Jahon | 01:32 / 23.04.2025
8435
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Ukrainadagi jangovar harakatlarni hozirgi front chizig‘i bo‘ylab to‘xtatishni taklif qildi - FT

Financial Times’ning yozishicha, Rossiya prezidenti bu taklifni Sankt-Peterburgda Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff bilan uchrashuvda bildirgan. Putinning matbuot kotibi Peskov esa buni «feyk» deb atadi.

Foto: Kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi jangovar harakatlarni hozirgi front chizig‘i bo‘ylab to‘xtatishni taklif qildi. Bu haqda Financial Times o‘zining uchta manbasiga tayanib xabar berdi.

Manbalarning aytishicha, Putin aprel oyi boshida Sankt-Peterburgda Donald Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff bilan uchrashuvda Moskva Rossiya tomonidan bosib olingan, ammo hozirda Kiyev nazoratida qolayotgan Ukraina hududlarining ayrim qismlariga da’volardan voz kechishi mumkinligini bildirgan.

Shundan so‘ng, AQSh tomoni mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish variantlarini, xususan, Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish hamda RF tomonidan egallangan to‘rtta oblastning ayrim qismlarida Moskvaning amaldagi nazoratini tan olish kabi takliflarni ilgari sura boshlagan.

Ta’kidlanishicha, bu urush boshlanganidan buyon Putinning jangovar harakatlarni to‘xtatish uchun maksimalistik talablardan voz kechishga tayyorligiga ishora qilgan ilk rasmiy taklifdir.

Biroq ayrim yevropalik rasmiylar buni shubha bilan qarshi olmoqda. Ularning fikricha, Putin bu taklifni Trampni Rossiyaning qolgan talablarini qabul qilishga undashda foydalanishi mumkin. «Hozir Kiyevga ayrim pozitsiyalardan voz kechishi uchun katta bosim o‘tkazilyapti, bularning barchasi Tramp g‘alaba haqida e’lon qilishi uchun amalga oshirilmoqda», — deydi FT manbalaridan biri.

«RIA Novosti» Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan Financial Times’da e’lon qilingan maqola yuzasidan izoh so‘radi. U esa «hozirda ko‘plab feyklar chop etilayotganini» bildirdi. «Hozir feyklar juda ko‘p, jumladan, ularni nufuzli nashrlar ham e’lon qilmoqda, shu bois faqat birlamchi manbalarni eshitish kerak», — deydi u.

23 aprel kuni Londonda AQSh Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilari bilan muzokaralar o‘tkazadi. The Washington Post’ning yozishicha, muzokaralar davomida AQSh Qrimni Rossiyaga tegishli deb tan olish va front chizig‘ini muzlatish to‘g‘risida takliflarni bildiradi. Volodimir Zelenskiy bunga izoh berarkan, Ukraina Qrimning anneksiyasini huquqiy jihatdan tan olmasligini ta’kidladi. «Bu bizning, Ukraina xalqining hududi», dedi u.

Mavzuga oid