“10 marta takrorlab, eslab qolaman” – 205 ta davlat poytaxtlarini yoddan biladigan 8 yoshli Shukrona
Shukrona 5 yoshidayoq dunyo davlatlari va ularning poytaxtlari nomlarini yodlagan. O‘qish va yozishni hali o‘rganishga ulgurmagan qizaloq yangi bilimlarni ko‘z xotirasi orqali eslab qolgan. Hozirda u 205 dan ortiq mamlakat, ularning poytaxti, bayrog‘i, gerbi va pul birligi, shuningdek, tarixiy sanalar, adabiy asarlar hamda ularning mualliflarini yoddan aytib beradi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Shukrona xotirasini qanday mustahkamlayotgani, uning otasi esa qizaloqning qobiliyatini rivojlantirish uchun nimalar qilayotgani haqida gapirib berdi.

Buxoro viloyati Buxoro tumanida tug‘ilgan Shukrona hozirda 1-sinf o‘quvchisi. Otasi – sudya, onasi – shifokor. U 3 yoshidan davlatlar nomi va ularning poytaxtlarini yodlay boshlagan. O‘qishni ham, yozishni ham bilmaydigan qizaloq geografik atamalarni vizual tasavvurlar orqali eslab qolgan. Nomlarning talaffuzini unga onasi o‘rgatgan.
“Qizim telefonga qaram bo‘lib qolishining oldini olish uchun uning qiziqishlarini foydali bilimlarni o‘rganishga yo‘naltirdik. Fikrimcha, bola smartfondagi turli o‘yin nomlarini bilganidan ko‘ra, miyasini geografik atamalar bilan to‘ldirgani afzalroq. Farzandimizda yangi narsalarni tez ilg‘ab olish qobiliyati mavjudligini sezganimdan keyin kuniga bir yarim, ikki soatdan u bilan shug‘ullana boshladik. Kun davomida asosan onasi o‘rgatardi, ishdan qaytgandan so‘ng men ham alohida vaqt ajratib, qizim bilan savol-javob qilardim va shu tariqa o‘rganganlarini mustahkamlar edik”, – deydi Feruz Komiljonov.
Shukrona eshitib yodlash osonroq ekanini ta’kidlaydi. U joy nomlaridan tashqari, davlatlar gerbi, bayrog‘i, pul birligini ham biladi. Shuningdek, tarixiy shaxslar, ularning tug‘ilgan yili, mahalliy va xorijiy adabiyotlar nomi hamda mualliflarini ham yoddan aytib bera oladi.
“Har kuni onam bilan joy nomlari, tarixiy sanalarini yodlash ustida ishlaymiz. Ular yangi atamalarni to‘g‘ri aytishni o‘rgatadi, men esa ichimda 10 martagacha qayta-qayta takrorlab, eslab qolaman. Yetti avlod, sayyoralar, okeanlar, dunyoning yetti mo‘jizasini ham yoddan bilaman. Ayni kunlarda ingliz tilini o‘rganyapman”, – deydi Shukrona.
Qizaloq otasining aytishicha, bolaning o‘qishga qiziqishini oshirish uchun uni rag‘batlantirib turish kerak, kichik sovg‘alar orqali qo‘llab-quvvatlash ishtiyoqni yanada oshirishi mumkin.
“Atrofdagi ayrim tanishlarimiz bolani qiynamaslik kerak, miyasi og‘rib qoladi, deb ba’zan tanbeh berardi. Yapon olim Masaru Ibukaning “Uchdan keyin kech” asarida yozilishicha, bolalar 3 yoshgacha bo‘lgan davrda tashqi dunyoni o‘rganishga intiladi va bu vaqtda ularga berilgan tarbiya keyingi hayotiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu paytda bolalarning miyasi “oppoq qog‘oz”ga o‘xshaydi va bu “qog‘oz”ga qanday yozuvlar tushirilsa, bola shunga mos shakllanadi. Kitobdagi ayni shu kabi fikrlarni o‘qiganimizdan keyin turmush o‘rtog‘im bilan farzandlarimizning vaqtini reja asosida tashkillashtirish va bilim olishga ko‘proq yo‘naltirishga qaror qilgan edik. Shukrona ham boshqa tengdoshlari kabi qo‘g‘irchoq va turli o‘yinchoqlarni ham o‘ynaydi, ammo kunini to‘liq o‘yin bilan o‘tkazmaydi”, – deydi qizaloqning otasi.
Shukrona 1-sinf o‘quvchisi bo‘lishiga qaramay, uning katta maqsadlari bor. Qizaloq shifokor bo‘lish, nufuzli oliygohga o‘z kuchi bilan kirib, sifatli ta’lim olishni hozirdanoq maqsad qilib olgan.
Intervyu davomida Shukrona bilan geografiya, tarix va adabiyotga doir turli savol-javoblar o‘tkazilgan. U “Got talens” xalqaro loyihasidagi ishtiroki, otasi esa bolalarda aqliy qobiliyatni rivojlantirish uchun qaysi metodlardan foydalanish ko‘proq samara berishi haqida gapirib bergan. Ko‘rsatuvni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Diyoraxon Nabijonova subatlashdi.
Operator: Ziyaddin Mammatjonov.
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov.
Mavzuga oid

00:10 / 23.03.2025
Olimlar nima uchun odamlarda erta bolalik xotiralari yo‘qligini tushuntirdi

10:57 / 23.01.2025
Buxoroda 33 yoshli ayol tug‘uruqxonada vafot etdi

20:43 / 27.12.2024
Buxoro viloyatida zilzila sodir bo‘ldi

12:33 / 13.12.2024