O‘zbekiston | 15:39 / 29.04.2025
1724
1 daqiqa o‘qiladi

Ekstremizmni moliyalashtirish Jinoyat kodeksiga kiritiladi

Shu bilan birga, pul yuvish jinoyatlari uchun belgilangan jazo qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab qayta taqsimlanadi. Insayder axborotdan foydalanish yoki qimmatli qog‘ozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish bilan bog‘liq holatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.

O‘zbekistonda jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikni xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Bu – 21 aprel kungi prezident farmonida belgilandi.

Qonun loyihasida:

  • jinoiy daromadlarni legallashtirish jinoyati uchun belgilangan jazo choralarini qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosib ravishda qayta taqsimlash;
  • insayder axborotdan foydalanish yoki qimmatli qog‘ozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish bilan bog‘liq holatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilash;
  • ekstremizmni moliyalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritish masalalari nazarda tutiladi.

Qonun loyihasi 2025 yil may oyida tayyor bo‘lishi kerak. Bu vazifa Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga topshirildi.

Avvalroq, 2025 yil 27 martdan e’tiboran, ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik hamda ushbu faoliyatni moliyalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchga kirgandi.

Mavzuga oid