Jahon | 18:16 / 30.04.2025
1681
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistondagi mehmonxonada yong‘in yuz berdi. Qurbonlar bor

Kalkuttada joylashgan Rituraj mehmonxonasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida 14 kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘ldi. Yong‘inning kelib chiqish sababi hozircha noma’lum.

Foto: Getty images

Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida joylashgan mehmonxonalardan birida yuzaga kelgan yirik yong‘in oqibatida o‘ndan ortiq odam halok bo‘ldi, deb yozadi BBC.

Qayd etilishicha, 29 aprel kuni kechqurun Kalkutta shahridagi Rituraj mehmonxonasida yong‘in chiqqan. Hodisa oqibatida kamida 14 kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lgan. Shuningdek, yana ikki kishi jiddiy jarohat olgan.

Politsiya yong‘inning kelib chiqish sabablarini aniqlash uchun maxsus tergov guruhini tuzgan.

Ma’lum qilinishicha, mehmonxonada bo‘lgan fuqarolar bino tomiga chiqib olib, telefonlaridagi fonarlar orqali yordam signallarini yo‘llagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda odamlar olovdan qochish uchun o‘z xonalari derazalariga chiqib olganini ko‘rish mumkin.

Indian Express’ga ko‘ra, binoda qolib ketgan odamlarni qutqarish uchun o‘t o‘chiruvchilar gidravlik narvonlardan foydalangan. Politsiyaning qayd etishicha, halok bo‘lganlarning aksariyati mehmonlar bo‘lib, ular o‘z xonalaridan chiqishga ulgurmagan.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi X ijtimoiy tarmog‘iga halok bo‘lganlarning oilalariga kompensatsiya to‘lanishini yozib qoldirdi.

Eslatib o‘tamiz, 21 yanvarga o‘tar kechasi Turkiyaning Bolu viloyatida joylashgan «Kartalkaya» tog‘-chang‘i kurortidagi Grand Kartal mehmonxonasida yong‘in chiqqandi. O‘shanda yong‘in oqibatida jami 78 kishi halok bo‘lgan, yana 51 kishi yaralangan edi.

Mavzuga oid