Hindiston Kashmirda sayyohlarni o‘qqa tutgan terrorchilarning uylarini yer bilan bitta qildi
Rasmiylar buni ochiq tan olmagan bo‘lsa-da, uylarni portlatish jarayoni namoyishkorona bo‘lgan.

Foto: AFP/Getty Images
Hindistonning Kashmir shtati rasmiylari mahalliy aholi vakillaridan kamida 10 kishining uylarini buzib tashladi, ular o‘tgan haftada sayyohlar guruhiga uyushtirilgan va 26 kishi o‘limi bilan yakunlangan hujumda ishtirok etishda gumonlanmoqda. Hujumga aloqadorlikda gumon qilingan 1500 dan ortiq shaxs so‘roq qilish uchun qo‘lga olingan. Hindiston va Pokiston chegarasida vaqti-vaqti bilan otishmalar davom etmoqda.
Gumondorlarning uylarini buzish payshanba kuni (sayyohlar o‘ldirilganidan uch kun o‘tgach) boshlangan, Hindiston xavfsizlik kuchlari buni tez va namoyishkorna amalga oshirish uchun portlovchi moddalardan foydalangan.
Hindiston rasmiylari Kashmir vodiysining turli hududlaridagi uylar portlatilishini rasman Pahalgamdagi hujum bilan bog‘lamayapti, biroq buzilgan uylar mintaqada harakat qilayotgan yoki Pokistonga o‘tib ketgan jangarilarning oilalariga tegishli ekani haqida ma’lumotlar bor.
Shtat hukumati portlatilgan uylardan kamida bittasini to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumda gumon qilinganlar ro‘yxatida ismi ko‘rsatilgan shaxs bilan bog‘lagan.
Kashmir rahbariyati Hindiston rasmiylarining jangarilarga qarshi harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo ularning oilalari yashagani taxmin qilingan uylarni buzishning qonuniyligiga shubha bilan qaraydi.
Jammu va Kashmir shtati bosh vaziri Umar Abdulla hujumda bevosita ishtirok etganlar hech qanday rahm-shafqat ko‘rsatmasdan jazolanishi kerakligi, «ammo bunda begunoh odamlar jabrlanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi»ni ta’kidladi.
Undan avval ushbu lavozimda ishlagan Mehbuba Mufti ham uylar buzilishiga qarshi chiqib, Hindiston rasmiylarini «terrorchilar va tinch aholini farqlash»ga chaqirgan.
Ikki davlatning tan olinmagan chegarasida bir haftadan buyon vaqti-vaqti bilan demarkatsiya chizig‘ining ikki tomonida joylashgan harbiylar tomonidan boshlangan otishmalar tinmayapti.
Hindiston Pokiston hududiga zarba berish-bermasligi masalasi ham faol muhokama qilinmoqda, 2016 va 2019 yillarda jangarilarning keng ko‘lamli hujumlaridan keyin shunday yo‘l tutilgandi.
Hindiston rasmiylari sayyohlarga hujum qilgan jangarilar Pokiston hukumati ko‘magida harakat qilganini ta’kidlamoqda, biroq muayyan bir guruh nomi tilga olinmagan. Islomobodda bu ayblovlar qat’iyan rad etilmoqda.
Hindiston va Pokiston Kashmir hududini 70 yildan ortiq vaqtdan beri talashib keladi va bu hudud uchun ikki marta keng ko‘lamli urush olib borgan. Ammo tinch aholi orasida qurbonlar soni bo‘yicha 20 aprel kuni sayyohlarning otib tashlanishi ushbu mintaqada so‘nggi 20 yil ichida sodir etilgan eng yirik terakt bo‘ldi.
O‘tgan hafta Hindiston rasmiylari Pahalgamdagi hujumdan keyin shtatda keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilgani, natijada xavfsizlik kuchlari 1,5 mingdan ortiq kishini so‘roq qilish uchun hibsga olganini ma’lum qilgandi.
O‘shandan beri hibsga olinganlar soni oshgan, ammo ularning umumiy soniga aniqlik kiritilmagan.
Bu vaqtda Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Osif Hindistonning Pokistonga bostirib kirishi «muqarrar» ekani, Pokiston allaqachon choralar ko‘rayotgani, jumladan, hamkor davlatlarni xabardor qilganini aytib chiqdi.

22 aprel kuni jangarilar Baysaron vodiysida bir guruh sayyohlarga qarata o‘t ochgandi. Natijada Hindistonning 25 fuqarosi va Nepal fuqarosi halok bo‘ldi. Hujum uchun mas’uliyatni Hindiston nazoratidagi Kashmir hududi bilan bahslashuvchi Pokistonning «Lashkar-i-Toyba» guruhiga aloqador bo‘lgan «Qarshilik fronti» o‘z zimmasiga oldi. Guruh Pokistonda ham, Hindistonda ham rasman taqiqlangan, biroq Hindiston rasmiylari Pokiston rahbarlarini ushbu terrorchilarni qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblamoqda.
Voqeadan so‘ng har ikki davlat bir-biriga qarshi qator cheklovlar joriy qildi: xususan, o‘zaro vizalar bekor qilindi va elchixonalaridagi xodimlar soni qisqartirildi. Hindiston, shuningdek, daryodan birgalikda foydalanishni tartibga soluvchi 1960 yildagi «Hind suvlari» shartnomasini ham to‘xtatdi. Pokiston bunga javoban Hindiston aviakompaniyalari uchun havo hududini yopdi.
Mavzuga oid

00:15
Hindistonda Pokiston foydasiga josuslik qilishda gumonlangan 9 kishi ushlandi

19:31 / 18.05.2025
Hindistonda yuz bergan yong‘in oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘ldi

11:50 / 16.05.2025
Hindistonda odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostida qolgan ayol O‘zbekistonga qaytarildi

22:12 / 15.05.2025