Tramp Putinni to‘xtatolmadi, Osiyoda yangi urush xavotiri – hafta dayjesti
Ortda qolayotgan hafta voqealarga boy bo‘ldi. Osiyoda yana bir xavfli mojaro avj olib, Hindiston va Pokiston urush yoqasiga kelib qoldi. Oxirgi kunigacha insoniyatni urushlarni to‘xtatishga chaqirgan Rim papasi Fransiskning janozasi ham urush muhokamasi uchun xizmat qildi. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, hafta davomida dunyomizda sodir bo‘lgan shu va boshqa muhim voqealarni yodga olamiz.

Hindiston va Pokiston mojarosi
Haftaning eng xavotirli voqeasi Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgani bo‘ldi. Barchasi Kashmirda sodir etilgan teraktdan boshlandi. 22 aprel kuni olti jangari Kashmirning Hindistonga qarashli hududida 26 sayyohni otib o‘ldirdi. Dehli bunda Pokistonni ayblab, qo‘shni davlat fuqarolariga berilgan barcha vizalarni bekor qildi. Pokiston ham shunday qildi.
Vaziyat shunchalikka bordiki, Hindiston Pokistonga boradigan daryolarni to‘sib qo‘yish bilan tahdid qilib, 1960 yilda imzolangan suv bo‘yicha kelishuvdan chiqdi. Ikki yadroviy davlat urush yoqasiga kelib qolgani butun dunyoda xavotir uyg‘otdi. Ikki qo‘shni o‘rtasidagi munosabatlar anchadan buyon bunaqa tarang holatga kelmagandi.
Rim papasi vafot etdi
21 aprel kuni Vatikanda argentinalik Xorxe Mario Bergolo yoki shunchaki Rim papasi Fransisk 90 yoshida vafot etdi. Rim katolik cherkovi yepiskopi, ya’ni Rim papasi lavozimiga odatda yevropalik rohiblar saylanadi. Fransiskkacha 1200 yil davomida bu an’ana buzilmagan. VIII asrdagina suriyalik Grigoriy III papa lavozimiga saylangan. Fransisk Argentinaga ko‘chib borgan italyan muhojirlari oilasidan chiqqan rohib edi.
26 aprel kuni Vatikanda papa bilan vidolashuv marosimi o‘tkazildi. Unga butun dunyodan yuqori martabali mehmonlar borishdi. Aynan shu marosim sabab Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni Samarqandga tashrifini bekor qilishga majbur bo‘ldi.
Rim papasi oxirgi yillarda insoniyatni urushlarni, qirg‘inlarni tugatishga chaqirib keldi. Eng oxirgi ommaviy chiqishida ham G‘azodagi urushni tugatishga chaqirgandi. Papaning dafn marosimi ham urush muhokamasi uchun xizmat qildi desak bo‘ladi. Marosimda qatnashgan Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy ikkita stulni to‘g‘rima-to‘g‘ri qo‘yib o‘tirishdi-da, urushni muhokama qilishdi. Bu ularning Oval kabinetdagi janjaldan keyingi ilk uchrashuvi bo‘ldi. Oq uy uchrashuvni samarali deb baholadi.
Rossiyada: qurol omborida portlash va general o‘limi
Hafta davomida Rossiyaning Vladimir oblastida joylashgan o‘q-dori omborida jiddiy portlash sodir bo‘ldi. Rasmiy xabarga ko‘ra, xavfsizlik talablari buzilgani sabab detonatsiya yuzaga kelgan. Bu harbiy bazada katta miqdorda raketa va o‘q-dorilar saqlangan. Keyinroq portlashga Ukraina droni hujumi sabab bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Portlash sodir bo‘lgan hududda Rossiya Mudofaa vazirligiga Bosh raketa-artileriya boshqarmasiga tegishli 51-arsenal joylashgan. Mustaqil nashrlarga ko‘ra, aynan mana shu ombor portlagan. Snaryad parchalari bir necha km.ga sochilib ketgan. Yong‘in bir necha kun davom etib, uni o‘chirishga vertolyotlar jalb qilingan.
25 aprel kuni Moskva yaqinida Balashixa shahrida ko‘p qavatli uy oldida avtomobil portlab ketdi. Rossiya kuchishlatar tuzilmalariga yaqin Telegram-kanallar portlash natijasida Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabining yuqori martabali mulozimi, general-leytenant Yaroslav Moskalik o‘lgani haqida xabar berdi. Keyinroq bu chindan harbiylar yashaydigan hudud ekani ma’lum bo‘ldi. Portlash Ukraina tomonidan amalga oshirilgani taxmin qilinmoqda, lekin hozircha hech qanday rasmiy ma’lumot yo‘q.
