Jahon | 23:49 / 29.04.2025
2250
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Rossiya harbiy razvedkasini muntazam ravishda kiberhujumlar uyushtirib kelganlikda aybladi

Gap RF Razvedka bosh boshqarmasiga aloqador APT28 hakerlar guruhi haqida ketmoqda. Ushbu guruh Yevropa va AQShdagi hukumat resurslariga hujumlari bilan tanilgan.

Foto: France24

Fransiya rasmiylari Rossiya harbiy razvedkasini mamlakatga qarshi so‘nggi o‘n yil davomida sodir etilgan kiberhujumlarga aloqadorlikda aybladi. Fransiya TIVga ko‘ra, gap Yevropa va AQShdagi hukumat resurslariga hujumlari bilan tanilgan APT28 (Fancy Bear) nomli guruh haqida ketmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yildan beri Rossiya Razvedka bosh boshqarmasining (GRU) kiberhujumlar bilan shug‘ullanuvchi bo‘linmasi Fransiyadagi o‘nga yaqin, jumladan, «mudofaa, moliya va iqtisodiyot sektorlarga» aloqador tashkilotlarga hujum uyushtirgan. «Fransiya APT28 guruhining Rossiya harbiy razvedkasi tomonidan foydalanilishini keskin qoralaydi, ushbu guruh mamlakatimiz manfaatlariga qarshi bir necha bor kiberhujumlar uyushtirgan», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Mamlakat tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro GRU tomonidan APT28 orqali Fransiyaga nisbatan bir necha yil davomida kiberhujumlar bo‘lganini rasman tasdiqladi — bu Fransiya hukumatining Rossiya harbiy razvedkasini ilk bor rasman ayblashidir.

Shuningdek, TIVdagilarning ta’kdilashicha, «Fransiyada prezidentlik saylovi avjiga chiqqan paytda APT28 keng ko‘lamli hakerlik operatsiyasida ishtirok etgan va jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazishga uringan». «O‘g‘irlangan minglab hujjatlar saylovchilarni chalg‘itish maqsadida tarqatilgan, ammo bu urinish saylov natijalariga real ta’sir ko‘rsatmagan», — deyiladi bayonotda.

GRU, shuningdek, fransuzlar hayotining turli jabhalarini qamrab olgan tashkilotlarga — davlat idoralari, xususiy korxonalar va hatto 2024 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sport tashkilotlariga ham hujum qilgan.

«Fransiya hamkorlari bilan birgalikda Rossiyaning zararli kiberfaoliyatiga qarshi kurashish va zarur bo‘lsa, munosib javob berish uchun barcha mavjud vositalardan foydalanishga qat’iy bel bog‘lagan», — deyiladi TIV xabarida.

Fancy Bear guruhi global miqyosdagi ko‘plab kiberhujumlarda, jumladan, 2016 yilgi AQSh prezidentlik saylovlarida ishtirok etganlikda ayblanadi. O‘shanda bu guruh Demokratik partiyaga oid elektron xatlarni oshkor qilib, Donald Trampga yordam berganlikda gumon qilingan edi. Guruh ko‘pincha shaxsiy elektron pochta akkauntlariga hujum qilib, ulardan ma’lumotlar yoki tizimdagi boshqa kompyuterlardan foydalanish imkoniyatini qo;lga kiritishga harakat qiladi.

2017 yilda Emmanuel Makronning birinchi prezidentlik kampaniyasi chog‘ida rossiyalik hakerlar ovoz berish jarayonlari boshlanishidan 24 soat oldin minglab hujjatlarni qo‘lga kiritgan va e’lon qilgan edi. 2024 yil sentabr oyida esa bir nechta xalqaro razvedka xizmatlari, jumladan, nemis razvedkasi, NATO mamlakatlariga qarshi bo‘lishi mumkin bo‘lgan kiberxavflar haqida ogohlantirgandi.

Mavzuga oid