O‘zbekiston | 17:23 / 21.04.2025
1115
2 daqiqa o‘qiladi

Timur Rahmonov O‘zbekistonning Estoniyadagi elchisi etib tayinlandi

O‘zbekistonning Latviya, Litva va Finlandiyadagi elchisi Timur Rahmonov endi mamlakatning Estoniyadagi elchisi etib tayinlandi.

Foto: dunyo.info

O‘zbekistonning Estoniyaga yangi tayinlangan elchisi (qarorgohi Riga shahrida joylashgan) Timur Rahmonov 16 aprel kuni ushbu davlat prezidenti Alar Karisga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Rasmiy tadbirdan so‘ng o‘tkazilgan muloqot chog‘ida Estoniya prezidenti O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar rivojlanib borayotganini yuksak baholadi va ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Shuningdek, Estoniya yetakchisi O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi davlatga aylanganini alohida ta’kidladi. Xususan, u O‘zbekiston yetakchisining mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, jumladan, ko‘p yillar davomida mojarolarga sabab bo‘lib kelgan chegara masalalarini ijobiy hal etishdagi katta hissasini alohida urg‘uladi.

Eslatib o‘tamiz, Timur Rahmonov 2024 yil 13 mart kuni O‘zbekiston elchisi sifatida Riga shahriga borgan edi. Ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin u 2021-2024 yillarda mamlakatning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli bo‘lib ishlagan.

Timur Rahmonov 2024 yil 17 iyun kuni O‘zbekiston elchisi sifatida Latviya prezidenti Edgars Rinkevichsga, 2025 yil 11 fevral kuni Litva prezidenti Gitanas Nausedaga, 1 aprel kuni esa Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubbga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

Mavzuga oid