«Vladimir, STOP»
Haftaning eng shov-shuvli postini tabiiyki, Donald Tramp yozdi, axir post yozishda unga teng kelib bo‘larmidi. Respublikachi oxirgi vaqtlar Ukrainani tanqid qilib, Rossiyaga xush yoqadigan gaplarni yozayotgandi. Biroq bu gal boshqacha. Tramp Kiyevdagi fuqarolik obektlariga zarbalarda shaxsan Putinni ayblab, uni to‘xtashga undadi. «Kiyev bo‘ylab zarbalardan mamnun emasman. Umuman kerak bo‘lmagan, bemavrid ish. Vladimir, to‘xta», deb yozdi Tramp o‘ziga tegishli Truth ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Shuningdek, Tramp hafta davomida Ukrainaga bosim o‘tkazishni kanda qilmadi. AQSh prezidenti Ukraina hamon nodir metallar bo‘yicha kelishuvni imzolashni paysalga solayotganini aytdi. Kiyev sulh bo‘yicha AQSh taklif qilayotgan shartlarni qabul qilmasa, Vashington oradan chiqishini ham eslatdi.
Putin: «Kursk to‘liq nazoratimizda»
26 aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kursk oblasti to‘laligicha nazoratga olinganini aytdi. Kreml Putin va shtab boshlig‘i Gerasimovning video formatdagi muloqotini e’lon qildi. General Gerasimov Putinga hisobot berib, Kursk to‘laligicha Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tganini aytdi.
Videohisobotda Gerasimov shimoliy koreyalik askarlar Kursk uchun jang qilganini aytib, ularni maqtadi. Shu tariqa Rossiya ilk marta Ukrainaga qarshi urushda Shimoliy Koreya harbiylari qatnashganini rasman tasdiqladi. Bungacha Moskva bu xabarlarni feyk deb kelayotgandi.
Ma’lumot uchun, Ukraina o‘tgan yili 6 avgust kuni Kurskka bostirib kirgan va 1200 km kvadrat maydonni egallab olgandi. Kiyev Kurskdan to‘liq chekingani haqida hozircha bayonot bergani yo‘q.
Turkiyada zilzila
23 aprel kuni Turkiyaning Istanbulga yaqin hududida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Silkinishlar Istanbulda sezilgan. Zilzila epimarkazi Istanbuldan 80 km g‘arbda, 7 km chuqurlikda bo‘lgan. Taxminan yarim soat davomida bir nechta silkinish, keyinroq 51 ta aftershok qayd etilgan. Ulardan eng kuchlisi 5,9 magnitudali bo‘lgan.
Bu Istanbuldagi oxirgi yillarda kuzatilgan eng jiddiy zilzila bo‘ldi. Silkinish kuchi 300 km uzoqdagi Anqara va Bolgariyada ham sezilgan. Zilzila sabab bir nechta tashlandiq binolar qulagan, lekin shahar jiddiy zarar ko‘rmagan.
Ikki yil avval Turkiya va Suriyada sodir bo‘lgan kuchli zilzila 50 mingdan ortiq odam o‘limiga sabab bo‘lgan, butun boshli shaharlar vayronaga aylangandi. O‘sha zilziladan keyin Istanbulda ham zilzila bo‘lishi taxmin qilinadi. Shu bois istanbulliklar bu zilzilani katta xavotir bilan qarshiladi.
Qirol qurollanishga chaqirdi
Niderlandiya qiroli Villem-Aleksanr Limburg tinchlik va xavfsizlikda yashash uchun mamlakatni jiddiyroq qurollantirishga chaqirdi. «Erkinlik va tinchlik doim o‘z-o‘zidan mavjud bo‘lishiga haddan tashqari ishonib yubordik. Ukrainadagi voqealar bunday emasligini ko‘rsatdi», dedi qirol.
Yevropaning eng tinch davlatlaridan biri bo‘lgan Niderlandiya o‘tgan yili mudofaa sohasiga qo‘shimcha 716 million yevro ajratgandi. Endi qirollik qurollanish uchun yana 1,1 milliard yevro sarflashi kutilmoqda.
Yevropaning boshqa davlatlari ham AQSh ittifoqchilikdan voz kechayotgani fonida qurollanishga zo‘r bermoqda. Masalan, Germaniyada harbiy sohaga ko‘proq pul ajratish uchun butun boshli konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritildi. Olmonlar bosh qomusiga «qarz tormozi» degan tushunchani kiritgan. Bu davlat qarzi yalpi ichki mahsulot hajmining 0,35 foizidan oshishini taqiqlaydi. O‘zgartirishda bu cheklov harbiy sohaga taalluqli emasligi belgilab qo‘yildi.
