Jahon | 16:12 / 04.05.2025
15549
11 daqiqa o‘qiladi

G‘alabani «o‘g‘irlagan» Tramp, maqsadi o‘zgargan Rossiya – hafta dayjesti

Ortda qolayotgan hafta nisbatan tinch o‘tdi. Tramp prezidentligining 100 kunlik yubileyini nishonladi, uning ma’muriyatida ilk iste’fo yuz berdi. AQSh va Ukraina uzoq kutilgan nodir metallar bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Eronda Isroil foydasiga josuslik qilgani aytilgan erkak qatl etildi. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, videoda haftaning ba’zi muhim voqealarini eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Trampning «yubileyi»

Bu hafta Tramp AQSh prezidentligiga qaytganiga 100 kun bo‘ldi. Respublikachi bu kichik yubiley munosabati bilan intervyu berdi, o‘zining yutuqlarini sanadi, juda ko‘p maqtandi. Amerikaliklar ham Trampning 100 kunligini sarhisob qilishdi. Ularning aksari Tramp davrini hozircha xavotir bilan qarshilamoqda. Chunki respublikachining qaytishi narx-navo oshishiga, savdo bozorlarida taxmin qilib bo‘lmas holatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.

Trampning 100 kunligi dunyo siyosatida amaldagi muvozanatning qulashi bilan yodda qoldi. 20 yanvargacha AQSh Yevropaning ajralmas, shubhasiz eng asosiy harbiy ittifoqchisi edi. Endi bunday emas, Tramp ochiqchasiga Amerika hech kim uchun turib bermasligini aytdi.

Ichki siyosatda Tramp va Mask mamlakatning boshqa davlatlarga milliardlab dollar yordam ko‘rsatish dasturlarini yopdi, budjet xarajatlarini kamaytirishga kirishdi. Hatto AQShning o‘zidagi ijtimoiy yordam dasturlarini chopish boshlandi. Universitetlar, ommaviy axborot vositalarini moliyalashtirish to‘xtatildi. Xullas, Trampning 100 kunligiga bir so‘z bilan mojaroli deb ta’rif berish mumkin.

Mayk Uols «surgun bo‘ldi»

Tramp Oval kabinetdagi kichik yubileyini nishonlayotgan vaqtda uning ma’muriyatida ilk iste’fo yuz berdi. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uols Signal messenjeri atrofidagi mojaro ortidan ishdan ketdi.

Esingizda bo‘lsa, avvalroq Oq uydagi yuqori martabali mulozimlar, hatto vitse-prezident Vens va mudofaa vaziri Hegset Yamandagi husiychilar pozitsiyalariga zarba berilishini Signal'dagi chatda muhokama qilgan va Uols unga adashib Atlantic jurnali bosh muharririni qo‘shib qo‘ygandi.

Jurnalist chatdagi yozishmalarni tarqatgach, bu ish katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Senatda chatda bo‘lgan mulozimlar so‘roq qilindi, MRB direktori chatda zarbalar vaqti, Amerika samolyotlari qachon zarba pozitsiyasida bo‘lishigacha yozilganini tasdiqladi. Demokratlar bu davlat siri ekani, Tramp ma’muriyati vakillari jazolanishi shartligini aytishdi. Tramp mojaro boshlangan vaqtda o‘z ma’muriyatidagi mulozimlar tarafini olgandi, lekin Uolsning iste’fosiga qaraganda prezident bu mojaroni jiddiy qabul qilgan.

Darvoqe, Tramp Uolsni AQShning BMTdagi elchisi lavozimiga tavsiya qildi. Tramp ikkinchi muddatida BMTga nisbatan juda salbiy pozitsiya tanlagani, AQSh uning qoshidagi tashkilotlardan chiqib ketayotgani inobatga olinsa, Uols BMTga «surgun qilindi» desak, mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.

