Jahon | 18:37 / 02.05.2025
1732
2 daqiqa o‘qiladi

YeI rossiyalik oligarx va kompaniyalarning muzlatilgan 3 milliard yevro mablag‘ini musodara qiladi

Musodara qilingan pullar o‘tgan yili Rossiyada qolib ketgan milliardlab yevro mablag‘larning xuddi shunday musodara qilinishiga duch kelgan G‘arb kompaniyalari va fuqarolar o‘rtasida taqsimlanadi.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi o‘z investorlarining Rossiyadagi yo‘qotishlarini qoplash uchun Rossiya kompaniyalari va jismoniy shaxslarining muzlatilgan qariyb 3 milliard yevro mablag‘ini musodara qiladi, deya xabar berdi Reuters.

Agentlik manbalariga ko‘ra, musodara qilingan pullar o‘tgan yili Rossiyada qolib ketgan milliardlab yevro mablag‘larning xuddi shunday musodara qilinishiga duch kelgan G‘arb kompaniyalari va fuqarolar o‘rtasida taqsimlanadi.

Rossiya Markaziy bankining Yevropada muzlatilgan aktivlari - taxminan 200 milliard yevro - daxlsiz qoladi. Buning o‘rniga Yevropa rasmiylari 2022 yildan keyin sanksiyalar qo‘llanilgan Rossiya kompaniyalari va jismoniy shaxslarining naqd pullari va qimmatli qog‘ozlaridagi 10 milliard yevroning bir qismini ishlatishni rejalashtirmoqda.

Gap Euroclear depozitariysida muzlatilgan aktivlar haqida ketmoqda. Kompaniya joylashgan Belgiya hukumati mart oyida Rossiya mablag‘laridan foydalanishga ruxsat berdi va Euroclear ham bunday to‘lovlarni aprel oyida e’lon qildi. Ularni kim olishi va kimning pullari musodara qilinishi noma’lumligicha qolmoqda, deya ta’kidlaydi agentlik.

Kreml o‘z investorlarining Yevropa Ittifoqidagi muzlatilgan aktivlarini qaytarishni talab qilgan edi: Rossiya sudlari Euroclear'ga qarshi 100 dan ortiq da’volarni qanoatlantirdi. Fevral oyida Rossiya hukumati Qo‘shma Shtatlar va boshqa mamlakatlarning «nodo‘stona xatti-harakatlari»ga javoban xorijiy aktivlarni musodara qilish mexanizmini ishlab chiqdi.

So‘nggi oylarda Moskva Euroclear'ning Rossiya depozitariysida saqlanayotgan 3 milliard yevro mablag‘ini musodara qildi. Yevropada javob tariqasida Rossiya pullarining musodara qilinishi amalda aktivlar almashinuviga teng.

Mavzuga oid