Jahon | 16:55 / 31.05.2025
6100
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Zaporojiye yo‘nalishida hujum boshladi – Sirskiy 

Ukraina Qurolli Kuchlari bosh qo‘mondonining aytishicha, Kursk yo‘nalishidagi operatsiya ham davom etmoqda.

Foto: Telegram / GeneralStaffZSU

Rossiya Zaporojiye yo‘nalishida faol hujum boshladi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlarining may oyidagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda bosh qo‘mondon Aleksandr Sirskiy ma’lum qildi.

«Mudofaa kuchlari dushmanni katta yo‘qotishlarga olib kelgan holda ushlab turishda davom etmoqda. Dushman asosiy kuchlarini Pokrovskiy, Toretskiy, Limanskiy, Novopavlovskiy yo‘nalishlariga, shuningdek, Sumi viloyatining Rossiya bilan chegaradosh hududlariga qaratdi. Zaporojiye yo‘nalishi bo‘yicha hujumlarni sezilarli darajada kuchaytirdi», dedi u.

Bosh qo‘mondon Ukraina Qurolli Kuchlari front ortida dushman va uning mudofaa salohiyatini yo‘q qilayotganini ham aytdi. May oyida DeepStrike vositalari Rossiya hududidagi 58 ta nishonga, harbiy obektlarga zarba berdi, tajovuzkorning harbiy-sanoat kompleksi imkoniyatlariga putur yetkazdi. Maqsadlar orasida portlovchi moddalar va dron ishlab chiqarish obektlari bo‘lgan.

Sirskiyning alohida qo‘shimcha qilishicha, Kursk yo‘nalishidagi operatsiya davom etmoqda.

2025 yilda Rossiya o‘z kuchlarini Ukrainaning sharqi va shimolida jamlab, frontdagi eskalatsiyani kuchaytirmoqda. Kremlning yozgi hujumi Ukraina kuchlarini toliqtirib, mudofaani yorib o‘tish va Kiyev bilan G‘arb hamkorlariga strategik bosim o‘tkazishni maqsad qilgan.

Avvalroq, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning yozgi hujumi maqsadlarini oshkor qildi. Uning ta’kidlashicha, ruslar Sumi yo‘nalishida kuch to‘plamoqda va Ukraina sharqi va janubidagi hujum harakatlariga oid maqsadlarini o‘zgartirmayapti.

Mavzuga oid