Isroilda o‘rmon yong‘inlari

Hafta davomida Isroilda kuchli o‘rmon yong‘inlari kuzatildi. Quddus tog‘lari yaqinida boshlangan yong‘in shamol sabab ikki ming gektardan ortiq hududga tarqalgan. Isroil qo‘shni davlatlarni bombardimon qilishni juda yaxshi uddalaydi, lekin yong‘in ofati bilan yolg‘iz kurashishda qiynaladi. Shu sabab Tel-Aviv Italiya, Gretsiya, Kipr kabi davlatlardan yordam so‘ragan. Qizig‘i, Falastin muxtoriyati yong‘inni o‘chirishda Isroilga o‘z yordamini taklif qilgan. Falastinlik o‘t o‘chiruvchilar bungacha ham Isroildagi o‘rmon yong‘inlarini o‘chirishda ishtirok etgan axir.

Tarixiy kelishuv imzolandi

AQSh va Ukraina nihoyat nodir metallar bo‘yicha kelishuv imzoladi. Tramp AQSh Kiyevni qo‘llashda davom etishi uchun bu bitim muhim ekanini aytgandi. Aslida hujjat 28 fevral kuni Oq uyda Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy tomonidan imzolanishi kerak edi. Lekin o‘shanda ikki prezident janjallashib qolib, kelishuv imzolanmay qolgandi.

Ushbu haftada kelishuvni Ukraina iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko va AQSh moliya vaziri Skott Bessent imzoladi. Shu tariqa Amerika Ukrainada qazib olinadigan nodir metallarning bir qismidan foydalanish huquqiga ega bo‘ldi.

Avvaliga bu kelishuvda Ukraina AQShdan 300 milliard dollar qarz ekani belgilanishi, keyinchalik qarz miqdori 100 milliard dollarga tushirilgani aytilgandi. Lekin ma’lum bo‘lishicha, hujjatda Kiyev qarzdorligi haqida so‘z bormagan. Shunchaki Amerikaga Ukrainadagi metallaridan foydalanish uchun eksklyuziv huquq berilgan.

Vashington hali bu kelishuvdan foyda olishni boshlashi qiyin, chunki amerikaliklar nodir metallarni qazib olish, konlarni aniqlash kabi qiyin jarayonlarda qatnashishi kerak. Konlardan ba’zilari Rossiya bosib olgan hududda ekani masalani yanada qiyinlashtiradi.

Bu kelishuv imzolanishi Ukraina diplomatiyasi g‘alabasi deb talqin qilinmoqda. Chunki Kiyev avans sifatida AQShdan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari oladigan bo‘ldi. Bitim imzolanishiga Zelenskiy va Trampning Vatikanda Rim papasi bilan vidolashuv marosimidan keyin yakkama-yakka gaplashib olgani katta turtki bo‘lgan. Zelenskiy «diplomatlarga hurmat saqlagan holda ko‘p narsani aynan o‘sha uchrashuv hal qilganini» aytdi.

Isroil Suriyaga zarba yo‘lladi

Ushbu haftada Isroil Suriya bo‘ylab aviazarbalar yo‘lladi. Isroil qiruvchi samolyotlari Damashqdagi prezident saroyi yaqiniga zarbalar bergan. Netanyahuning aytishicha, zarbalardan maqsad diniy ozchilikni tashkil etuvchi druzlarni himoya qilish bo‘lgan. «Bu druzyalar jamoasiga tahdidga yo‘l qo‘ymasligimiz haqida Suriya rejimiga aniq signal bo‘ldi», degan Isroil bosh vaziri.

Suriya druzlari lideri Hikmat al Hijriy yangi hukumat ularni genotsid qilayotganini aytgan. Bir hafta ichida 100 dan ortiq druzlar o‘ldirilgani aytilmoqda. Qizig‘i, Isroil himoya qilayotgan druzlar asli arablar bo‘lib, xuddi Suriya arablari kabi arab tilida gaplashadi. Faqat ularning diniy qarashlari boshqacha.

Eronda «Isroil agenti» qatl etildi

Eronda Isroil maxsus xizmati Mossad foydasiga josuslik qilishda ayblangan Muhsin Langar-Neshin qatl etildi. Eron rasmiy nashrlariga ko‘ra, barcha huquqiy jarayonlar amalga oshirib bo‘lingach, Langar-Neshin chorshanba kuni tongda osib o‘ldirilgan. Eron tomoni u Inqilob muhofizlari korpusi polkovnigi Hassan Said Xudoiyni o‘ldirish operatsiyasida qatnashganini bildirgan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, 2020 yildan buyon Mossad bilan aloqa qilib kelgan erkak Isroilning Erondagi agentlarini aloqa vositalari bilan ta’minlab kelgan, shuningdek, logistik operatsiyalar bilan shug‘ullangan.

