Jahon | 09:01 / 25.04.2025
12339
4 daqiqa o‘qiladi

«Vladimir, to‘xta» – Tramp Kiyevga zarbadan keyin Putinni tanqid qildi

Biz hozirgina AQShning Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha harakatlari haqida video yozib bo‘lgandik. Studiyadan chiqib ijtimoiy tarmoqlarni varaqlashga kirishganimni bilaman, hamma yerda Donald Trampning navbatdagi postiga ko‘zim tushdi. U kuniga o‘nlab postlar yozadi, lekin bu galgisi boshqacha.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Vladimir, STOP»

Tramp Twitter'ning oldingi egalari uni bloklaganidan keyin Truth degan ijtimoiy tarmoq ochib oldi. O‘zi bu tarmoqqa asosan Tramp nima deganini ko‘rish uchun kirishsa kerak. Xullas, ana shu tarmoqdagi sahifasida Tramp Rossiyaning o‘tgan tunda Kiyev bo‘ylab yo‘llagan zarbalarini tanqid qildi. Hatto Putinni ismi bilan atab, uni to‘xtashga chaqirdi.

«Rossiyaning Kiyevga zarbalaridan xursand emasman. Umuman kerak bo‘lmagan, bemavrid ish. Vladimir, TO‘XTA. Har hafta 5 ming askar o‘lyapti. Keling, tinchlik kelishuvi imzolaymiz», deb yozdi Tramp.

Bu noodatiy chiqish bo‘ldi. Chunki Tramp prezidentlikka kelganidan keyin biror marta ochiqchasiga Rossiyani tanqid qilmagan, faqat bir marta juda ehtiyotkorlik bilan Putin urushni boshlaganini aytgandi. Biroq bu gal vaziyat boshqacha. Tramp Putinni dunyo ko‘z o‘ngida ismi bilan atab, to‘xtashga chaqirdi. Trampning postidan kelib chiqadiki, u Kiyevdagi ijtimoiy obektlarga zarba berishni Putin buyurgan deb biladi.

Eng qizig‘i, bir kungina oldin Tramp muzokaralarda yana Rossiyaga og‘ishib gapirgan, Zelenskiy tezroq bir qarorga kelishi kerak deb uni tanqid qilgandi. Hatto Zelenskiy Qrim masalasida gapirib vaziyatni murakkablashtirayotganini aytgandi. Bir qarashda uning barcha gaplari Rossiya manfaatlariga ishlar, hatto ruslarning iltimosi bilan gapirayotgandek edi.

Lekin o‘sha gapdan keyin ruslar Kiyevni navbatdagi marta bombaladi va Tramp endi boshqacha ohangga o‘tdi. Xulosa qilishga shoshmaslik kerak, lekin bu muzokaralarda jiddiy o‘zgarish qilishi mumkin.

Zelenskiy JARda

Bu gaplar bo‘layotgan bir vaqtda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Janubiy Afrika Respublikasiga rasmiy tashrif bilan bordi. Afrikadagi tashrifi davomida Zelenskiy matbuot anjumanida qatnashishga ham ulgurdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Londondagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha yangi tinchlik kelishuvi tasdiqlangan va bu kelishuv hozir Donald Trampning stolida.

Jurnalistlar Zelenskiydan «Trampning toqati toq bo‘layotgani», Oq uydagilar Ukraina prezidenti noto‘g‘ri yo‘nalishda ekanini aytgani haqida ham so‘rashdi. «Bunaqasi ketmaydi. Agar Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, Ukraina bo‘ylab zarbalarni to‘xtatishi kerak. Aslida ukrainlarning toqati toq bo‘ldi, chunki bizga hujum qilishyapti, boshqalarga emas», dedi Zelenskiy.

Biz voqealar rivojini kuzatib boramiz. Trampning «Vladimir, STOP» degan postiga ruslar qanday javob berishi juda qiziq. Biz eng muhim voqealarni sizga yetkazamiz. Kun.uzʼdan uzoqlashmang.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid