahbus urushga ketgandi.
Men koloniyada 1,5 yildan ko‘proq yotdim, 2024 yil oxirida qandaydir hujjatga qo‘l qo‘ydirishdi. Ertasi kuni mudofaa vazirligi xodimlari kelib bizga Rossiya pasportini ko‘rsatishdi, lekin qo‘limizga bermadi. Shu bo‘yi O‘zbekiston pasportini ham, ruslar bergan hujjatni ham ko‘rmadik».
Shundan so‘ng uni dastlab samolyotda, keyin poyezdda Ukrainaning Rossiya tomonidan qisman bosib olingan Luhansk oblastiga olib borishgan. Dimitrovgraddan Luhanskka qadar qariyb 1,5 ming kilometr masofa bor.
«Dekabr oyida bu yerga boshqa qamoqxonalardan ham o‘zbeklar keldi. Bizga harbiy kiyimlar berishdi, uch kunda keyin Donetskdagi harbiy qismga olib borishdi. U yerda 1,5 oy «trenirovka» qildik. 2025 yil 1 fevraldan biz jangovar vazifalarni olib, urushga chiqishni boshladik», deydi Shohrux.
«Haqiqiy urushga chiqqanimizda hech narsa ochiq aytilmagan. Piyoda shturm qildik, ratsiyadan aytib turishardi qaysi binoga borishni. Lekin hech kim bilmaydi u yerda dushman bormi yoki pistirmami, tavakkal boramiz.
4 fevral kuni Donetsk oblastidagi Zaporijjya qishlog‘i yaqinida tepamizdan dron hujum qilib, bomba tashladi. Oskolkalar menga ham tegdi, o‘sha joyda 18 fevralgacha qolib ketdim. Ukrain askarlaridan qolgan yeguliklar va quduqdagi iflos suvdan ichib kun o‘tkazdik. Ob-havo tumanli bo‘lib, dronlar uchmay qo‘yganidan keyin 4 kishi bo‘lib harbiy qismga qaytib keldik. U yerda oskolka tekkan oyog‘imga zelyonka va maz surishdi, qotgandan keyin yana jangga chiqarib yuborishdi: 20 kun bitta binoni qo‘riqladik. Jangdan qaytib, bormayman deganlarning o‘zlarini otib tashlashdi.
2 aprel kuni keyingi vazifada bizni Luhansk hududidagi o‘rmonzorga tashlashdi. Bu yerda Ukraina tarafdan ham, ruslardan ham biror jangchi yo‘q edi, faqat dronlar uchardi.
Bizni kechqurun majburlab chiqarishdi, shu kunning o‘zida dron yana ustimizga snaryad tashlab ketdi. Men qochib yaqin atrofdagi chuqurga yashirinishga urindim, baribir zarba kuchi va oskolkalar yetib keldi va ikki kun hushsiz yotdim. Hushimga kelgach, 10 kun chiqolmay yotdim shu joyda. O‘lganlarning sumkalaridagi yeguliklarni olib yedim.
12 aprel kuni ruslarning shu yerdan o‘tgan harbiy mashinasiga chiqib, harbiy qismga qaytdim. U yerdan Luhansk oblastidagi Sverdlovsk shaharchasidagi harbiy gospitalga olib kelishdi. Ayni damda shu yerda 2 haftadan buyon yotibman.
Bir qulog‘im eshitmay qolgan, keyin bilsam kontuziya bo‘libman. Gospitalda qo‘limdan bitta oskolkani olishdi, shu qo‘lim ishlamay qolgan. Tanamda yana 20 ga yaqin oskolka bor. Ukol-dori qilishyapti, yana bir oy davolanasan deyishdi.
Shohruh Otaxonov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilib, yordam so‘radi.
«Meni bu urushga majburan olib kelishgan. Prezidentimiz, Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilib, yordam berishini so‘rayman. 5 oydan buyon yarador holda urushda yuribmiz. Bizni hech kim eshitmaydi, quloq solmaydi. Shu holimizga qaramay, urushga tashlashyapti. Iltimos, shunga chora ko‘rib, meni va boshqa fuqarolarimizni qaytarishda yordam so‘rayman», deydi fuqaro o‘z murojaatida.
Uning aytishicha, bir necha hafta oldin Xorazm viloyati Shovot tumani IIB xodimlari ota-onasini chaqirib, ma’lumot olgan va yordam berilishini aytgan. Lekin bundan biror ish chiqishiga ko‘zi yetmayapti.
Shohrux Otaxonov Kun.uz bilan suhbatda o‘zi qatnashgan urush hududlarida ham, o‘zi yotgan harbiy gospitalda ham o‘nlab o‘zbekistonliklar borligini aytdi. Ularning ko‘pchiligi qo‘rqqanidan o‘zi haqida ma’lumotlar oshkor qilinishini xohlamagan.
Rossiya-Ukraina urushi va migrantlar
2022 yil fevral oyida Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirgandi va keng miqyosli urush hamon davom etmoqda. Hozirgi kunga kelib, Ukraina armiyasi safida ham, ruslar armiyasida ham yollanma jangchilar harbiy harakatlarda ishtirok etib kelmoqda. Ukraina armiyasida asosan G‘arb mamlakatlaridan kelgan sobiq harbiylar shartnoma asosida xizmat qilayotgan bo‘lsa, Rossiya armiyasi o‘z saflarini to‘ldirish uchun avvalo markaziy osiyolik migrantlardan foydalanmoqda.
Rossiyada markaziy osiyolik migrantlarni frontga yuborishning turli usullari qo‘llab kelinadi. Osonlashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini berish, katta oylik va yordam pullari, hujjatsiz migrantlar uchun qamoq yoki urushga borish tanlovi kabilar shular jumlasidan. 2024 yilda Rossiya tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin migrantlardan 30 ming kishiga bosim qilingani, natijada 10 ming kishini urushga yuborishga «muvaffaq bo‘lingani»ni rasman tasdiqlagan edi.
Yaqinda Ukraina hukumatiga aloqador «Xochu jit» loyihasi Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan mingdan ortiq o‘zbekistonlikka oid ma’lumotlarni oshkor qildi. Shuningdek, Ukrainaning «Tsenzor.NeT» portali jurnalisti Yuriy Butusov e’lon qilgan videolarda ukrainlarga asir tushgan ko‘plab o‘zbekistonliklarni ko‘rish mumkin.
Umuman olganda, Ukraina resurslari tomonidan O‘zbekistonning yuzlab fuqarolari asirga tushgani yoki jang maydonida halok bo‘lgani haqida ma’lumotlar e’lon qilib kelinmoqda.
O‘zbekiston hukumati qanday pozitsiyada?
O‘zbekistonda hukumat idoralari, Tashqi migratsiya agentligi va Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalar bir necha marta fuqarolarni urush targ‘ibotiga berilmaslikka chaqirib, xorijiy davlatdagi harbiy harakatlarda qatnashgan barcha fuqarolari istisnosiz jinoiy javobgarlikka tortilishidan ogohlantirib kelmoqda. Bundan jahli chiqqan rossiyalik deputatlar O‘zbekiston bilan viza rejimini joriy qilishga ham chaqirgandi.
Shuningdek, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bungacha bir necha bor murojaat bilan chiqib, Jinoyat kodeksining tegishli moddalari haqida eslatgan.
O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini chet el qo‘shinlari safiga qo‘shilmaslikka chaqirgan bo‘lsa-da, chet el OAVlarida muhokama qilinayotgan masala sudlarning yollanma askarlarga chiqargan «yumshoq hukmlari» bo‘lib qolmoqda.
Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urishayotgani aytilgan o‘zbekistonliklar ro‘yxati tarqalganidan keyin Tashqi ishlar vazirligi ushbu ma’lumotlar o‘rganilayotgani, natijalariga ko‘ra tegishli choralar ko‘rilishini bildirdi.
Bu orada rasmiy doiralar tomonidan ham migrantlar huquqlarini himoya qilish borasida qadamlar tashlandi.
Dastlab, 15 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy manfaatlari himoya qilinishi borasida parlament so‘rovi yubordi. Lekin hozircha bu so‘rovga javob kelgani haqida ma’lumot berilmadi.
29 aprel kuni Moskvada ikki mamlakat fuqarolarining huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda imzolangan bayonnoma bilan Rossiya Bosh prokuraturasi o‘zbekistonlik migrantlarning huquqlari ta’minlanishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish majburiyatini oldi.
2 may kuni esa O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov Rossiya elchisi Oleg Malginov bilan uchrashuv o‘tkazib, o‘zbekistonlik migrantlarning huquqlari poymol qilinishi holatlari ko‘payib borayotganiga e’tiroz bildirdi.
Tavsiya etamiz
Urushlar endi o‘zgacha: «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi haqida
Jahon | 22:27 / 02.06.2025
“Saviyasiz millat o‘zini o‘zi yo‘q qiladi” – Qozoqboy Yo‘ldoshev
Jamiyat | 15:21 / 01.06.2025
Ish staji yetarli bo‘lmasa ham pensiya tayinlanadimi?
O‘zbekiston | 10:03 / 31.05.2025
Eng ko‘p tug‘ilish qayd etilgan hudud ma’lum qilindi
O‘zbekiston | 11:34 / 30.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Asialuxe Travel” Qurbon hayiti sharafiga aksiya e’lon qildi – 50% gacha chegirma
Jamiyat | 17:00 / 02.06.2025
-
Tramp tuzoqqa tushgan akulalarni qo‘yib yuborgan ikki g‘avvosni afv etdi
Jahon | 21:52
-
«Portlashi kerak bo‘lgan hamma narsa portlatiladi» – Medvedev «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasiga Rossiyaning javobi qanday bo‘lishi haqida
Jahon | 21:50
-
Olimlar mikroplastik inson vujudiga qanday ta’sir qilishini tushuntirdi
Jahon | 21:49
Mavzuga oid

21:02
Rossiyada World of Tanks o‘yini dasturchilari «ekstremistik uyushma» deb e’lon qildi

18:55
O‘zbekistonda modernizatsiya qilingan T-64 tanki namoyish etildi

18:09
Ukrainaning «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi Kremlda «g‘azab va xavotirga» sabab bo‘ldi

15:50