Pasxa sulhi
Hafta boshida Rossiya tomoni Putin e’lon qilgan pasxa sulhi yakunlanib, harbiy harakatlar davom ettirilgani haqida bayonot berdi. Putin 19 aprel kuni nasroniylar diniy bayrami pasxa bayrami munosabati bilan ikki kunlik otashkesim e’lon qilgandi. Keyinchalik Zelenskiy ham agar ruslar otmasa, biz ham otmaymiz, deb sulhni qabul qildi.
Biroq tomonlar bir-biriga o‘t ochmasligini kim nazorat qilishi noma’lum edi. Shu sabab ikki tomon muntazam bir-birini sulhni buzishda aybladi. Xuddi oldinroq kelishilgan energoobektlarga zarba bermaslik oyligida bo‘lgani kabi bu gal ham hech qanday sulh alomati sezilmadi.
Urush mana shunaqa narsa, o‘rtoqlar. Okopda jon berib urushayotgan odam uchun yagona qadriyat tirik qolishdir. Shunday ekan kimdir urushni nazorat qila olaman, men aytganda urush falon soatda tugaydi deb o‘ylagan odam adashadi. Urushni nazorat qilyapman deb o‘ylagan odamning o‘zi aslida urushning nazoratiga tushib qolgan bo‘ladi.
Qrim yana kun tartibida
Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush muhokamasida oxirgi vaqtlarda yana Qrim masalasi kun tartibiga chiqib qoldi. Rossiya 2014 yilda anneksiya qilgan hudud haqida Trampgacha gapirdi. Bejizga emas, Amerika taklif qilayotgan tinchlik kelishuvining shartlaridan biri aynan Ukraina Qrimni Rossiyaniki deb tan olish ekani aytilmoqda. Zelenskiy hech qachon bunday bo‘lmaydi degani amerikaliklarga yoqmaganiga qaraganda Vashington chindan shunday talab qo‘ygan.
Jurnalistlar Trampdan xo‘p, janob prezident, Ukraina siz aytayotgandek o‘z yerlaridan voz kechishi kerak ekan, Rossiya-chi, Putin qanday hududiy yon beradi, deb so‘rashdi. Trampning aytishicha, Putin Ukrainaning qolgan qismini bosib olmaslikka ko‘nishining o‘zi hududiy yon berish kerak ekan. Nima ham derdik, diplomatik daho.
Yo‘lkirani «tuya qilgan» haydovchi
Endi haftaning eng zo‘r xabariga keldik. Yaponiyada 29 yildan beri avtobus boshqarib keladigan haydovchi 2022 yil Kiotoda yo‘lovchilardan biri bergan 1000 yuanlik kupyurani kassaga emas, cho‘ntagiga solgani ma’lum bo‘ldi. Bu holatni aniqlash uchun butun boshli guruh tuzilgan, ular kameradan holatni aniqlashgan. Ma’lumot uchun, 1000 yuan 7 dollar atrofida pul bo‘ladi.
Uzoq yillik tajribaga ega haydovchi uch yil oldin qilgan bu harakati uchun ishdan bo‘shatilgan. Shuningdek, unga mehnat faoliyati davomida ishlab topgan 84 ming dollar atrofidagi nafaqa puli ham berilmaydigan bo‘ldi. Avvaliga erkak o‘ziga berilgan jazo haddan tashqari qattiq deb sudga murojaat qilgan va yutib chiqqan. Lekin Yaponiya Oliy sudi haydovchining xatti-harakati Yaponiya jamoat transporti tizimiga ishonchsizlik uyg‘otishi sabab pensiya pulini bekor qilish bo‘yicha hukmni qayta tiklagan.
Sud bu haydovchi avval ham bir necha marta hayfsan olgani, masalan, avtobusda yo‘lovchi bo‘lgan vaqtda sigaret chekkaniga ham e’tibor qaratgan. Ana shunaqa gaplar dunyoda. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest loyihasi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid

13:09 / 18.05.2025
«Abadiy jangga tayyor» Rossiya, Trampni pulga ko‘mgan arablar – hafta dayjesti

18:19 / 11.05.2025
Ritorikasi o‘zgargan Tramp, Putindan ruxsat ololmagan Qodirov – hafta dayjesti

16:12 / 04.05.2025
G‘alabani «o‘g‘irlagan» Tramp, maqsadi o‘zgargan Rossiya – hafta dayjesti

13:46 / 30.03.2025