Tarmoqda qatldan oldin Langar-Neshinning onasi o‘g‘li aybsiz ekanini aytgan video tarqaldi. Ayol o‘g‘li uchun duo qilishlarini so‘ragan, shuningdek, uning aybsiz ekanini isbotlovchi hujjatlar olib borganini aytgan.

Tramp g‘alaba kunini «o‘g‘irladi»

1945 yil 9 may kuni Ikkinchi jahon urushi rasman tugagan. Butun dunyo shu kunni fashizm ustidan g‘alaba kuni sifatida bayram qiladi. Ammo Rossiyada bu g‘alaba ruslarga tegishli ekaniga urg‘u berilib, qaysidir ma’noda «boshqalardan qizg‘anib» bayram qilishadi. Vaholanki, birgina O‘zbekistondan urushga 2 million odam ketgan, ulardan kamida 580 mingi qaytib kelmagan.

Hafta davomida Donald Tramp rossiyaliklarga «ular kutmagan joydan zarba yo‘lladi» va bor-yey deb 8 mayni AQShning Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabasi kuni deb e’lon qildi. Tramp Ikkinchi jahon urushini yutish uchun hech kim Amerika kabi harakat qilmaganini aytdi.

«Ikkita urushni ham biz yutganmiz. Kuch-qudratda, mardlikda va harbiy aql-zakovatda hech kim bizga teng kelolmaydi, hatto yaqinlasholmaydi. Lekin biz hech qachon g‘alaba kunini nishonlamaganmiz, chunki bizda buni qanday qilishni biladigan lider bo‘lmagan. Men 8 mayni Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba kuni, 11 noyabrni Britaniyaning jahon urushidagi g‘alaba kuni deb nishonlashni e’lon qilaman. Biz endi g‘alabalarimizni bayram qilamiz», dedi Tramp.

Amerikaliklar chindan urushda juda ko‘p pul sarflagan, unda bevosita qatnashgan bo‘lsa-da, o‘tmishda qolgan urushdagi muvaffaqiyatni hadeb eslayverishmaydi. Tramp bu chiqishi bilan qaysidir ma’noda Rossiyadan g‘alabani «o‘g‘irladi». Urushga aloqador yodgorliklarda ruscha yozuvni hijjalab qidiradigan Sergey Lavrov hozircha Trampning bu chiqishiga munosabat bildirgani yo‘q. Maria Zaxarova ham jim, Dmitriy Medvedev ham Telegram-kanalida hech nima yozmadi. Janoblar, Tramp siz bayram qiladigan g‘alaba Amerikaniki deyapti, nahot unga aytar gapingiz bo‘lmasa?

Rossiyaning Ukrainadagi maqsadlari o‘zgargan

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, Rossiya oxirgi vaqtlarda frontdan ko‘ra Ukrainaning frontorti hududlariga zarbalarni kuchaytirdi, kattaroq shaharni ham ololgani yo‘q. CNN Amerika razvedkasiga tayanib yozishicha, bu harakatlar bejizga emas, Rossiyaning frontdagi maqsadlari o‘zgargan. Ruslar avvalo hozirgacha qo‘lga kiritilgan yerlarda mustahkam qolib, keyin og‘ir ahvoldagi iqtisodiyotini tiklashni xohlaydi. Ya’ni Amerika bilan munosabatlarni yaxshilab, sanksiyalardan qutulish orqali iqtisodini kuchaytirishni. Shuningdek, jang maydonida imkon qadar ko‘proq hududlarni egallash fikridan ham qaytmagan.

Amerikaliklar Rossiya endi uzoq muddatli emas, qisqa muddatli maqsadlar ustida ishlashga o‘tdi deb hisoblaydi. Bu esa katta ehtimol nafas rostlash va harbiy qudratni boyitib olish uchun qilinayotgan bo‘lishi mumkin.

Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan keyingi yakshanbada ko‘rishguncha.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid